Mamlakatimizda 30 yoshgacha boʼlgan yoshlar 19 milliondan ortiq yoki aholining 55 foizini tashkil qiladi. Mehnat bozoriga har yili 600 ming yoshlar kirib kelayotgan boʼlsa, kelgusi 10 yilda bu raqam 1 millionga yetadi.

Shu bois yoshlarga sifatli taʼlim berish, kasb-hunarga oʼqitish va bandligini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu ishlarni mahallada tashkil etish boʼyicha vertikal boshqaruv tizimi yaratildi. 9 ming 500 ta mahallaga fidoyi va tashabbuskor yoshlar yetakchilari tayinlandi. Bu tizim orqali yoshlarga 100 dan ortiq imkoniyatlar yaratildi, ularni manzilli qoʼllab-quvvatlash yoʼlga qoʼyildi.

Misol uchun, oʼtgan yilning oʼzida yoshlar tadbirkorligi uchun 4 trillion soʼm kredit berilib, 150 mingta loyiha ishga tushirilgan, 325 mingta ish oʼrni yaratilgan. 43 ming gektar ekin maydoni ajratilib, 435 ming yoshlar bandligi taʼminlangan. 32 mingdan ziyod yoshlarga subsidiya orqali asbob-uskuna, mehnat qurollari va kompьyuter olib berilgan.

Ijtimoiy qoʼllab-quvvatlash boʼyicha ham koʼp ishlar qilinmoqda. Jumladan, oʼtgan yili 130 ming talabaga 1 trillion 700 milliard soʼm taʼlim krediti berildi, xotin-qizlarning magistraturada oʼqishi bepul boʼldi. 53 ming nafar ehtiyojmand talabaga kontrakt pullari, 15 mingdan ziyod yoshlarga harbiy xizmat va 13 ming nafariga chet tillari boʼyicha imtihon xarajatlari toʼlab berildi. 81 ming talabaga uy-joy ijarasi toʼlovi ajratildi. “Yoshlar daftari” orqali 300 ming yoshlarga qariyb 600 milliard soʼmlik yordam koʼrsatildi.

Lekin bu borada dolzarb masalalar hali ham koʼp. Bugungi kunda yurtimizda 722 ming nafar rasman ishsiz yoshlar bor.

Bu sohadagi ishlarni yanada aniq va manzilli tashkil etish maqsadida 14 yoshdan 30 yoshgacha boʼlgan 9 million nafar oʼgʼil-qiz alohida eʼtiborga olindi. Bunda birinchi marta 25 ta vazirlik va idora maʼlumotlari oʼzaro uygʼunlashgan elektron bazaga jamlandi. Barcha yoshlarning ijtimoiy ahvoli, qobiliyati va qiziqishlari oʼrganilib, “mahalladan vazirlikkacha” tizimida ishlash choralari belgilab olingan.

Yigʼilishda, avvalo, ishsiz, norasmiy sektorda band boʼlgan va chet elga ishlagani ketgan yoshlar masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Davlatimiz rahbari bu borada koʼplab yangi tashabbuslarni ilgari surdi.

Xususan, yoshlar bandligini taʼminlash uchun, avvalo, ishga qabul qilish tizimini qayta koʼrib chiqish kerakligi taʼkidlandi.

Misol uchun, hozirda 103 mingdan ortiq tashkilotlarda 254 ming boʼsh ish oʼrni bor. Lekin, oʼtgan yili oliy taʼlimni bitirgan 6 mingdan ortiq, kollej va texnikumni tamomlagan 30 ming nafar yigit-qiz ish topa olmagan.

Shu bois endi har bir vazirlik oʼz tarmogʼidagi kasblarga malaka talabini oʼzi belgilaydi. Shuningdek, vazirliklar oliy va oʼrta maxsus taʼlimga buyurtma beribgina qolmay, ularning oʼquv dasturlarini birga ishlab chiqadi.

Maʼlumki, 2021 yilda 25 yoshgacha boʼlgan yoshlarni ishga olgan korxonalarga ijtimoiy soliqni qaytarib berish amaliyoti joriy qilingan edi. Oʼtgan davrda bundan 9 mingdan ziyod korxona foydalandi hamda 100 ming yoshlar bandligi taʼminlandi. Davlatimiz rahbari bu ijobiy tajriba muddatini yana ikki yilga uzaytirish boʼyicha koʼrsatma berdi.

“Yangi Oʼzbekiston yoshlari tashabbuslari” jamgʼarmasi va elektron platformasi tashkil qilinishi belgilandi. Jamgʼarmaga 100 million dollar yoʼnaltirilib, bu mablagʼlar iqtidorli yoshlarning eng yaxshi gʼoya, startap va loyihalariga qulay va yengil shartlarda, zarur boʼlsa foizsiz ajratiladi.

IT-parklar boʼyicha tajribadan kelib chiqib, hududlarda “Kreativ park”lar ham tashkil etiladi. Ularga IT-park rezidentlariga berilgan imtiyoz va yengilliklar qoʼllanadi.

“Yoshlar daftari” jamgʼarmasi mablagʼlari ham koʼproq kasb oʼrgatishga, bandlikni taʼminlashga xizmat qilishi kerakligi taʼkidlandi. Shu bois endi bu jamgʼarma orqali turdosh xizmatlardan bir vaqtning oʼzida foydalanish imkoniyati yaratilishi belgilandi.

Davlat koʼmagiga muhtoj yoshlar har bir vazir va uning oʼrinbosarlari, viloyat, tuman va shahar hokimlari, sektor rahbarlari, rektorlar, Milliy gvardiya va harbiy qism komandirlariga nomma-nom biriktirildi. Ular oʼz himoyasidagi oʼgʼil-qizlarning kasb-hunar oʼrganishiga, kredit, subsidiya va kafillik olish orqali bandligiga koʼmaklashadi.

Yigʼilishda yoshlarning boʼsh vaqtini mazmunli tashkil etish masalalariga ham toʼxtalib oʼtildi.

Yaqinda 100 mingdan ortiq yoshlar oʼrtasida oʼtkazilgan soʼrovnomada ular mahallasida sport bilan shugʼullanishga sharoit hamda koʼngilochar maskanlar yetishmasligini bildirgan.

Shu bois, birinchi bosqichda viloyat markazlarida, keyinchalik tumanlarda kechayu kunduz ishlaydigan yoshlar sayilgohlari tashkil etish vazifasi qoʼyildi. Ularda sport, kibersport va intellektual oʼyinlar, kitobxonlik, karaoke uchun sharoitlar koʼzda tutiladi. Shuningdek, har bir tumanda “Yoshlar sayli” va ijod koʼchalari, oliy oʼquv yurtlarida sport ligalari, kovorking va teatr studiyalari tashkil qilinadi.

Bugungi kunda 1,5 million yoshlar boʼsh vaqtini chet tili oʼrganishga bagʼishlamoqda. Ularning bu intilishlari ragʼbatlantirilib, xususiy markazlarda til oʼrganish xarajatlariga subsidiyalar ajratiladi.

Maktablarda toʼgaraklarni jihozlash va murabbiylarni qoʼllab-quvvatlash, “Barkamol avlod” bolalar markazlari samaradorligini oshirish boʼyicha topshiriqlar berildi. Yoshlar oʼrtasida “Kasb-hunar olimpiadalari” tashkil qilinishi aytildi.

Bugungi globallashuv davrida yoshlar tarbiyasi va ongiga tahdidlar tobora kuchaymoqda. Maʼrifatparvar bobomiz Аbdulla Аvloniy “Har bir millatning saodati yoshlarning yaxshi tarbiyasiga bogʼliqdir” deya taʼkidlagan.

Lekin maʼnaviy targʼibotning qamrovi va taʼsirchanligi pastligi, yoshlarning qiziqishlari inobatga olinmayotgani koʼrsatib oʼtildi.

Shu bois Maʼnaviyat va maʼrifat markazi faoliyatini takomillashtirish, yoshlarni mafkuraviy tahdidlardan himoya qilib, ularga sogʼlom fikr beradigan manbalarni koʼpaytirish yuzasidan topshiriqlar berildi.

Umuman, bu sohadagi davlat siyosatini samarali tashkil etishga qaratilgan “Yangi Oʼzbekiston yoshlari” dasturini ishlab chiqish, qonunchilikni oʼzgartirish vazifalari belgilandi.

Prezidentimiz yoshlar bilan ishlash barcha rahbarlarning, keng jamoatchilikning, butun jamiyatimizning eng ustuvor vazifasi ekanini taʼkidladi.

Yigʼilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan vazirlar va hokimlarning axboroti eshitildi.