Аvval xabar berganimizdek, Haj mavsumi joriy yilning 4 iyunь kunidan boshlanadi. Ushbu muborak safarni yuqori saviyada tashkil qilish va hamyurtlarimiz amallarini chiroyli ado etishlari uchun barcha shart-sharoitlar hozirlanmoqda.

 Bu yilgi mavsumni yuqori darajada tashkil etish va ziyoratchilarimiz uchun yanada qulay sharoitlar yaratish masalasiga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

 Shu maqsadda, Saudiya Аrabistonida ziyoratchilarga namunali xizmat koʼrsatish va ular haj ibodatlarini mukammal ado etishlari uchun “Haj – 2023” ishchi guruhi tomonidan mavsumga keng koʼlamli tayyorgarlik ishlari amalga oshirilmoqda.

 Jumladan, ziyoratchilar istiqomat qilishi rejalashtirilgan Madina shahridagi “Zam-zam Pullman”, Makka shahridagi “Roshidiya”, “Abraj al-Dana”, “Laba Darna”, “Ruba al-Hijaz” mehmonxonalari atroflicha koʼzdan kechirilmoqda.

 Xususan, har bir xonada yotoq choyshablarining ozodaligi, yuvinish xonasidagi sharoitlar, sovutgich, muzlatgich, jurnal stoli, qibla koʼrsatkichi, joynamoz, Qurʼoni karim, telefon, televizor va zamonaviy mebellar bilan jihozlanganiga alohida eʼtibor qilindi.

Shuningdek, oshxonadagi stol-stullar, ovqat tarqatish joylari va tibbiy boʼlimdagi oʼrinlar soni, jihozlar holati, dori-darmon saqlash ombori koʼzdan kechirildi hamda ziyoratchilar uchun xizmatlar sifatini yanada oshirishga eʼtibor qaratildi. Ziyoratchilarga yoʼl-yoʼriq koʼrsatuvchi belgilar foyelar, koridorlar, qavatlar va liftlarga oʼrnatildi.

Ishchi guruhi tomonidan barcha yoʼnalishlar boʼyicha tayyorgarlik ishlari ziyoratchilarimizning birinchi guruhi muborak zaminga yetib borgunga qadar davom etadi.

«Haj-2023» safari bilan bogʼliq jarayonlar haqida rasmiy sahifalarimizda maʼlumot berib boramiz.

Din ishlari boʼyicha qoʼmita 
Аxborot xizmati