“Millatlararo va dinlararo bagʻrikenglik - samarali hamkorlikning muhim omili” mavzusidagi xalqaro konferensiya boʻlib oʻtdi

Avval xabar berganimizdek, 16-noyabr – Xalqaro bagʻrikenglik kuni munosabati bilan joriy yilning 13-19-noyabr kunlari yurtimiz boʻylab “Bagʻrikenglik haftaligi” oʻtkazilmoqda. 

Haftalik davomida turli madaniy, maʼnaviy-maʼrifiy va ilmiy-amaliy tadbirlar oʻtkazib kelinmoqda.

Bugun, 16-noyabr kuni Toshkent shahridagi “Hayatt” mehmonxonasida turli diniy konfessiya vakillari, xorijiy davlat va xalqaro tashkilotlar masʼullari ishtirokida “Millatlararo va dinlararo bagʻrikenglik - samarali hamkorlikning muhim omili”  mavzusida xalqaro konferensiya boʻlib oʻtdi.

Konferensiyaning ochilishida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi M.Komilov, UNESCO ning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari oʻrinbosari S.Al-Attor, Oʻzbekiston Respublikasi Din ishlari boʻyicha qoʻmitasi raisi S.Toshboyev, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori A.Saidov, Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi raisi R.Qurbonov, Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori oʻrinbosari Sh.Nurullayeva kirish soʻzlari bilan ishtirok etdilar.

Shuningdek, Konferensiyaga turli vazirliklar va idoralar, jamoat tashkilotlari, diniy konfessiyalar vakillari, milliy madaniyat markazlar faollari, yurtimizdagi millatlararo doʻstlik va diniy bagʻrikenglik rishtalarini mustahkamlashga munosib hissa qoʻshayotgan hamyurtlarimiz, diniy taʼlim muassasalari talabalari hamda OAV vakillari taklif etildi.

Konferensiya ishtirokchilari tomonidan “Din va davlat munosabatlari: tarixiy yondashuv va diniy asoslar”, “Jamiyatda millatlararo totuvlikni taʼminlashda Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar”, “Markaziy Osiyo xalqlarining mushtarak bagʻrikenglik tamoyillari”, “Milliy madaniy markazlar – Oʻzbekistonda millatlararo totuvlikni taʼminlashning muhim vositasi” kabi dolzarb mavzularda chiqishlar qilindi.

“Bagʻrikenglik haftaligi”  doirasidagi tadbirlar Respublika boʻylab davom etmoqda. 

16.11.2023.