Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Oʼzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarovni qabul qildi.

Muloqotda diniy-maʼrifiy yoʼnalishlarda, buyuk ajdodlarimiz ilmiy merosini oʼrganish va xalqimizga yetkazish borasida amalga oshirilayotgan ishlar sarhisob qilindi.

Bugungi tahlikali dunyoda xalqimiz, ayniqsa, yoshlarga islom mohiyatini toʼgʼri tushuntirib berish, jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashish har qachongidan dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Shu bois yurtimizda ijtimoiy-maʼnaviy muhit barqarorligini taʼminlash, diniy taʼlim sifatini yanada oshirish, ushbu yoʼnalishdagi ilgʼor xalqaro tajribani oʼrganib, yurtimizdagi diniy taʼlim muassasalari faoliyatiga tatbiq etish boʼyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 21 martdagi qaroriga muvofiq, mamlakatimizda muborak Ramazon oyi fayzli va shukuhli oʼtdi. Insonlarni yaxshilik va mehru saxovatga, bugungi tinch va osoyishta hayotimizni qadrlashga undaydigan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar oʼtkazildi.

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan barcha imom-xatiblar ishtirokida mahallalardagi 1 milliondan ziyod kam taʼminlangan aholining uyida iftorliklar uyushtirildi. “Vaqf” xayriya jamoat fondi hisobidan yordamga muhtoj fuqarolarga 2 milliard 446 million soʼmlik xayru ehsonlar qilindi.

Bu yilgi Ramazon oyidagi yana bir muhim yangilik 1 ming 400 nafar kam taʼminlangan fuqarolarning davlat tomonidan umra ziyoratiga yuborilishi boʼldi. Ular muqaddas manzillarda turib, xalqimizga tinchlik, fayzu baraka tilab xayrli duolar qildilar.

Prezident jamiyatda diniy bagʼrikenglikni yanada mustahkamlash, fuqarolarning vijdon erkinligini kafolatlash boʼyicha oʼz fikrlarini bildirdi.