Tanishish davomida ziyoratchilarga koʻrsatilayotgan xizmatlar darajasi, xonalar shinam va ozodaligi, joylashgan oʻrinlar, oshxonalarning sigʻimi, sanitariya-gigiyena talablariga javob berishi, oziq-ovqat mahsulotlarining sifati, transport xizmatlarining uzluksizligiga alohida eʼtibor qaratildi. 

Soha rahbarlari har bir mehmonxonada tashkil etilgan tibbiyot markazlarida boʻlib, ziyoratchilarning hajni ado etishga jismonan tayyorlik jarayonlari, tibbiy koʻriklar va dori-darmonlarni koʻzdan kechirib, ularning sogʻligiga alohida eʼtibor qaratish boʻyicha topshiriqlar berdi.

Oʻrganishlar chogʻida hamyurtlarimiz bilan suhbat qilib, ibodatlarni bekamu koʻst ado etishlari uchun hozirlangan qulayliklar borasidagi fikr-mulohazalarini tingladi.

Muloqotlarda boʻlgʻusi hojilarimiz Davlatimiz rahbarining shaxsan eʼtiboridan benihoya shod ekanlari, mavsumga har tomonlama puxta tayyorgarlik koʻrilgani, barcha imkoniyatlar muhayyo qilinganini eʼtirof etdilar.

Yurtdoshlarimiz haj ibodatlarini ado etish chogʻida har qadamda hukumatimizning koʻmagini dildan his etayotganlarini izhor etishdi. Ayniqsa, Yurtboshimizning telefon orqali hojilar holidan xabar olganlari ularni cheksiz quvontirganini taʼkidlash barobarida ular tabarruk manzillarda el-yurt haqqiga xayrli duolar qilishlarini bildirishdi.    

Yakunda soha rahbarlari tomonidan ishchi guruhi, ellikboshilar va shifokorlar jamoasiga jiddiy topshiriq va muhim tavsiyalar berildi.