Namangan viloyatiga tashriflari davom etayotgan muftiy Usmonxon Alimov hazratlari va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Jasurbek Akramov boshchiligidagi guruh joylarda aholi bilan birma-bir suhbat qilish, namozxonlar bilan samimiy muloqot o‘tkazish ishlarini jadal olib borishmoqda.
Bugun mutasaddilar Namangan viloyati bosh imom-xatibi Abdulhay Tursunov hamrohligida Uchqo‘rg‘on tumaniga tashrif buyurib, “Sohil” nomli maskanda xorijga mehnat safariga ketgan fuqarolarning ota-onalari va yaqinlari ishtirokida bir piyola choy ustida dildan suhbat o‘tkazdilar.
Muloqotda muftiy hazratlari mo‘min-musulmonlarning dardu tashvishlarini yengillatish, orzu-umidlarini ro‘yobga chiqarish bugungi kunda davlatimiz Rahbari tomonidan asosiy maqsad qilib qo‘yilayotganini alohida ta’kidladilar. Bugungi dono siyosat uzra uni keng targ‘ib etish, dinimiz va vatanimizni himoya qilishda barcha ishtirokchi bo‘lishi ham farz, ham qarz ekanini ta’kidladilar. Qur’oni karim, hadisi sharif va ulug‘lar hikmati bilan mazkur fikr-mulohazalarini quvvatladilar. Shuningdek, mana shunday shart-sharoitlardan keyin ham adashish, noto‘g‘ri yo‘lga qadam qo‘yish o‘ta noshukrlik ekanini izohladilar.

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Jasurbek Akramov muhtaram Prezidentimizning Namangan viloyatiga tashriflari chog‘ida muhim masalalar bilan bir qatorda diniy-ma’rifiy sohada ham juda katta o‘zgarishlar belgilangani, hududdagi mo‘min-musulmonlarning diniy-ma’rifiy bilimlarini oshirish borasida dolzarb vazifalar topshirilganini alohida qayd etib o‘tdi. Hozirgi kunda yovuz kuchlarga aldanib, o‘zga yurtlarda yurgan yurtdoshlarimiz chin dildan qilmishlariga pushaymon bo‘lib, yurtga qaytsalar muhtaram Prezidentimiz, albatta, ularni kechirishlarini aytib berdi.
Namangan viloyati bosh imom-xatibi Abdulhay Tursunov diyorimizdagi barcha mo‘min-musulmonlar bir mazhabga ergashib, jips bo‘lib yashashlari va Yaratganning buyruqlariga itoat etib, mana shunday ne’matlarga munosib shukronalik keltirishlari lozimligini aytib o‘tdi. Milliy, diniy va irqiy nizolar sabab dunyo sahnasida bo‘layotgan notinchliklardan misollar keltirib, bu holatlardan o‘zimizga xulosa chiqarib, musaffo Islom dinimizni asrab avaylash zarurligini ta’kidlab o‘tdi.
Haqiqatda inson xatodan xoli emasligi, xatosini anglab to‘g‘ri yo‘lga qaytgan fuqarolarimizga nisbatan hukumatimiz kechirimli bo‘layotgani eng oliyjanob ish sifatida baholandi. 
Davra suhbatida Fozilov Holmuhammad, Tursunov Ibrohim, Solibayeva Adiba, Xojimirzayeva Muqaddas, Umrzaqova Hanifa, Jalilov G‘iyosiddin, Yunusov Siddiqjon, Qodirova Dildoraxon so‘zga chiqib, ko‘rsatilayotgan bunday e’tibor uchun muhtaram Prezidentimizga chin yurakdan tashakkur bildirib, u kishining yuksak tashabbuslari natijasida mana shunday yorug‘ kunlarda hayot kechirayotganlarini bildirdilar. 

Ular bugungi uchrashuvdan xulosa chiqarib, o‘zga yurtlarda musofir bo‘lib yurgan yaqinlarini, albatta, jonajon vatanimizga qaytarishga va’da qilib, kelajakda yurtimiz ravnaqi yo‘lida munosib xizmat qilishlarga tayyor ekanlarini ma’lum qildilar.

Matbuot xizmati