Joriy yilning 3 may kuni Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Jasurbek Akramov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov Namangan shahridagi “Hidoya” o‘rta maxsus islom bilim yurtiga tashrif buyurib, o‘quv yurti faoliyati, ta’lim-tarbiya jarayoni va olib borilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari bilan yaqindan tanishdilar. Shuningdek, ustoz-murabbiylar va talaba-yoshlar bilan samimiy muloqot o‘tkazildi.

Muloqotda muftiy hazratlari muhtaram Prezidentimiz rahnamoliklarida juda katta islohotlar, ulkan o‘zgarishlar va xayrli ishlar bo‘layotganini alohida ta’kidlab, shu yil 16 aprel kuni davlatimiz Rahbarining “Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi tarixiy Farmoni barcha mo‘min-musulmonlar ko‘nglini tog‘dek ko‘targani, ayniqsa, imom-domlalar, mudarrislar va ilmiy tadqiqotchilarga berilgan imkoniyatlar juda ham manzur bo‘lganini batafsil so‘zlab berdilar. Muftiy hazratlari mazkur Farmon yoshlarning ilm-ma’rifatga bo‘lgan ishtiyoqlarini qondirish, ularning ilmiy izlanishlar olib borish yo‘lidagi orzu-umidlarini ro‘yobga chiqarishda juda ham katta qadam ekanini izohladilar. Ayniqsa, Farmon asosida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining tashkil etilishi ilmiy-tadqiqot ishlarini tizimli davom ettirishga munosib sharoit ekanini bayon qildilar. Uchrashuvda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Jasurbek Akramov va Namangan viloyati bosh imom-xatibi Abdulhay Tursunov mamlakatimizda din sohasida olib borilayotgan ishlar haqida gapirib, ushbu Farmonning mazmun-mohiyati to‘g‘risida ham muhim ma’lumotlarni aytib o‘tishdi.

So‘zga chiqqan notiqlar mana shunday muhayyo qilinayotgan shart-sharoitlar va qulayliklarga javoban talaba-yoshlar ilm-ma’rifat egallash yo‘lida tinimsiz g‘ayrat qilishlari, jiddu-jahd ko‘rsatishlari va barchamiz orzu qilgandek, Imom Buxoriy, Imom Termiziy kabi allomalarga munosib avlod bo‘lishlarini ta’kidlashdi.

Axborot xizmati