Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev muborak Ramazon hayitini nishonlash arafasida xalqimizga xos ezgulik, bagʼrikenglik, insonparvarlik, mehr-oqibat va kechirimli boʼlish kabi olijanob fazilatlarning yorqin ifodasi sifatida “Jazo muddatini oʼtayotgan, qilmishiga chin koʼngildan pushaymon boʼlgan va tuzalish yoʼliga qatʼiy oʼtgan bir guruh shaxslarni afv etish toʼgʼrisida”gi Farmonni imzoladi.

Farmonga muvofiq, Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 93-moddasi 23-bandiga asosan, jazo muddatini oʼtayotgan hamda qilmishiga chin koʼngildan pushaymon boʼlgan va tuzalish yoʼliga qatʼiy oʼtgan 541 nafar shaxs afv etildi.

Аfv etilgan shaxslarning 374 nafari asosiy jazodan toʼliq ozod etildi, 110 nafari jazoni oʼtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi, 18 nafarining ozodlikdan mahrum etish jazosi yengilroq jazo bilan almashtirildi. Shuningdek, 39 nafar shaxslarga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartirildi.

Аfv etilganlarning 36 nafarini chet el fuqarolari, 136 nafarini ayol, 75 nafarini 60 yoshdan oshgan erkaklar hamda 6 nafarini taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida qatnashgan shaxslar tashkil etadi.

Farmon ijrosi yuzasidan afv etilgan shaxslarni oilasi va yaqinlari bagʼriga qaytarish, ijtimoiy hayotga moslashib, foydali mehnat bilan shugʼullanishlari, sogʼlom turmush tarzini yoʼlga qoʼyib, jamiyatda munosib oʼrin topishlari uchun ularga koʼmak berish boʼyicha masʼul vazirlik va idoralarga tegishli topshiriqlar berildi.