Prezident Shavkat Mirziyoev raisligida 29 mart kuni mamlakatimiz turizm salohiyatini oshirish masalalari muhokamasi yuzasidan videoselektor yigʼilishi oʼtkazildi.

Turizm ham iqtisodiy, ham ijtimoiy-madaniy ahamiyatga ega keng qamrovli soha. U daromadliligi boʼyicha dunyoda uchinchi oʼrinda turadi. Yana bir muhim tomoni, kam xarajat bilan koʼp ish oʼrinlari yaratish imkonini beradi.

Mamlakatimizda bu soha izchil rivojlanmoqda. Jumladan, 2022 yilda yurtimizga tashrif buyurgan xorijiy turistlar soni 2021 yilga nisbatan 3 baravar oshgan. Soha eksporti 1 milliard 600 million dollarni tashkil etgan. Ichki turizm dasturlari doirasida 11 milliondan ziyod aholi sayohat qilgan. Samarqandda yangi turizm markazi barpo etilgani natijasida u yerga qoʼshimcha 2 million sayyoh kelgan.

Аslida mamlakatimizda bu sohadagi salohiyat bundan ancha yuqori. Yurtimizga kelmoqchi boʼlgan sayyohlar juda koʼp. Lekin, ularni qiziqtiradigan joylar haqida kontent kam, turistlarni 4-5 kun olib qoladigan dasturlar yetishmaydi. Samolyot va poezdga biletni bir necha oy oldindan sotib olishda noaniqliklar koʼp.

Yigʼilishda soha rivojiga toʼsiq boʼlayotgan shu kabi muammolar tanqidiy tahlil qilinib, muhim chora-tadbirlar belgilandi.

Uzoq xorijliklar uchun Oʼzbekistonning darvozasi bu – aeroport. Soʼnggi yillarda 5 ta yangi xususiy aviakompaniya tashkil qilindi, aviatsiya parkimiz 44 taga yetdi. Oʼtgan yili Samarqand aeroporti “beshinchi osmon” rejimida ishlashiga oʼtgani hisobiga, haftalik aviaqatnovlar soni 46 tadan 78 taga, yoʼlovchi oqimi esa 6,5 mingdan 10 mingtaga koʼpaydi.

Lekin, ichki reyslar taqchilligi haftasiga Nukus va Urganchga 20 tani, Samarqandga 15 tani, Buxoro va Termizga 11 tani tashkil qilayapti. Shu kabi, temiryoʼlda haftasiga 68 ta qoʼshimcha qatnovga, 350 ta yangi vagonga talab bor. Qoraqalpogʼiston, Jizzax, Namangan va Surxondaryoda sayyohlarga avtobus yetishmaydi.

Shu bois yil yakunigacha yana 20 ta zamonaviy samolyot olib kelib, aviaqatnovlarni koʼpaytirish boʼyicha koʼrsatma berildi. Jami mahalliy reyslar soni 2 baravar oshirilib, 100 taga yetkazilishi, ayrim yoʼnalishlar boʼyicha aviachipta xarajatining bir qismiga subsidiya berilishi aytildi. 

Shuningdek, bu yil 8 ta elektr poezd olib kelinadi. Turoperator, mehmonxona va tashuvchilarga 10 va undan ortiq oʼrindiqli avtotransportlar olib kirishda bojxona imtiyozlari beriladi. Qamchiq dovonida mikroavtobus, Jizzax dovoni, Chimyon va Chorvoqda turistik avtobus va mikroavtobuslar qatnoviga ruxsat beriladi.

Turizmda yana bir muhim omil bu mehmonxona. Bu borada keng imkoniyat yaratilgani hisobiga, soʼnggi besh yilda mehmonxona oʼrinlari 2 baravar oshib, 60 mingtaga yetgan.

Davlatimiz rahbari xorijiy konsalting kompaniyalarni jalb qilib, mehmonxonalardagi sharoitlarni xalqaro standartlar darajasiga olib chiqish, ular uchun qoʼshimcha kredit resurslari ajratish zarurligini taʼkidladi.

Yigʼilishda turizm dasturlarining mazmuniga ham eʼtibor qaratildi. Qayd etilganidek, xorijiy sayyohlarning Oʼzbekistonda bir kun koʼproq qolishi yillik turizm eksportini 300 million dollarga oshiradi.

Misol uchun, Xorazmda xorijiy turistlar Buxoro va Samarqandga qaraganda 2 baravar kam bormoqda. Lekin, Xorazmda sayyohlarni 3-4 kun olib qolish uchun barcha imkoniyat mavjud.

Yoki, oʼtgan yili 31 ta tuman va 143 ta mahalla turizmga ixtisoslashtirilib, ularda alohida soliq rejimi joriy qilingan edi. Bu imtiyozlardan 4 mingga yaqin korxona foydalanib, tovar aylanmasi 1,5 baravar oshgan.

Sayyohlarni koʼproq vaqt olib qolishda yetishmayotgan narsa bu qiziqarli dasturlar va targʼibot. Shu bois yigʼilishda bu borada koʼmaklashishga 11 ta oliy taʼlim muassasasi biriktirildi. Ular 31 ta tuman va 143 ta turizm mahallasining tarixi, yodgorliklari va diqqatga sazovor joylari haqida maʼlumotlar majmuini yaratadi. Ular asosida 12 ta tilda turistik paketlar ishlab chiqiladi. Turizm va servis obʼektlari ishchilari oʼqitiladi.

Mutasaddilarga mehmonxona, madaniyat, tabiat, etno va gastronomik markazlarni bogʼlaydigan turizm klasterlari tashkil etish, “turistlar uchun mehmondoʼst muhit sertifikati”ni joriy qilish boʼyicha topshiriqlar berildi.

Yurtimizda turizm dasturlari asosan aprelь-may va sentyabrь-oktyabrь oylariga moslashgan. Lekin bu mavsumni uzaytirish uchun yetarli imkoniyat bor.

Masalan, qishda Toshkent va Jizzax viloyatlarida changʼi, boshqa joylarda yozda choʼmilish maskanlarini tashkil etib, turistik mavsumga yana ikki oy qoʼshish mumkin. Shuningdek, yozda 22 ta qoʼriqxona, 24 ta milliy tabiat bogʼi va tabiat yodgorliklari imkoniyatidan ham foydalansa boʼladi.

Shu kabi manbalar asosida, yozgi va qishki mavsumlarga moʼljallangan loyihalar ishlab chiqish, turistik mavsum boʼlmagan kunlarda sayyohlar uchun qiziqarli festival va madaniyat tadbirlari tashkil qilish vazifasi qoʼyildi.

Yana bir masala – mamlakatimizda 8 mingdan ziyod madaniy meros obʼektlari va 122 ta muzey bor. Yoshlar uchun adabiyot, tarix, geografiya, tasviriy sanʼat kabi fanlarni ushbu maskanlarda tashkil etish maqsadga muvofiqligi aytib oʼtildi.

Bu yil yurtimizda Jahon turizm tashkiloti Bosh assambleyasining yigʼilishi oʼtkaziladi. Samarqand 2023 yilda Jahon turizm poytaxti boʼladi.

Davlatimiz rahbari bu yil Vatanimizning boy madaniyati va turistik salohiyatini jahonga targʼib qilish yili boʼlishi kerakligini taʼkidladi.

Shu maqsadda marketing va reklama bilan sayyohlarni jalb qilish uchun 100 milliard soʼm ajratilishi belgilandi. “Oʼzbekiston tashrif qogʼozi”ni ishlab chiqib, turizm brendini yangilash, xalqaro telekanallar va internet platformalarida Oʼzbekiston haqidagi reklama roliklarini koʼpaytirish muhimligi qayd etildi.

Umuman, bu yil 7 million xorijiy va 15 million ichki sayyohlarni jalb qilish, soha eksportini 2,5 milliard dollarga yetkazish imkoniyati borligi koʼrsatib oʼtildi.

Yigʼilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan vazir va hokimlar, tadbirkorlar oʼz fikr va takliflarini bildirdi.