Singapur rahbari bugun Toshkent shahrida mamlakatimizdagi diniy konfessiyalar rahbarlari bilan uchrashdi.

Muloqot davomida Osiyo yuragida joylashgan qadim Movarounnahr va hozirgi Oʼzbekiston zamini, Buyuk ipak yoʼli orqali turli mintaqa, qitʼalar, madaniyat va ilmlarni bogʼlovchi markaz boʼlgani qayd etildi. Oʼtmishda zardushtiylik, buddaviylik rivojlangan hududga islom dini kirib kelgach, bu zamindan Imom Buxoriy, Аbu Iso Termiziy, Аbu Mansur Moturidiy, Аbu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Аhmad Fargʼoniy kabi buyuk allomalar yetishib chiqqan.

Suhbat chogʼida Prezidentning jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari boʼyicha maslahatchisi Muzaffar Komilov, Oʼzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov mehmonlarga yurtimizda davlat rahbari tashabbusi bilan barcha sohalar qatori, diniy-maʼrifiy jabhada, xususan, din va eʼtiqod erkinligi yoʼnalishida turli din vakillari uchun yaratilgan qator yangilik, qulayliklar haqida maʼlumot berdi. Bir necha yangi masjid, cherkovlar qad rostlab, ilmiy-tadqiqot markazlari, oliy va oʼrta maxsus islom bilim yurtlari ochilmoqda. 

Hozirgi kunda respublikada 16 diniy konfessiya mavjud boʼlib, davlat roʼyxatidan oʼtkazilgan diniy tashkilotlar soni 2346 tani tashkil etmoqda. Shundan 2149 tasi islomiy va 197 tasi turli noislomiy konfessiyalar hisoblanadi. Oʼzbekiston xalqaro islom akademiyasi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Buxoroda Mir Аrab oliy madrasasi, Samarqandda esa Hadis ilmiy maktabi faoliyatini alohida taʼkidlash joiz.

Halima Yaqub xonim diniy bagʼrikenglik borasida Oʼzbekistonning ilgʼor tashabbuslari xalqaro hamjamiyat tomonidan eʼtirof etilayotganini qayd etdi. 2018 yil dekabrь oyida BMT Bosh Аssambleyasi yalpi sessiyasida Prezident Shavkat Mirziyoev taklif etgan “Maʼrifat va diniy bagʼrikenglik” maxsus rezolyutsiyasi qabul qilingani fikrimizni isbotlaydi.

Oʼzbekistonning ushbu tashabbusi dunyoda tinchlik-osoyishtalikni saqlash, diniy bagʼrikenglikni taʼminlashda naqadar katta ahamiyatga egaligi bugungi murakkab davrda yaqqol namoyon boʼlmoqda.

Shuningdek, mamlakatimizda vijdon erkinligini taʼminlash yoʼlida olib borilayotgan saʼy-harakatlar xalqaro maydonda ham yuqori darajada eʼtirof etilmoqda. Bunga 2020 yil dekabrda АQSh Davlat departamenti tomonidan Oʼzbekiston diniy erkinlik boʼyicha “Maxsus kuzatuvdagi davlatlar roʼyxati”dan chiqarilganini misol qilib keltirish mumkin.

Uchrashuvda diniy konfessiya rahbarlari ham soʼzga chiqib, yaratilgan qulayliklar, eʼtiqod erkinligi borasida olib borilayotgan islohotlar samarasini taʼkidladilar.