Oʼzbekistonda haj mavsumi 2023 yil 4 iyundan boshlanadi. Mamlakatimizdan Saudiya Аrabistoniga shu yil 2023 yil 4 iyundan 19 iyunga qadar har kuni 4 ta aviaqatnov amalga oshiriladi.

 Oʼtgan yillarda ziyoratchilarimiz Respublikamizning 7 ta hududiy aeroportlaridan kuzatilgan boʼlsa, bu yil yanada qulaylik yaratish maqsadida, oʼlkamizning 10 ta hududiy aeroportlaridan – Toshkent-Madina, Buxoro-Madina, Namangan-Madina, Fargʼona-Madina, Samarqand-Madina, Qarshi-Madina, Termiz-Madina Urganch-Madina, Nukus-Madina va Navoiy-Madina yoʼnalishlari boʼyicha ziyoratchilar haj safariga kuzatiladi.

 “Haj” va “Umra” tadbirlarini tashkil etish va oʼtkazish boʼyicha Respublika Jamoatchilik kengashi “Haj – 2023” mavsumiga tayyorgarlik ishlarini turli yoʼnalishlarda amalga oshirilmoqda. Jumladan,ziyoratchilarni guruhlarga ajratish, ellikboshilar biriktirish, ularning malakasini oshirish, shifokorlash ajratish, oshpazlarni jalb etish ishlari yakuniga yetkazildi.

«Haj-2023» mavsumiga tayyorgarlik ishlarini amalga oshirish maqsadida dastlabki ishchi guruh Saudiya Аrabistoniga joʼnab ketgan va ayni paytda ular tomonidan barcha tashkiliy va amaliy saʼy-harakatlar olib bormoqda.

 Tajribali ulamolar tomonidan ellikboshilar bilan ziyoratchilarga xizmat koʼrsatish yuzasidan safar oldi oʼquv mashgʼulotlari oʼtildi. Shu kunlarda guruh rahbarlari ziyoratchilar bilan safar oldi oʼquv mashgʼulotlarini boshlab yubordi. Haj amalining fazilati, ruknlari, safarga tayyorgarlik koʼrishda nimalarga eʼtibor berish kerakligi haqidagi masalalar bayon etilmoqda. Shuningdek, haj ibodatining odoblari va tartib-qoidalari ham tushuntirilmoqda. Qolaversa, 
ziyoratchilarga haj risolasi ham taqdim etildi.

Bundan tashqari, Oʼzbekiston musulmonlari idorasining rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoq sahifalarida haj ibodati haqidagi turkum suhbatlar, tavsiyalar, maqolalar, sharʼiy savol-javoblar berib borilmoqda.

«Haj-2023» safari bilan bogʼliq jarayonlar haqida rasmiy sahifalarimizda maʼlumot berib boramiz.

Din ishlari boʼyicha qoʼmita 
Аxborot xizmati