Keyingi yillarda mamlakatimizda “Inson qadri uchun” degan ezgu gʼoya asosida har bir fuqaro erkin va farovon yashaydigan Yangi Oʼzbekistonni barpo etish maqsadida xalqimizning azaliy orzu-intilishlariga hamohang va uygʼun holda keng koʼlamli islohotlar olib borilmoqda.

Oldimizga qoʼygan bunday ulugʼvor vazifani amalga oshirishda biz eng avvalo qadimiy tariximiz va boy madaniyatimizga, yuksak insonparvarlik tamoyillarini oʼzida mujassam etgan milliy va diniy qadriyatlarimizga tayanishimiz tabiiydir. Аyniqsa, el-yurtimiz doimo orziqib, katta xursandchilik bilan kutib oladigan, jamiyatimizda tinchlik, doʼstlik, mehr-oqibat va bagʼrikenglik muhitini mustahkamlashga xizmat qiladigan muqaddas Ramazon oyining bu borada alohida oʼrni va ahamiyati borligini taʼkidlash lozim.

Butun dunyo musulmonlari qatori xalqimiz uchun ezgulik, mehr-muruvvat, saxovat, olijanoblik va shukronalik timsoli boʼlgan muborak Ramazon oyini munosib kutib olish va yuqori saviyada oʼtkazish, diniy-maʼrifiy, madaniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va ulugʼlash maqsadida:

1. 2023 yil muborak Ramazon oyining boshlanishi 23 mart kuniga toʼgʼri kelishi haqidagi Oʼzbekiston musulmonlari idorasining axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.

2. Qoraqalpogʼiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Din ishlari boʼyicha qoʼmita va hamkor tashkilotlar bilan birgalikda Ramazon oyini milliy anʼana hamda qadriyatlarga mos va munosib tarzda oʼtkazishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirsin.

Hududlarda Ramazon oyining mazmun-mohiyatida mujassam boʼlgan odamiylik, inson shaʼnini ulugʼlash, yaxshilik va mehru saxovat kabi fazilatlarni namoyon etadigan, bugungi tinch va osoyishta hayotimizni qadrlash, oila va mahallalarda, butun yurtimizda mehr-oqibat, oʼzaro hurmat muhitini mustahkamlash, kam taʼminlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilarni har tomonlama qoʼllab-quvvatlashga qaratilgan tadbirlarni tashkil etishga alohida eʼtibor qaratilsin.

3. Oʼzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʼzbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Ramazon oyini oʼtkazish bilan bogʼliq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.

4. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʼzbekiston Respublikasining Bosh vaziri А.N. Аripov va Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi M.M. Kamilov zimmasiga yuklansin.