O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 
huzuridagi Din ishlari bo’yicha qo’mita

    O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo’yicha qo’mita O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 1992 yil 7 mart kunidagi "O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo’yicha qo’mitani tashkil etish to’g`risida"gi Farmoniga muvofiq tashkil etilgan bo’lib, har bir shaxsning vijdon va diniy e’tiqod erkinligi huquqi, fuqarolarning dinga bo’lgan munosabatidan qat’iy nazar tengligini ta’minlash, shuningdek, diniy tashkilotlar faoliyati bilan bog`liq munosabatlarni tartibga solish sohasidagi vazifalarni hal etish vakolati berilgan davlat boshqaruvi organi hisoblanadi.

Din ishlari bo’yicha qo’mita o’z faoliyatida O’zbekiston Respublikasi Konstitustiyasiga va qonunlariga, O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining qarorlari va boshqa hujjatlariga, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, shuningdek, o’z Nizomiga amal qiladi.

Din ishlari bo’yicha qo’mita o’z faoliyatini davlat boshqaruvining boshqa organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, jamoat birlashmalari va boshqa tashkilotlar bilan o’zaro hamkorlikda amalga oshiradi. Quyidagilar Din ishlari bo’yicha qo’mitaning asosiy vazifalari hisoblanadi: 
- mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan birgalikda vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to’g`risidagi qonun hujjatlariga muvofiq diniy masalalarni hal qilishda yagona siyosatni amalga oshirish; 
- davlat organlarining respublika hududida joylashgan diniy tashkilotlar bilan o’zaro aloqasi va hamkorligini ta’minlash;
- davlat siyosatida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ro’yxatdan o’tkazilgan diniy tashkilotlar manfaatlarini aks ettirish. 

Din ishlari bo’yicha qo’mita unga yuklangan vazifalarni bajarish uchun quyidagi funkstiyalarni amalga oshiradi: 
- davlat organlarining diniy tashkilotlar bilan o’zaro munosabatlarini muvofiqlashtiradi hamda vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to’g`risidagi qonun hujjatlarining ijrosi ustidan nazoratni amalga oshiradi; 
- diniy tashkilotlar, shuningdek xorijiy diniy tashkilotlar bilan o’zaro munosabatlarga doir diniy masalalar bo’yicha ishlarni olib boradi; 
- diniy tashkilotlar iltimosiga ko’ra ularning davlat organlari bilan o’zaro aloqalariga ko’maklashadi va hal etilishi talab qilinadigan masalalar bo’yicha zarur yordam ko’rsatadi; 
- diniy tashkilotlar va ularning a’zolari o’rtasida o’zaro bir-birini tushunishni va sabr-toqatlilikni mustahkamlash siyosatini o’tkazadi, ushbu borada tashkilotchilik ishlarini amalga oshiradi; 
- O’zbekiston Respublikasi Hukumatining topshirig`iga ko’ra vijdon erkinligiga va diniy tashkilotlar faoliyatiga taalluqli normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda qatnashadi; 
- diniy ta’lim muassasalari faoliyati belgilangan tartibda listenziyalanishi, listenziatlar tomonidan listenziya talablari va shartlariga rioya etilishi ustidan nazoratni tashkil qiladi, listenziyalar reestrini yuritadi; 
- respublika doirasida va chet ellarda diniy tashkilotlar o’rtasida aloqalar o’rnatilishini tashkil qiladi; 
- O’zbekiston Respublikasi fuqarolarining mamlakat tashqarisidagi muqaddas joylarga borishini, shu jumladan Haj va Umra ziyoratini amalga oshirishini, fuqarolarni diniy o’quv yurtlarida ta’lim olish, malaka oshirish va tajriba almashish uchun chet ellarga yuborishni, xorijiy fuqarolarni o’qishga qabul qilishni, xalqaro anjumanlar o’tkazilishini tashkil qiladi; 
- diniy tashkilotlar va O’zbekiston Respublikasida diniy adabiyotlar nashr qiluvchi nashriyotlar to’g`risidagi axborotlarni yig`ishni ta’minlaydi; 
- respublikada chiqariladigan yoki chet ellardan keltiriladigan diniy tusdagi mahsulotlarni (matbuot va elektron nashrlarni, audio, video kassetalarni, CD, DVD va boshqa disklarni) ekspertizadan o’tkazadi va mazkur faoliyatni muvofiqlashtiradi.

Din ishlari bo’yicha qo’mita o’ziga yuklangan vazifalar va funkstiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega: 
- vazirliklar, davlat qo’mitalari, idoralardan, shuningdek mahalliy davlat hokimiyati organlaridan "Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to’g`risida"gi Qonunning hamda dinga taalluqli boshqa qonun hujjatlarining ijrosi masalalariga doir ma’lumotlar va materiallarini so’rash va olish;
- o’z vakolatlari doirasida diniy tashkilotlarning, shu jumladan diniy o’quv yurtlarining faoliyatini, ularning o’quv jarayoni va dasturlarini, o’quv-tarbiyaviy ishlarini, fanlar bo’yicha o’quv rejalarini, diniy mavzudagi ilmiy-tadqiqot ishlarini muvofiqlashtirish, ularga ushbu faoliyatni amalga oshirishda tashkiliy, huquqiy, metodik yordam ko’rsatish; 
- diniy tashkilotlar rahbarlaridan zarur axborotlarni belgilangan tartibda talab qilish, shuningdek ular tomonidan o’tkaziladigan ularning o’z faoliyati bilan bog`liq tadbirlarda qatnashish. 

Din ishlari bo’yicha qo’mita Respublikada joylashgan diniy tashkilotlar bilan mustahkam o’zaro hamkorlik qilish, turli diniy konfessiyalar faoliyatida yordam ko’rsatish, jamiyatda dinlararo va millatlararo tinchlik va totuvlikni ta’minlash yuzasidan takliflar va chora-tadbirlar ishlab chiqadi.

O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 
huzuridagi Din ishlari bo’yicha qo’mita faoliyati

    Konfessiyalararo muloqot madaniyatini rivojlantirish uchun Din ishlari bo’yicha qo’mita huzurida Konfessiyalar ishlari jamoatchilik kengashi tashkil etilgan bo’lib, uning tarkibiga respublikadagi ko’p sonli diniy konfessiyalar etakchilari kirgan. Respublika hududida istiqomat qilayotgan va 16 xil konfessiyalarga mansub bo’lgan 130 dan ortiq millat va elatlarning mavjudligi davlat va hukumatning diniy sohaga bo’lgan e’tiborini yanada oshiradi. Mustaqil O’zbekiston Respublikasining qonunchiligi xalqaro huquq normalari shartlariga to’liq javob bera oladigan huquqiy poydevor yaratgan. O’zbekistonda, Respublika Konstitustiyasida qayd etilganidek, fuqarolarning vijdon va e’tiqod erkinliklari masalalariga alohida ahamiyat qaratilib kelinmoqda hamda ularga diniy ta’lim olish, xayriya ishlarini olib borish, ziyoratlar tashkil etish, turli konfessiyalar orasida muloqot o’tnatishda teng huquqlar berilgan. Mustaqillik yillarida 60 mingdan ziyod O’zbekiston Respublikasi fuqarolari Saudiya Arabistoniga Haj marosimiga va 1000 dan ortiq fuqarolar xristian va yahudiylar uchun muqaddas bo’lgan Rossiya, Grestiya va Isroildagi maskanlarni ziyorat qilishga muvaffaq bo’ldilar. Davlat tomonidan ziyoratchilarga har tomonlama yordam ko’rsatilmoqda - maxsus samolyotlar ajratilmoqda, ularga tibbiy yordam ko’rsatilmoqda, xorijiy valyutani almashtirishda, hamda respublikadan chiqish va mamlakatga kirish vizalarini rasmiylashtirishda imtiyozlar berilmoqda. Respublikada Qur’oni karim, Qadimgi Ahdning 16 kitobi va Yangi Ahd to’liqligicha o’zbek tiliga tarjima qilinib, nashr etildi. Yuzlab masjid, cherkov va ibodatxonalar, shu jumladan, Toshkent, Samarqand va Navoiydagi pravoslav ibodatxonalari, Toshkentdagi katolik kostyoli, Samarqanddagi Arman cherkovi qurildi va ta’mirlandi. Bugungi kunda O’zbekiston Respublikasida O’zbekiston musulmonlari idorasi, Qoraqalpog`iston musulmonlari qoziyoti, Toshkent Islom instituti, 9 madrasa va 2038 masjid faoliyat olib bormoqda. O’zbekiston musulmonlari idorasi islomiy tashkilotlarning markaziy boshqaruv organi bo’lib, musulmonlarni ma’naviy birlashtirish, Respublika fuqarolariga ma’naviy ko’mak va xayriya ishlarini tashkil etish bilan shug`ullanadi. O’zbekiston musulmonlari idorasi fuqarolarga diniy ahkomlarni emin-erkin amalga oshirishlari, musulmonlar birligi va yakdilligining kuchaytirilishi, Respublikada konfessiyalararo munosabatlarning ishlab chiqilishi va olib borilishi yuzasidan faoliyat olib boradi. Respublikadagi diniy tashkilotlarning ehtiyojlarini qondirish maqsadida O’zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufida Toshkent Islom instituti va o’rta maxsus islom bilim yurtlari - madarasalar ochilgan. O’zbekiston musulmonlari idorasi oyda ikki marta chiqadigan "Islom nuri" gazetasi va oylik "Hidoyat" jurnallarini chop etadi, idora huzurida mustaqil "Movarounnahr" nashriyoti faoliyat olib boradi. O’zbekiston Respublikasi hududida, shuningdek, 16 konfessiyaga taalluqli bo’lgan 158 ta noislomiy diniy tashkilotlar, shu jumladan, pravoslav, katolik, lyuteran, baptist, to’liq injilchi, adventist va boshqa xristian cherkovlari, buxoro va evropa yahudiylari, bahoiylar, krishnachilar va buddaviylar jamoalari ham faoliyat olib bormoqda. Respublika Hukumatining barcha xalqaro huquq normalariga javob beradigan O’zbekiston Respublikasi qonunchiligi asosida olib borayotgan siyosati natijasida Respublika hududida osoyishtalik, dinlararo va millatlararo birlik hamda fuqarolar vijdon va e’tiqod erkinligi haq-huquqlarining kafolatlatnishi ta’minlangan. Masjidlar, cherkovlar va ibodat uylarining qurilishi, ularning davlat ro’yxatiga olinishi mahalliy hokimiyatlar, o’z-o’zini boshqarish organlari va adliya idoralari tomonidan amalga oshiriladi. Davlat ro’yxatidan o’tkazish jarayonida diniy tashkilotlar Nizomlarining amaldagi qonunchilikka to’g`ri kelishligi, diniy ibodatlar uchun mo’ljallangan bino va imoratlarning sanitar va yong`in xavfsizligi shartlariga alohida ahamiyat qaratiladi.