Shaxs kamolotida tarbiyaning o'rni

Yurtimiz mustaqilikka erishgandan so'ng xalqimiz tinch va osoyishta hayot kechirmoqda. Albatta bu ne'matga qancha shukr qilsak arziydi. Muhtaram prezidentimiz Islom Karimov yoshlar tarbiyasi va ularning salomatligi borasida juda katta ishlar amalga oshirib kelmoqdalar. Bunga dalil sifatida yildan-yilga soni va sifati ortib borayotgan ilm dargohlari va sport inshootlarini keltirishimiz mumkin. Bundan tashqari Yurtboshimiz tashabbuslari bilan mustaqillik yillaridan beri har bir yilga o'ziga xos nom berilib, juda keng ko'lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 2016-yil “Sog'lom ona va bola yili” deb nomlandi. Shu sababli har bir viloyat va tumanlarda sog'lomlashtirish ishlari olib borildi. Bu esa, Yurtimizda farzandlar sog'ligi va ularning komil inson bo'lib yetishishlari uchun barcha hart-sharoitlar yaratib berilganligidan darak beradi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimov Oliy Majlisning sessiyasida qilgan ma'ruzasida hur O'zbekistonda demokratik tuzumni barpo etishda amalga oshirilayotgan ulkan o'zgarishlarni asosiy ishtirokchilari bo'lgan jamiyatimiz a'zolarining ma'naviyatini butunlay yangicha qaror toptirish lozimligini ta'kidlagan edi. Chunki ta'lim tarbiya - ong mahsuli, lekin ayni vaqtda ong darajasi va uning rivojini xam belgilaydigan omildir. Binobarin, ta'lim-tarbiya tizimini o'zgartirmasdan turib ongni o'zgartirib bo'lmaydi. Ongni, tafakkurni o'zgartirmasdan turib esa biz ko'zlagan oliy maqsad ozod va obod jamiyatni barpo etib bo'lmaydi.
Tarbiya — shaxsda muayyan jismoniy, ruhiy, axloqiy, ma'naviy sifatlarni shakllantirishga qaratilgan amaliy pedagogik jarayon; insonning jamiyatda yashashi uchun zarur bo'lgan xususiyatlarga ega bo'lishini ta'minlash yo'lida ko'riladigan chora tadbirlar yig'indisi.Tarbiya insonning insonligini ta'minlaydigan eng qadimiy va abadiy qadriyatdir. Tarbiyasiz alohida odam ham, kishilik jamiyati ham mavjud bo'la olmaydi. Chunki odam va jamiyatning mavjudligini ta'minlaydigan qadriyatlar tarbiya tufayligina bir avloddan boshqasiga o'tadi.
Ma'lumki, so'nggi yillarda globallashuv turli  tuman qarashlar asosida, deyarli barcha ijtimoiy hodisalar bilan bog'liq ravishda talqin etilayotgan muammolardan biriga aylandi.
Hozirgi kunda globallashuv jarayoni yangi-yangi hudud va mintaqalarni, inson faoliyatining barcha sohalarini o'z domiga tortayotganining guvohi bo'lmoqdamiz. Ayniqsa, ba'zi nosog'lom kuchlar, mafkuraviy va ma'naviy sohada o'z g'oya hamda mafkuralarini singdirish, ta'sir doiralarini kengaytirish maqsadida, o'z manfaatlarini ko'zlab, globallashuv jarayonidan kengroq foydalanishga intilmoqdalar.
Biz esa bundan yoshlarizni himoya qilishimiz uchun ularning ma'naviyatlarini  yuksak qilishimiz va kamolotga erishishlari yo'lida barcha sharoitlarni yaratib berishimiz zarur hisoblanadi. Odam bolasiga beriladigan tarbiya, birinchi navbatda, ilmga, fanga asoslanmog'i, ta'limiy jihatdan to'g'ri tashkil etilmog'i lozim. Agar tarbiya pala-partish holda savodsizlarcha tashkil etilsa, tizimli va muntazam ravishda olib borilmasa, bunday «tarbiya» inson kelajagiga, shaxsning shakllanishiga faqat zarar keltiradi. Mana shu qoidalarga amal qilingandagina ta'lim-tarbiya o'zining pirovard maqsadiga erishishi - komil insonni voyaga yetkazishi mumkin.
Payg'ambarimiz Muhammad (a.s.) komil inson sifatlariga shunday ta'rif  berganlar: “Komil musulmon shunday kishiki, boshqa musulmonlar uning tili va qo'lidan salomat bo'ladilar”.     
Islom dinida mukammal komil inson deya biz Muhammad (a.s.) olishimiz mumkin. U zot Alloh taolo tomonidan insoniyatga rahmat qilib yuborilgandirlar. Ular barcha insoniy fazilatlar ziyodasi bilan jamlangan yuksak axloq sohibi bo'lganlar. Ularning yuksak axloq sohibi ekanliklarini Alloh taolo ta'kidlab:
“Va albatta, sen ulkan xulqdasan ”(Qalam,4)
deya marhamat qiladi. .Rasululloh (a.s.)ning o'zlari ham:
“Men kishilarning axloqlarini mukammal qilish uchun yuborildim” deya marhamat qilganlar. Va juda ko'p bor farzand tarbiyasi va uning ilm olishiga e'tibor qaratib,  bizga o'zlarining muborak hadisi shariflarini qoldirganlar.
Xulosa qilib aytadigan bo'lsak, har bir farzand tarbiyasida doimo pokizalikka va axloqqa e'tibor qaratish lozim. Albatta farzandlarimiz kelajagiga e`tiborli bo`lish, ularning kamoloti yo`lida xech narsani ayamaslik darkor.
 Zero, Prezidentimiz I.Karimov:
“Farzandga mehr qo'yish,ularning qornini to'q, ustini but qilish o'z yo'li bilan, lekin bolalarning yoshlik chog'idan boshlab milliy tarbiya, axloq-odob, yuksak ma'naviyat asosida voyaga yetkazish biz uchun doimo dolzarb ahamiyat kasb etadi” deya  ta'kidlab o'tganlar.                      

I.Zuhriddinov,
Andijon viloyati, Izboskan tumani
“Ahmadali xoji” masjidi imom noibi