Istiqlolning dastlabki kunlaridan boshlab mamlakatimizda yashab, faoliyat ko‘rsatayotgan turli konfessiya vakillari ma’naviy dunyosining rivoji, e’tiqod erkinligi uchun keng yo‘l ochildi. O‘zbekiston hukumati din xalqimizning ma’naviy-madaniy hayotining uzviy qismi ekanidan kelib chiqqan holda unga bo‘lgan munosabatini “Dunyoviylik – dahriylik emas” tamoyili va “Inson e’tiqodsiz yashay olmaydi” degan aniq ishonch asosida qat’iy va prinsipial qilib belgilagan.

Mustaqil rivojlanishning o‘tgan qisqa tarixiy davrida bu borada erishilgan yutuqlar O‘zbekistonning o‘z tanlagan taraqqiyot yo‘lida yorqin namoyon bo‘lmoqda. Mamlakatimizda diniy, milliy va irqiy asosdagi kamsitishlar va nizolar ro‘y bermagan. O‘zbek xalqining bag‘rikengligi turli e’tiqod va madaniyatlarga hurmat bilan qarashini millat va elat vakillari tomonidan chuqur samimiyat bilan e’tirof etilmoqda. Hozirgi kunda mamlakatimizda 16 ta konfessiyaga mansub 2 239 diniy tashkilot, Konstitutsiyamiz kafolatlab bergan teng huquqlilik asosida demokratik, huquqiy davlat va kuchli fuqarolik jamiyati qurish yo‘lida yagona oila singari birlashganlar.

Hukumatimiz tomonidan har yili turli dinlarga e’tiqod qiluvchi fuqarolarimizga qulayliklar yaratishga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirib kelinmoqda. Jumladan, har yil fuqarolarimiz muqaddas qadamjolarga safar qilishlari tashkil etiladi. Joriy 2016 yilda ham 5200 ta musulmonlarimiz Haj va 6 000 dan ziyod fuqarolarimiz Umra amallarini mukammal bajarib kelishga muvafaq bo‘ldilar.

Fuqarolar diniy ibodat va rasm-rusumlarini eng yuqori tashkiliy saviyada ado etish imkoniga ega bo‘ldilar. Mustaqilligimizning 25 yili davomida o‘zbekistonlik hojilar soni 100 000, umrachilarimiz esa 90 000 dan oshdi.

Anjumanda O‘zbekistonda fuqarolarning vijdon va diniy erkinligi borasidagi konstitutsion huquqlarini ta’minlash, jamiyatda diniy bag‘rikenglik va dinlararo do‘stlik-hamkorlik g‘oyalarini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilishi qayd etildi.

O‘zbekiston xalqining diniy bag‘rikenglik g‘oyalariga sodiq ekanligining yaqqol ifodasi sifatida dinlararo do‘stlik va hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan keng qamrovli ishlar amalga oshirilganini ta’kidlash joiz. Jumladan, “Imom Buxoriy” xalqaro markazi, Toshkent Islom universiteti, O‘zbekiston musulmonlari idorasiga qarashli diniy ta’lim muassasalari, pravoslav va protestant seminariyalarida diniy bag‘rikenglikni targ‘ib etuvchi turli tadbirlar muntazam o‘tkazilmoqda.

Respublikada faoliyat ko‘rsatayotgan turli konfessiyalar tomonidan O‘zbekistonda dindorlarning emin-erkin ibodat qilishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgani e’tirof etilmoqda. Musulmonlar uchun “Hidoyat” va “Islom nuri” nashrlari, pravoslavlikka e’tiqod qiluvchilar uchun “Slovo jizni” gazetasi, “Vostok svыshe” jurnali, shuningdek, ibodat ma’ruzalari va boshqa ma’rifiy nashrlar chop etilmoqda.

Shuningdek, O‘zbekistonda barcha diniy tashkilot va konfessiyalar vakillari faoliyati uchun birdek qulay imkoniyatlar mavjudligi turli diniy konfessiyalarga mansubligidan qat’iy nazar, birdam va yakdil ekani e’tirof etilmoqda. Misol tariqasida bu yil aprel oyida dunyo xristaianlari qatorida o‘zbekistonlik pravoslav cherkovi izdoshlari ham Pasxa bayramini keng nishonladilar. Shu munosabat bilan ulardan 130 dan ziyodi Isroilning Quddusi sharif shahridagi muqaddas qadamjolarni ziyorat etib keldi. Bu kabi ziyoratlar har yili tashkil etiladi. Bundan tashqari ular yil davomida Gretsiya, Turkiya va Rossiyaning turli qadamjolarini ziyorat etish imkoniga egalar.

Mamlakatimizda diniy sohada olib borilayotgan davlat siyosati O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi Qonuni, BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1948 yil 10 dekabr kuni qabul qilingan “Inson huquqlari umumjahon Deklaratsiyasi” moddalari va boshqa xalqaro huquqiy hujjatlar asosida amalga oshirilmoqda.

Bugungi kunda dinning asl insonparvarlik mohiyatini asrash, uni turli noto‘g‘ri qarashlardan sof holda saqlash, dinning ma’naviy-ma’rifiy salohiyatini jamiyatdagi barqarorlik, ijtimoiy hamkorlik, konfessiyalararo hamjihatlikni mustahkamlashga yo‘naltirish borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.

Mavjud muammolarni hal etish jamiyatimizning barcha a’zolari oldiga qator vazifalarni qo‘yadi. Jumladan, respublikamizda olib borilayotgan vijdon erkinligi sohasidagi siyosat, uning amaliy natijalari, mamlakatimizda qaror topgan bag‘rikenglik muhitini omma orasida keng yoritishga qaratilgan tadbirlarga diniy tashkilotlar vakillari, mutaxassis olimlarni faol jalb qilish orqali ularning samardorligini ta’minlashni taqozo etadi.

Mazkur vazifalarni hal qilish yo‘lidagi ishlar davlat va jamoat tashkilotlari tomonidan uzviy hamkorlikda olib borilishi natijasida diniy bag‘rikenglik tamoyillari jamiyatimizda sodir bo‘layotgan ma’naviy o‘zgarish va yuksalish jarayonlarining muhim omili sifatida namoyon bo‘lmoqda.

Har yili respublikadagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish borasida diniy tashkilotlar xodimlari tomonidan mahallalar, o‘rta maxsus va oliy ta’lim muassasalarida targ‘ibot-tashvitqot ishlar olib borilmoqda. Mazkur ma’naviyat soatlarida o‘quvchi va talabalar, professor-o‘qituvchilar ishtirokida bugungi kunning dolzarb mavzulari yoritilib, savollarga javoblar beriladi.

Bugungi kunda O‘zbekiston millatlar va dinlararo munosabatlarni yanada mustahkamlashga yo‘naltirgan odilona siyosati natijasida jahon hamjamiyatiga ibrat bo‘lmoqda.

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita

axborot xizmati