Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda haj ibodatini tashkil etish toʼgʼrisida reklama va eʼlonlar koʼpaymoqda. Mazkur xabarlarda haj safariga joʼnatishga oid yangiliklar, toʼlovlarni qabul qilish shakli va koʼrsatiladigan xizmatlar toʼgʼrisida asossiz maʼlumotlar taqdim etilmoqda.

Taʼkidlash kerakki, yurtimizda “Haj” va “Umra” tadbirlarini tashkil etish Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 7 iyundagi 364-sonli “Haj” va “Umra” tadbirlarini tashkil etish va oʼtkazishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi qarori asosida amalga oshiriladi.

Mazkur hujjat asosida tuzilgan “Haj” va “Umra” tadbirlarini tashkil etish va oʼtkazish boʼyicha Jamoatchilik Kengashi aʼzolari qatorida ushbu muqaddas ibodatlarni uyushtirish bevosita Din ishlari boʼyicha qoʼmita va Oʼzbekiston musulmonlari idorasi zimmasiga yuklangan.

Mazkur tashkilotlarga Haj va Umra mavsumida ziyoratchilarning sogʼ-salomat va ibodatlarini toʼla-toʼkis bajarib kelishini taʼminlash maqsadida, Saudiya Аrabistonidagi tegishli vazirliklar bilan ziyoratchilarga xizmat koʼrsatuvchi muassasalar, mehmonxonalar, transport va oziq-ovqat korxonalari bilan shartnomalar tuzish vakolati berilgan.

Shu bois, Haj va Umra mavsumlarida diyorimiz ziyoratchilarini kuzatish va kutib olish ishlarini tashkil etish, shu jumladan ziyoratchilarning Saudiya Аrabistoniga borishi, u yerda boʼlishi va u yerdan qaytib kelishlari Din ishlari boʼyicha qoʼmita va Oʼzbekiston musulmonlari idorasi tomonidan amalga oshiriladi.

Qayd etish kerakki, Saudiya Аrabistoni qonunchiligiga koʼra ham, haj safari dunyo davlatlarining vakolatli tashkilotlari bilan mazkur mamlakatning Haj va umra vazirligi oʼrtasida tuzilgan shartnoma asosida amalga oshiriladi. Mazkur kelishuvlar asosida tashkil etilmagan haj ziyoratiga urinish ushbu ulugʼ amalning eng muhim ruknlari boʼlmish – Mino, Аrafot va Muzdalifa vodiylarida ibodat qilish imkoniyatini bermaydi.

Saudiya Аrabistoni hududida haj tartiblarini buzish esa ushbu mamlakat qonunchiligi asosida chora koʼrilishiga olib keladi. Shu bois, haj tadbirini tashkil etish vazifasi sayyohlik firmasi yoki turagentliklar vakolatiga kirmaydi

Mazkurlar tomonidan haj ibodatini tashkil etishga urinish esa amaldagi qonun hujjatlariga ziddir.

Shuningdek, muborak safarlarga noqonuniy yoʼllar bilan borishga intilish Saudiya Аrabistonidan deport qilish va Saudiya Аrabistoniga har qanday viza bilan 10 yil muddatga kirishni taqiqlash hamda 100.000 saudiya riyoli (26.000 АQSh dollari) miqdorida jarima solishga olib kelishi haqida ogohlantiramiz.

Biz ibodatlaringiz mukammal, safaringiz xavfsiz va xotirjam boʼlishi tarafdorimiz. Sizdan turli aldovlarga uchmasdan, hukumat koʼmagida tashkil etilayotgan rasmiy, xavfsiz va ishonchli safarni ado etishni tavsiya etamiz