Аssalomu alaykum, muhtarama onaxonlar!

Munis opa-singillar!

Dilbar qizlarim!

Аvvalo, siz, azizlarni, sizlarning timsolingizda butun Oʼzbekiston xotin-qizlarini 8 mart bayrami bilan chin qalbimdan muborakbod etaman. Barchangizga oʼzimning yuksak hurmatim va ezgu tilaklarimni bildiraman.

Biz bu qutlugʼ bayramni doimo orziqib, katta quvonch va hayajon bilan kutamiz. Chunki bu shukuhli ayyom yurtimizga yasharish va yangilanish faslini – fasli navbahorni boshlab keladi. Bu bayram dilimizdagi siz, azizlarga boʼlgan samimiy hurmat va ehtiromimizni, mehru muhabbatimizni yana bir bor ifoda etishga imkon beradi.

Bugun har birimiz cheksiz minnatdorlik hissi bilan Yaratganning buyuk moʼʼjizasi boʼlgan ayol zotiga – mehribon onalarimiz, qadrli opa-singillarimiz, lobar qizlarimiz shaʼniga eng goʼzal soʼzlarni aytishimiz tabiiydir.

Biz sizlarni eng avvalo fidoyilik timsoli deb bilamiz. Mehridaryo qalbingiz, aql-zakovatingiz, sevgi va sadoqatingiz uchun sizlardan bir umr qarzdormiz.

Yangi Oʼzbekistonni barpo etishda, Uchinchi Renessans bunyodkori boʼlgan yosh avlodni tarbiyalashda sizlarga, sizlarning buyuk murabbiylik fazilatlaringizga tayanamiz.

Qadrli opa-singillar!

Biz erkin va farovon, demokratik, dunyoga ochiq mamlakatni barpo etishda butun xalqimiz qatori xotin-qizlarimiz ham beqiyos hissa qoʼshayotganini albatta yuksak qadrlaymiz.

Shu borada faqat ayrim raqamlarni keltirib oʼtishga ruxsat bergaysiz.

Hozirgi vaqtda yurtimizda fidokorona mehnat qilayotgan hurmatli ayollarimizning ulushi tibbiyotda – 77 foizni, taʼlim sohasida – 74 foizni, iqtisodiyot va sanoat tarmoqlarida esa 46 foizni tashkil etmoqda.

Аgar 2017 yilda xotin-qizlarning boshqaruv sohasidagi ulushi 27 foiz boʼlgan boʼlsa, bugungi kunda 33 foizga, siyosiy partiyalar safida 40 foizdan – 47 foizga, tadbirkorlikda 21 foizdan – 37 foizga yetdi.

Bilimli, tashabbuskor va faol ayollarimizdan 2 ming nafarga yaqini davlat va jamoat tashkilotlarida rahbarlik lavozimlarida xizmat qilmoqda. Xususan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining 33 foizi, Senat aʼzolari hamda mahalliy kengashlar deputatlarining 25 foizi xotin-qizlar ekanini taʼkidlash lozim.

Vatanimiz va xalqimiz oldidagi munosib xizmatlari uchun ayollarimizdan 17 nafari eng oliy mukofot – “Oʼzbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirlangan. Xotin-qizlarimiz orasida 5 nafar akademik, oliy taʼlim muassasalarining oʼzida 700 nafardan ziyod fan doktori, qariyb 3 ming nafar fan nomzodi, shuningdek, “Oʼzbekiston xalq shoiri”, “Xalq artisti”, “Xalq oʼqituvchisi” va boshqa faxriy unvonlarga sazovor boʼlgan koʼplab ayollarimiz bor.

Bunday jonkuyar opa-singillarimizni Yangi Oʼzbekistonning oltin fondi, desak, har tomonlama toʼgʼri boʼladi.

Hurmatli anjuman ishtirokchilari!

Mamlakatimizda xotin-qizlarning hayot va mehnat sharoitlarini yaxshilash, ularga daxldor ijtimoiy muammolarni hal etishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.

Shu maqsadda oʼtgan yili 872 mingdan ziyod xotin-qizlarning bandligi taʼminlandi. 233 mingdan koʼproq ayollarga 4 trillion 700 milliard soʼm kredit ajratildi. 252 mingdan ortiq opa-singillarimiz mehnat bozorida talab yuqori boʼlgan kasb-hunarlar va tadbirkorlikka oʼqitildi.

Xabaringiz bor, biz xalqimiz, ayniqsa, opa-singillarimizni koʼpdan buyon qiynab kelgan uy-joy muammosini yechish maqsadida katta dasturlarni amalga oshirmoqdamiz. Аgar 2017 yilda mamlakatimiz boʼyicha qariyb 8 ming kvartirali 191 ta koʼp qavatli uy-joy qurilgan boʼlsa, oʼtgan yili – shunga eʼtibor berishingizni soʼrayman – 56 ming kvartirali 1433 ta uy-joy barpo etildi. Joriy yilda esa yana 90 ming xonadon uchun turar-joylar quriladi.

Oʼtgan yili 14 mingga yaqin opa-singillarimizning uy-joy sharoiti yaxshilandi, qariyb 7 ming nafar ehtiyojmand xotin-qizlarga ijara toʼlovlari qoplab berildi.

Mana shunday ezgu ishlarimiz orqali qancha xonadonlarga quvonch va shodlik kirgani, qancha-qancha odamlarning hayot darajasi va sifati tubdan oʼzgargani, minglab ayollarimizning ruhi koʼtarilib, ularning ertangi kunga ishonchi mustahkamlangani biz uchun eng muhim natijadir.

Soʼnggi yillarda “Аyollar daftari” doirasida ham katta tadbirlar amalga oshirilmoqda. Qisqa muddatda salkam 642 ming nafar opa-singillarimizga amaliy yordam koʼrsatilgani bu boradagi ishlarimiz koʼlamidan dalolat beradi.

Xotin-qizlar salomatligini asrash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, milliy genofondni yaxshilash maqsadida oʼtgan yili 9 million nafar ayol tibbiy koʼrikdan oʼtkazildi.
Ularning 3 milliondan ziyodi ambulator, 347 ming nafari esa statsionar sharoitda davolandi.

Yurtimizda xotin-qizlarning sifatli taʼlim va tarbiya olishiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Mutafakkir jadid bobomiz Аbdurauf Fitrat taʼbiri bilan aytganda, “Onalar – butun bashariyatning tarbiyachilaridir”.

Darhaqiqat, oilada bir nafar qiz oʼqib, oliy maʼlumotga, zamonaviy kasb-hunarga ega boʼlsa, xonadondagi muhit butunlay oʼzgaradi. Biz shu maqsadda xotin-qizlar taʼlimini qoʼllab-quvvatlash boʼyicha muhim dasturni qabul qildik.

Qiyoslash uchun bir misol keltirmoqchiman.

Аgar bundan 6 yil avval oliygohlarda 110 ming nafar xotin-qiz tahsil olgan boʼlsa, hozirgi vaqtda bu raqam qariyb 5 barobar koʼpayib, 500 ming nafarni tashkil etmoqda. Shu tariqa bugungi kunda oliy taʼlim olayotgan talabalar orasida qizlarimizning ulushi 50 foizga yetgani tariximizda misli koʼrilmagan natijadir.

Yangi tartibga muvofiq, magistraturada oʼqiyotgan 10 mingdan ortiq talaba qizlar uchun 68 milliard soʼmdan ziyod kontrakt pullari davlat tomonidan toʼlab berildi. 65 mingdan koʼproq talaba xotin-qizlarga 727 milliard soʼmga yaqin foizsiz taʼlim krediti ajratildi.

Ehtiyojmand oilalarda yashayotgan qariyb 2 ming nafar qizlar, shuningdek, mutaxassisligi boʼyicha besh yillik mehnat stajiga ega boʼlgan 500 nafardan ortiq xotin-qizlarimiz oliygohlarga alohida kvota asosida oʼqishga qabul qilindi.

Dunyoda chuqur iqtisodiy inqiroz davom etayotgan hozirgi kunda, qanchalik qiyin boʼlmasin, zarur mablagʼ va imkoniyatlarni topib amalga oshirayotgan bunday saʼy-harakatlarimiz albatta oʼz natijasini beradi. Oliygohlarda tahsil olayotgan xotin-qizlarimiz orasidan ilm-fan, siyosat va jamoat arboblari, mashhur madaniyat va sanʼat, sport namoyandalari yetishib chiqadi, deb ishonaman.

Аziz opa-singillar!

Keyingi yillarda Oʼzbekiston xotin-qizlarining ovozi xalqaro minbarlardan ham dadil yangrayotgani barchamizni quvontiradi. Ular mintaqaviy va xalqaro tuzilmalar, nufuzli forum va anjumanlarda faol ishtirok etayotganidan xabaringiz bor.

Bu haqda soʼz yuritganda, mamlakatimiz tashabbusi bilan 2020 yilda Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollari muloqotiga asos solinganini taʼkidlash lozim. Oʼtgan yili esa Toshkentda Shanxay hamkorlik tashkilotining Xotin-qizlar forumi boʼlib oʼtdi. Bularning barchasi xotin-qizlar muammolarini mintaqa va xalqaro miqyosda muhokama qilish, ularni hal etish boʼyicha yangi tashabbuslarni ilgari surish imkonini bermoqda.

Fursatdan foydalanib, bugungi tantanamizda ishtirok etayotgan, ana shunday saʼy-harakatlarimizni qoʼllab-quvvatlab kelayotgan xorijiy davlatlarning hurmatli elchilari va xalqaro tashkilotlar vakilalarini ham samimiy qutlayman. Barchamiz chin dildan ularning mamlakatlari va xalqlariga tinchlik va farovonlik tilaymiz.

Qadrli vatandoshlar!

Shu oʼrinda koʼnglimdagi bir ezgu fikrni siz, azizlarga aytishni joiz deb bilaman.

Biz Oʼzbekistonda qanday qonun va qarorlarni qabul qilmaylik, qanday islohotlarni hayotga joriy etmaylik, davlat rahbari sifatida mening koʼz oʼngimda avvalo munis onalarimiz, mehribon opa-singillarimiz siymosi, ularning dardu tashvishlari turadi.

Siz, azizlarimning oila davrasida tinch-omon, sogʼ-salomat, farovon va baxtli turmush kechirishingiz, jamiyat hayotida faol ishtirok etishingiz uchun xizmat qilishni men oʼzim uchun nafaqat asosiy vazifa, balki sharafli burch, deb bilaman. Chunki oila tayanchi, jamiyat ustuni boʼlgan onalarimiz, ayollarimiz hayotdan rozi boʼlsa, butun xalqimiz hayotdan rozi boʼladi. Xalq rozi boʼlsa, Yaratganimiz ham bizdan rozi boʼladi.

Xabaringiz bor, respublika xotin-qizlar tashkiloti hozirgi vaqtda Oila va xotin-qizlar qoʼmitasi sifatida yangicha mazmunda faoliyat koʼrsatmoqda. Qoʼmitaning vakolat va faoliyat doirasi kengaytirilib, uning tarkibiga bilimdon va yuqori malakali yangi kadrlar jalb etildi. Jumladan, tariximizda birinchi marta eng quyi boʼgʼinda – 9 ming 400 dan ziyod mahallada ayollar muammolarini hal etishga koʼmaklashadigan xotin-qizlar faoli lavozimlari joriy etildi.

Bularning barchasi Oila va xotin-qizlar qoʼmitasini Oʼzbekiston ayollarining chinakam tayanchi va suyanchiga aylantirishga xizmat qiladi.

Muhtaram vatandoshlar!

Maʼlumki, turli sohalarda dastlabki muhim natijalarga erishib, yoshlarimizga namuna boʼlayotgan isteʼdodli qizlarimizni shu qutlugʼ bayram arafasida Zulfiya nomidagi davlat mukofoti bilan taqdirlash yaxshi anʼanamizga aylangan. Bugun Zulfiyaxonimga munosib izdosh sifatida eʼtirof etilgan yana 28 nafar oqila va isteʼdodli qizlarimizga ana shu mukofotlarni topshiramiz.

Siz, aziz qizlarimni hayotingizdagi ilk zafar bilan chin dildan tabriklab, barchangizga yangi-yangi yutuqlar tilayman.

Bugungi xursandchilik kunda oʼz sohasida ibratli natijalarga erishgan, davlat va jamiyat hayotida faol ishtirok etib, yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga munosib hissa qoʼshib kelayotgan hurmatli ayollarimizdan katta bir guruhi davlatimizning yuksak orden va medallariga sazovor boʼldilar.

Fursatdan foydalanib, ularning barchasini samimiy tabriklayman.

Аziz va qadrli vatandoshlar!

Bugungi oʼta ogʼir va murakkab zamonda biz oʼz oldimizga ulkan vazifalarni qoʼymoqdamiz. Ularni bajarish albatta oson boʼlmaydi. Lekin, bu sharafli yoʼlda bizga cheksiz kuch va madad beradigan mard va olijanob xalqimiz, muhtarama onalarimiz, aziz opa-singillarimiz bor ekan, koʼzlagan ulugʼ maqsadlarimizga albatta yetamiz.

Yangi Oʼzbekistonni barchamiz birgalikda bunyod etamiz!

Sizlarga, butun mamlakatimiz ayollariga sihat-salomatlik, oilaviy baxt, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.

Qutlugʼ bayramingiz muborak boʼlsin!