Bugungi kunda respublika boʻyicha 2 131 ta masjid faoliyat yuritmoqda, 2023-yilda 13 ta yangi masjid davlat roʻyxatidan oʻtkazildi, 82 ta masjidda tubdan qayta qurish hamda 43 ta masjidda taʼmirlash ishlari yakunlandi.

Ayni paytda respublikamizda 197 ta noislomiy diniy tashkilot faoliyat yuritmoqda. 2023-yilda Angren shahrida katolik cherkovi davlat roʻyxatidan oʻtkazildi.

Konfessiyalar vakillarining 50 dan ortiq respublika va xalqaro tadbirlarda ishtiroki taʼminlandi. Shuningdek, ularga 14 ta diniy bayramlarini oʻtkazishda amaliy yordam koʻrsatildi.

Hisobot davrida Din ishlari boʻyicha qoʻmita hamda tizim tashkilotlari vakillari, oʻzbekistonlik islomshunos olimlar va tadqiqotchilarning 424 ta diniy-maʼrifiy sohaga oid xalqaro tadbirlardagi ishtiroki taʼminlandi.

Din ishlari boʻyicha qoʻmita bilan Birlashgan Arab Amirliklarining Ekstremizm va zoʻravon ekstremizmga qarshi kurashish boʻyicha “Hidoya” hamda Qatar davlatining “Doha dinlararo muloqot” xalqaro markazlari oʻrtasida hamkorlikka oid Anglashuv memorandumlari imzolandi.

2023-yilgi Haj mavsumi va Umra ziyorati yuqori saviyada tashkil etildi. Xususan, 15 150 nafar ziyoratchi Haj amalini, 43 mingdan ortiq ziyoratchi Umra amalini ado etdi.

Buyuk allomalarimiz boy ilmiy merosini keng targʻib qilish va ziyorat turizmini rivojlantirish maqsadida 24 ta albom-prospekt, kitob, risola, broshyura va flayerlar chop etildi.

2023-yil davomida soha xodimlari tomonidan internet saytlarda 171 538 ta, bosma nashrlarda 2 216 ta, radioda 2253 ta va televideniyeda 3 557 ta chiqish qilindi.

Shuningdek, 2023-yilda Qoʻmitaga kelib tushgan 1 716 ta murojaatdan 1 135 tasiga huquqiy maʼlumot berildi, 396 tasi ijobiy hal qilindi, 132 tasi (diniy tashkilotni davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun hujjatlarda koʻrsatilgan kamchiliklar sabab) rad etildi, 53 ta murojaat tegishliligi boʻyicha vakolatli davlat organlariga yoʻnaltirildi, 18 tasi boʻyicha oʻrganish jarayoni davom etmoqda.

 

10.01.2024.