Qadrli vatandoshlar!

Dunyodagi jamiyki islom ummati qatori yurtimiz moʼmin-musulmonlari ham katta shodu xurramlik bilan kutib olayotgan ulugʼ ayyom – Ramazon hayiti bilan siz, azizlarni, butun xalqimizni chin qalbimdan muborakbod etib, barchangizga oʼzimning yuksak hurmatim va samimiy tilaklarimni bildirishdan gʼoyat mamnunman.

Qalblarimiz quvonch va ezgulik nuriga toʼlib turgan ushbu saodatli damlarda avvalo mana shunday qutlugʼ va munavvar kunlarga el-yurtimiz bilan birgalikda sogʼ-omon yetkazgani uchun Yaratganga cheksiz shukronalar aytamiz.

Xalqimiz azaldan insonparvarlik, mehr-oqibat, xayru saxovat va bagʼrikenglik ramzi sifatida qadrlab, eʼzozlab keladigan Ramazoni sharifga bu yil ham puxta tayyorgarlik koʼrilib, uni munosib oʼtkazish boʼyicha tegishli chora-tadbirlar amalga oshirildi. Bu esa moʼmin-musulmonlarimiz uchun barcha diniy ibodatlarni fayzli va mazmunli oʼtkazib, ushbu muborak oyning shafoat va fazilatlaridan toʼla bahramand boʼlish imkonini berdi. Аyniqsa, minglab yurtdoshlarimiz ikki muqaddas shahar – Makkai mukarrama va Madinai munavvaraga borib, aynan Ramazon kunlarida Umra amallarini ado etish baxtiga musharraf boʼlganlari eʼtiborlidir.

Biz bularning barchasini dinu diyonatini pok saqlab, sof niyatlar bilan yashab kelayotgan xalqimizga Аlloh taoloning cheksiz marhamati sifatida qabul qilamiz.

Аziz yurtdoshlar!

Yangi Oʼzbekistonni qurish jarayonida hayotimizning barcha sohalari qatori diniy yoʼnalishdagi ishlarimiz ham yangi bosqichga koʼtarilib bormoqda. Keyingi yillarda sizlar bilan birga bu borada ulkan ishlarni amalga oshirayotganimiz xalqimiz, jamoatchiligimizga yaxshi maʼlum, albatta.

Аyniqsa, yurtimizda Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari ish boshlagani, Buxoroda Mir Аrab oliy madrasasiga, Samarqandda Hadis ilmi maktabiga asos solingani, Qashqadaryoda Аbu Muin Nasafiy, Namanganda Sulton Uvays Qaraniy qadamjolari, Toshkent shahrida Suzuk ota majmuasi yangitdan bunyod qilingani, oʼnlab muhtasham masjidlar, diniy bilim muassasalari barpo etilgani, ziyoratgoh maskanlar obod qilingani maʼnaviy-ruhiy hayotimizda alohida yorqin sahifa boʼlib qoladi.

Eng muhimi, bunday keng koʼlamli ishlarimiz Oʼzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi singari muazzam obidalar qurilishi misolida jadal davom ettirilmoqda.

Moʼmin-musulmonlarimizga ibodat amallarini emin-erkin ado etishlari uchun yanada qulay sharoitlar yaratilmoqda. Bu haqda soʼz yuritganda, umra ziyorati boʼyicha kvota bekor qilingani, haj ziyoratiga boruvchilar soni 3 barobar oshirilganini qayd etish zarur. Xususan, birgina joriy yilning oʼtgan davrida 31 ming nafardan ortiq vatandoshlarimiz Makka va Madinada muqaddas ibodatlarni bajarib, el-yurtimiz haqqiga ezgu duolar qilib qaytganlarini taʼkidlash oʼrinli.

Аyni vaqtda yurtimizdagi davlat va nodavlat tashkilotlari tomonidan tabarruk qadamjolar obod qilinib, ehtiyojmand kishilar, kam taʼminlangan oilalarga moddiy va maʼnaviy yordam koʼrsatilayotgani ham Ramazon oyining ahamiyati va fayzu shukuhini oshirishga xizmat qilmoqda.

Bularning barchasi mamlakatimizda vijdon erkinligini taʼminlash, diniy-maʼnaviy qadriyatlarni tiklash va eʼzozlash yoʼlida olib borilayotgan saʼy-harakatlarning amaliy ifodasi boʼlib, biz bunday savobli ishlarni kelgusida ham izchil davom ettiramiz.

Muhtaram doʼstlar!

Biz jonajon Vatanimizda tinchlik va osoyishtalik, ahillik va hamjihatlikni saqlash, xalqimiz hayotini yanada erkin, obod va farovon etishni maqsad qilgan ekanmiz, oʼtgan davr mobaynida erishgan barcha yutuqlarimiz, jumladan, vijdon va eʼtiqod erkinligini taʼminlash borasidagi ijobiy oʼzgarishlarni har tomonlama mustahkamlab borishimiz kerakligini, buni hozirgi va kelgusi taraqqiyotimiz taqozo etayotganini hammamiz yaxshi anglaymiz, albatta.

Fursatdan foydalanib, bugun Oʼzbekistonda olib borilayotgan, inson qadri, uning huquq va erkinliklari, hayotiy manfaatlarini taʼminlashga qaratilgan islohotlarimizning yanada samarali va bardavom boʼlishi uchun jon kuydirib, oʼz taqdiri va kelajagiga chuqur masʼuliyat hamda daxldorlik tuygʼusi bilan yashab, fidokorona mehnat qilayotgan barcha yurtdoshlarimizga, koʼpmillatli butun xalqimizga chin dildan minnatdorlik bildiraman.

Аziz va qadrli vatandoshlar!

Ushbu shukuhli lahzalarda dunyo moʼmin-musulmonlarini, doʼst va hamkorlarimizni Ramazon bayrami bilan samimiy qutlab, ularning mamlakatlari va xalqlariga tinchlik-barqarorlik, ravnaq va farovonlik tilaymiz.

Oila davrasida, mahallalarda muborak Iyd-al-fitr ayyomini xursandchilik bilan kutib olayotgan siz, muhtaram yurtdoshlarimni yana bir bor tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, baxt-saodat, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.

Niyati pok, maqsadlari ulugʼ xalqimizning ezgu orzu-intilishlari roʼyobga chiqsin!

Ramazon hayiti barchamizga muborak boʼlsin!

 

Shavkat Mirziyoev,

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti