Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni

Ramazon hayitining birinchi kuni 2023 yilda 21 aprelga toʼgʼri kelishini inobatga olgan holda aholining ushbu bayramni munosib kutib olishi va yuksak saviyada oʼtkazishi uchun qulay shart-sharoit yaratish maqsadida:

1. Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 23 dekabrdagi “2023 yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qoʼshimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini koʼchirish toʼgʼrisida”gi PF–270-son Farmoniga ilovaga muvofiq oʼzgartirishlar kiritilsin.

2. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʼzbekiston Respublikasining Bosh vaziri А.N. Аripov zimmasiga yuklansin.


Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoev


Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 23 dekabrdagi “2023 yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qoʼshimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini koʼchirish toʼgʼrisida”gi PF–270-son Farmoniga kiritilayotgan oʼzgartirishlar


1. 1-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“1. 2023 yilda quyidagi qoʼshimcha dam olish kunlari belgilansin:

barcha xodimlar uchun (ish haftasining turidan qatʼi nazar): 2 yanvarь – dushanba, 24 aprelь – dushanba, 30 iyunь – juma;

olti kunlik ish haftasida ishlaydigan xodimlar uchun: 3 yanvarь – seshanba, 20 mart – dushanba, 22 mart – chorshanba, 22 aprelь – shanba, 1 iyulь – shanba, 2 sentyabrь – shanba, 30 dekabrь – shanba”.

2. 3-bandning beshinchi xatboshisi chiqarib tashlansin.

3. 4-bandning ikkinchi xatboshisidagi “Turizm va madaniy meros vazirligi” soʼzlari “Madaniyat va turizm vazirligi” soʼzlari bilan almashtirilsin.