O‘zbekiston mustaqillikka erishgan ilk yillardan diniy sohaga o‘zbek xalqining milliy ma’naviyatining ajralmas qismi sifatida alohida e’tibor qaratildi. Dinning huquqiy davlat, fuqarolik jamiyatida tutadigan o‘rni va mavqei aniq belgilanib, bu sohada mustahkam qonunchilik yaratildi.
Bugungi kunda fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash, milliy-qadriyatlarini saqlash va rivojlantirish orqali o‘zligini namoyon etishga barcha huquq va imkoniyatlar to‘la ta’minlangan.
Xalqimiz tomonidan istiqlolning dastlabki yillaridan vijdon erkinligini ta’minlash, diniy va milliy qadriyatlarimizning qayta tiklash va rivojlantirish borasida davlatimizning olib borayotgan siyosatiga katta ishonch bildirilayotgani bugungi kunda ushbu yo‘nalishdagi xayrli ishlarning tobora izchillik bilan rivojlanishi timsolida yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
Joriy yilning 15 avgust kuni O‘zbekiston Milliy matbuot markazida respublikamizda ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarga bag‘ishlangan “Mustaqillik yillarida vijdon va e’tiqod erkinligi sohasida erishilgan yutuqlar” mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi. 
Anjumanda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Toshkent islom universiteti, O‘zbekistondagi Islom madaniyati markazi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, diniy konfessiya rahbarlari, OAV va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar. 
Tadbirda so‘zga chiqqanlar mustaqillik yillarida O‘zbekistonda vijdon erkinligini ta’minlash va fuqarolarning e’tiqodiy ehtiyojlarini to‘la-to‘kis qondirish borasida olib borilayotgan siyosatning mohiyat-mazmuni va huquqiy asoslari, so‘nggi yillarda diniy ta’lim tizimini rivojlantirish, muqaddas haj amallari va umra ziyoratlarini tashkil etishni yanada takomillashtirish, boy merosimizni ilmiy asosda har tomonlama chuqur o‘rganish, yurtimizda yetishib chiqqan buyuk alloma va mutafakkirlarning ilmiy-ijodiy foliyati bilan keng jamoatchilikni tanishtirish, xalqaro miqyosda dinlararo va sivilizatsiyalararo muloqotni yo‘lga qo‘yish borasida olib borilayotgan sermahsul ishlar haqida batafsil ma’lumot berdilar.
O‘zbekistonda diniy sohada olib borilayotgan siyosat BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1948 yilda qabul qilingan “Inson huquqlari umumjahon Deklaratsiyasi” moddalarida belgilangan tamoyillarga hamohang bo‘lib, davlatimiz vijdon erkinligini ta’minlash borasida o‘z zimmasiga olgan barcha xalqaro shartnomalarni to‘la-to‘kis bajarib kelmoqda.
Istiqlol tufayli jannatmakon mamlakatimizda mavjud diniy konfessiyalar ravnaqi yo‘lida keng imkoniyatlar ochildi. Masjid va madrasalar, cherkov va ibodatxonalarning binolari, nodir tarixiy manbalar, osori atiqalar dindorlarga qaytarib berildi. Fuqarolarning diniy ta’lim olishlari va adabiyotlar nashr etishlari uchun hamma sharoitlar yaratildi. 
So‘zga chiqqanlar tomonidan respublikamizda millati, irqi va diniy kelib chiqishidan qat’i nazar barcha fuqarolarning qonun oldida teng ekanligi tamoyillariga qat’iy rioya qilinayotgani jamiyat barqarorligining asosiy omillaridan bo‘lib kelayotgani ta’kidlandi. 
Bugun yurtimizda 130 dan ortiq millat vakillari istiqomat qilib, 16 ta diniy konfessiyaga mansub 2241 ta diniy tashkilot, shu jumladan, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, O‘zbekistondagi Islom madaniyati markazi, Toshkent islom instituti, Mir Arab oliy madrasasi, 9 ta o‘rta maxsus islom bilim yurti, pravoslav va protestant seminariyalari faoliyat olib bormoqda.
Anjumanda diniy sohada olib borilayotgan islohotlarning uzviy davomi sifatida so‘nggi davrda islom dining insonparvarlik mohiyatini ochib berish, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish, yosh avlodni gumanistik g‘oyalar, milliy g‘urur va iftihor ruhida tarbiyalash, O‘zbekiston zaminidan yetishib chiqqan buyuk alloma va mutafakkirlar merosini o‘rganish, islom ta’limotining turli yo‘nalishlarida chuqur ilmiy-tadqiqotlar o‘tkazishni tashkil etish borasida salmoqli ishlar olib borilayotgani e’tirof etildi. 
Muhtaram Yurtboshimizning tashabbuslari bilan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Islom madaniyati markazi, Samarqandda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Termiz shahrida Imom Termiziy ilmiy-tadqiqot markazi, Buxoroda Mir Arab oliy madrasasi, Toshkent shahrida O‘zbekistondagi islom madaniyati markazi faoliyatini tashkil etilish yuqoridagi ezgu maqsadlarga, shuningdek, ma’naviyatimizni yanada yuksaltirish, jamiyatimizda tinchlik va osoyishtalik, ijtimoiy barqarorlik, o‘zaro ahillik va totuvlikning kuchayishiga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Anjumanda dunyoning turli mamlakatlarida manfaatdor kuchlar tomonidan dinni siyosiylashtirish oqibatida yuzaga kelayotgan nizolar, Internet tarmog‘ida diniy aqidaparastlikka asoslangan axborot xurujlari avj olayotgani sababli bugungi kunda “fikrga qarshi fikr, g‘oyaga qarshi g‘oya, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish” dolzarb ekaniga alohida e’tibor qaratildi. 
Respublikamizda mazkur tahdidlar qarshi kurash borasida ko‘rilayotgan choralar, xususan, Muhtaram Prezidentimiz tomonidan e’lon qilingan “O‘z bolangni o‘zing asra” degan tamoyil asosida o‘sib kelayotgan avlodni ilm va hunar egallashga chorlash, ularni mutaassib g‘oyalardan himoya qilish, shuningdek, adashib yot oqimlar ta’siriga tushib qolgan fuqarolarni to‘g‘ri yo‘lga qaytarish maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar yoritildi. 
Mazkur yo‘nalishdagi yutuqlarda aholi ichida ma’rifiy islom g‘oyalarini keng targ‘ib etish, jamiyatda diniy bag‘rikenglik g‘oyalarini mustahkamlash muhim omil bo‘layotgani qayd etildi. 
Tabir ishtirokchilari O‘zbekiston ijtimoiy-siyosiy jihatdan barqaror, umuminsoniy qadriyatlar ustuvor bo‘lgan, ma’naviy meros va diniy qadriyatlarni tiklab, inson huquqlarini ustuvor soha darajasiga ko‘tara olgan mamlakat ekanini e’tirof etdilar.

Axborot xizmati