2016 yil 18 mart kuni O‘zbekiston Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan “Mustaqillik yillarida diniy ta’lim sohasidagi islohotlar” mavzuida matbuot anjumani tashkil etildi.

Tadbirda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Toshkent pravoslav va protestant seminariyalari, davlat va jamoat tashkilotlari, diniy ta’lim muassasalari vakillari, talabalar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.

Anjumanda diniy ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, diniy ta’lim muassasalarida yuksak ma’naviyatli, mustaqil fikrlovchi, diniy bag‘rikenglik tamoyillari asosida tarbiyalangan mutaxassislar yetishib chiqayotgani, millatlararo totuvlik va dinlararo bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash, yoshlarimizni diniy aqidaparastlik va ekstremizm xataridan himoya qilishda diniy ta’lim sohasida xizmat qilayotgan xodimlar oldida ulkan vazifalar turgani xususida so‘z bordi.

Tadbir ishtirokchilarining “Barkamol avlod va yuksak malakali diniy kadrlarni yetishtirishda O‘zbekiston musulmonlari idorasining o‘rni”, “Toshkent islom instituti: kecha va bugun”, “O‘zbekistonda pravoslav ruhoniylarining tayyorlanishi”, “Toshkent islom universitetining xalqaro hamkorligi” mavzulardagi ma’ruzalar tinglandi.

   Ma’lumki, mustaqillikning ilk yillaridan O‘zbekiston musulmonlari idorasi tarkibida zamonaviy talablarga javob beradigan diniy ta’lim tizimini yaratishga katta e’tibor qaratildi.

Davlatimiz rahbari tashabbuslari bilan 1999 yilda diniy va dunyoviy fanlarni o‘zaro uyg‘unlikda o‘rganish, ilmiy tadqiqotlar olib borishga qodir yuqori malakali kadrlar tayyorlash maqsadida Toshkent islom universiteti tashkil etilgan. Universitet qoshida ta’sis etilgan Islomshunoslik ilmiy-tadqiqot markazi Qur’on va hadislarning diniy aqidaparastlik va mutaassiblikka qarshi kurashdagi o‘rnini ochib berish, islom madaniyatini umuminsoniy madaniyat rivojiga qo‘shgan hissasini tizimli o‘rganish kabi yo‘nalishlarda faoliyat yuritmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Din sohasidagi ma’naviy, ma’rifiy ta’lim ishlarini va faoliyatini yanada takomillashtirishida ijtimoiy ko‘mak va imtiyozlar berish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq Toshkent islom instituti va o‘rta maxsus islom bilim yurtlari diplomlari davlat ta’lim hujjati sifatida e’tirof etildi.

O‘tgan davr ichida diniy ta’lim muassasalari uchun aqoid, fiqh (islom huquqi), tafsir, hadisshunoslik, arab tili va grammatikasiga oid o‘nlab o‘quv qo‘llanmalar chop etildi. Shuningdek, yoshlarni ma’naviy boy va barkamol bo‘lib yetishishlari uchun “Muqaddas dinimizga yuksak e’tibor va ehtirom”, “O‘zbekistonda davlat va din munosabatlari”, “O‘zbekiston – bag‘rikeng diyor”, “Islom va aqidaparast oqimlar” kabi ko‘plab kitob, risola va o‘quv uslubiy qo‘llanmalar nashr etildi.

2008 yildan buyon Samarqandda Imom Buxoriy xalqaro markazi faoliyat yuritib kelmoqda. Markazda Qur’oni karim va hadis ilmi bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib borish va respublika imom-xatiblarning kasbiy mahoratini oshirishga ixtisoslashgan ta’lim maskaniga aylandi.

Shular qatorida, respublikamizda faoliyat yuritayotgan pravoslav va protestant seminariyalarida xristian dini yo‘nalishidagi mutaxassislar tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, pravoslav seminariyasida nafaqat O‘zbekiston, balki yaqin xorijiy mamlakatlar uchun ham din sohasidagi mutaxassislarni yetishtirib chiqarayotgani quvonarli.

Mamlakatimizda diniy ta’lim tizimi faoliyati ma’rifatsevar xalqimizning diniy ongi va madaniyatini to‘g‘ri shakllantirish, yosh avlodni din niqobi ostidagi oqimlar ta’siridan himoya qilishdek ezgu maqsadlarga xizmat qiladi. Zero, ta’lim, shu jumladan, diniy ta’lim va tarbiya inson kamoloti va millat ravnaqining eng asosiy shartlaridan biridir.

Tadbir doirasida “Movarounnahr” va Toshkent islom universiteti nashriyotlari tomonidan chop etilgan diniy-ma’rifiy mazmundagi adabiyotlar ko‘rgazmasi tashkil qilindi.