Prezident Shavkat Mirziyoev 13 mart kuni Surxondaryo viloyatiga keldi.

Davlatimiz rahbari avvalo buyuk alloma Hakim at-Termiziy maqbarasini ziyorat qildi.

Аllohdan yurtimizga tinchlik, xayr-baraka tilab duo qilindi.

Ulamolar bilan boʼlgan suhbatda ilm-maʼrifat rivojiga yaratilayotgan sharoitlar va diniy erkinliklar haqida soʼz yuritildi. Keyingi yillarda musulmonlar ibodatlarini emin-erkin ado etishlari uchun barcha sharoitlar muhayyo qilindi: yangi masjidlar, madrasalar qurildi, ilmiy-maʼrifiy majmualar barpo qilingani, har yili minglab yurtdoshlarimiz haj va umra ibodatlarini ado etish baxtiga musharraf boʼlishayotgani taʼkidlandi.

Endigi asosiy vazifa buning ahamiyati va maʼnaviyatini xalqqa yetkazish ekani taʼkidlandi. Eng avvalo imom-xatiblar hududlarga chiqib, Hakim va Imom Termiziylar, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Burhoniddin Margʼiloniy, Аbu Muin Nasafiy va boshqa buyuk allomalarimiz merosini tizimli va chuqur oʼrganishi kerakligi qayd etildi. Buning uchun alohida dastur ishlab chiqish taklifi bildirildi.