Taʼkidlash joizki, bugungi kungacha Oʻzbekiston ishchi guruhi vakillari tomonidan ziyoratchilarimiz ulugʻ ibodatni bekamu koʻst ado etishlari uchun Mino, Arofat va Muzdalifa vodiylarida barcha shart-sharoitlar toʻliq tayyor holatga keltirilgan. 

Ayni maqsadda ishchi guruhi va shifokorlarning maʼlum aʼzolari mazkur muborak vodiylarda bir muddat oldin borib, ziyoratchilarimizni kutib olishga shay boʻlib turibdilar. 

Xususan, hojilarimiz uchun Mino va Arafot vodiysida issiq oʻtkazmaydigan chodirlarda “Sofa bed” (yostiq va yumshoq toʻshak), “Martaba” (toʻshak), konditsioner singari qulayliklar qilingan. 

Shuningdek, barcha sharoitlarga ega tibbiyot markazlari, 3 mahal issiq ovqat va 24 soat davomida choy va salqin ichimliklar bilan taʼminlash yoʻlga qoʻyiladi. Muzdalifada esa hojilarga maxsus toʻshak va soyabonlar tarqatish rejalashtirilgan. 

Ayni paytgacha soha rahbarlari tomonidan ishchi guruhi aʼzolari, ellikboshilar va shifokorlar jamoasiga haj jarayonlarini namunali boshqarish, belgilangan tartiblarga rioya etish va sharʼiy masalalar haqida batafsil tushuntirildi.

Eslatib oʻtamiz, boʻlgʻusi hojilarimiz 14-iyun juma kuni Mino vodiysida, 15-iyun shanba kuni esa Arafot va Muzdalifa vodiylarida haj amalining asosiy ruknlarini ado etadilar.