Аvval xabar berganimizdek, ayni paytda Doha shahrida boʼlayotgan “Diniy erkinlikdan diniy masʼuliyat sari: qoʼllab-quvvatlash va harakat hamjamiyatlarini qurish” mavzusidagi xalqaro konferentsiyada Oʼzbekiston delegatsiyasi ishtirok etmoqda.

 Bugun, 10 may kuni Doha shahridagi “Royal Meridian” mehmonxonasida xalqaro konferentsiya oʼz ishini davom ettirdi. Аnjuman doirasida “Din va qonun ustuvorligi” shoʼʼbasi doirasida 11 ta boʼlimlarda 50 ga yaqin olimlar va tadqiqotchilar, huquqshunos va siyosatshunoslar, dinshunos va din yetakchilari, davlat va nodavlat tashkilotlari vakillarining maʼruzalari tashkil qilingan.

Jumladan, Din ishlari boʼyicha qoʼmita raisining birinchi oʼrinbosari D.Maxsudovning “Diniy sohadagi islohotlar: Oʼzbekiston tajribasi” mavzusidagi maʼruzasi va taqdimoti ishtirokchilarga yetkazildi.
Maʼruzada soʼnggi yillarda din sohasida Oʼzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida qonunchilik takomillashtirilgani, yangi ilmiy va taʼlimiy muassasalar ochilgani, barcha din vakillarining emin-erkin eʼtiqod qilishlariga sharoitlar yaratilgani, buyuk allomalar merosini oʼrganish va tadqiq etishga alohida eʼtibor qaratilayotgani va bir qator ezgu saʼy-harakatlar aniq misollar, dalil va raqamlarda taqdim etilgani ishtirokchilarda katta qiziqish uygʼotdi. Oʼz navbatida, bugungi davrda dunyoning turli nuqtalarida diniy va milliy adovatlar davom etayotgan bir paytda Oʼzbekistonda 16 ta diniy konfessiyaning tinch-totuv yashashi koʼplab davlatlar uchun namuna timsoli boʼla olishi alohida taʼkidlandi.

Tadbirda ishtirok etayotgan xalqaro ekspertlar tomonidan Oʼzbekistondagi diniy-maʼrifiy sohadagi, xususan, diniy bagʼrikenglik borasidagi tashabbuslar yuksak eʼtirof etildi.

Oʼzbekiston delegatsiyasining Qatarga safari davom etmoqda.

Din ishlari boʼyicha qoʼmita 
Аxborot xizmati