Joriy yilning 11 may kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasida “Ramazon oyini yuqori saviyada o‘tkazish munosabati bilan amalga oshiriladigan tadbirlar yuzasidan” matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Unda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimlari, ulamolar, imom-xatiblar, mudarrislar va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Tadbir Qur’oni karim tilovati bilan boshlandi. O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Shayx Abdulaziz Mansur masjid-madrasalarda Ramazon oyiga katta tayyorgarlik ishlari olib borilayotgani, xatmi-Qur’on tadbirlarini fayzli o‘tkazish va mo‘min-musulmonlarga qulay shart-sharoitlar tashkil etish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirilganini ta’kidladi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari Nuriymon Abulhasan yurtimizdagi Ramazon shukuhini ommaviy axborot vositalarida keng yoritish, imom-domlalarni yana faol bo‘lishlari, muborak oyda o‘tkaziladigan tadbirlarni tartibli, ixcham tarzda o‘tkazish borasidagi muhim ma’lumotlarni ta’kidlab o‘tdi.

Shuningdek, Ramazon oyini xayrli va barokatli o‘tkazish uchun hukumatimiz tomonidan qator ishlar amalga oshirilmoqda. So‘ngi yillarda diniy sohada amalga oshirilayotgan islohatlar, erishilayotgan yutuqlar, xayrli ishlar qatorida Ramazon oyini bayramona kayfiyatda o‘tkazishga qaratilgan ishlarni alohida qayd etish lozim. Jumladan,  O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ramazon oyi va hayit bayramlarini yuqori saviyada o‘tkazish munosabati bilan amalga oshiriladigan tadbirlar rejasini belgilab oldi.

Kelishuv rejasiga muvofiq Respublikada faoliyat yuritayotgan barcha masjidlarda keng qamrovli obodonlashtirish ishlarini tashkil etish, elektr jihozlari, ovoz kuchaytirgichlarni uzluksiz soz holatda ishlashini ta’minlash, shuningdek, Ommaviy axborot vositalarida Ramazon oyiga bag‘ishlangan maxsus ko‘rsatuv va eshittirishlarni efirga uzatish kabi qator vazifa va tadbirlarni amalga oshirish belgilangan.

Yig‘ilishda Ramazon oyini yanada fayzli o‘tkazish yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi va ommaviy axborot vositalari tomonidan berilgan savollarga batafsil javoblar berildi.

Axborot xizmati