Prezident Shavkat Mirziyoev 10 mart kuni qurilish loyihalari taqdimoti bilan tanishdi.

Mamlakatimiz taraqqiyoti va hayot talabi bilan bunyodkorlik koʼlami ortmoqda. Аyniqsa, Toshkent shahrida juda koʼp ijtimoiy-iqtisodiy inshootlar qurildi. Davlatimiz rahbari bu masalani alohida eʼtiborga olib, poytaxtning meʼmoriy qiyofasini saqlab qolish, kelgusidagi qurilishlarni shahar tashqarisida qilish vazifasini qoʼygan edi.

Shunga muvofiq, Yangi Toshkent shaharchasi loyihasi ishlab chiqilmoqda. Taqdimotda Prezidentimizga shu haqida axborot berildi.

Unga koʼra, birinchi bosqichda 6 ming gektarda bunyodkorlik qilish rejalashtirilgan. Shundan kelib chiqib, istiqbolli qurilish hududlari, yangi shahar bilan poytaxtni birlashtiruvchi asosiy yoʼllar sxemalari ishlab chiqilgan.

Shaharcha yangi maʼmuriy va iqtisodiy markaz boʼladi. Poytaxtimizning sharqiy qismida, Yuqori Chirchiq va Oʼrta Chirchiq tumanlari hududida barpo etiladi. 800 ming aholiga moʼljallangan boʼladi.

U yerda vazirlik va idoralar, oliy taʼlim muassasalari, sogʼliqni saqlash tashkilotlari, teatr, kutubxona, mehmonxonalar, turar joy binolari, bogʼlar oʼrin oladi. Xususan, yashil hududlar 363 gektarni tashkil qilishi koʼzda tutilgan.

Maʼlumki, Samarqand viloyatida Imom Buxoriy majmuasi yangidan barpo etilmoqda. Bugungi kunda binolar qurib bitkazilib, pardozlash ishlari olib borilmoqda. Majmua devorlari milliy naqshlar bilan sayqallanadi, naqqoshlik va xattotlik sanʼati uygʼunlashadi. Uning devorlariga qadimiy uslubda Qurʼoni karim suralari va hadislar yoziladi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan majmuada Imom Buxoriy muzeyi ham tashkil etilishi rejalashtirilgan. Tadbirda ushbu muzeyning kontseptual loyihasi taqdimoti ham oʼtkazildi.

Muzey boy madaniy qadriyatlarimizni oʼzida jam qilish barobarida zamonaviy dizaynga ega boʼladi. 8 ta pavilьon, xususan, Muhammad alayhissalom va nubuvvat tarixi, hadis ilmining paydo boʼlishi va rivojlanishi, Imom Buxoriyning hayoti va ilmiy faoliyati, Imom Buxoriy fazilatlari, bolalar boʼlimi, “Аl-jome as-sahih” - islom dinining ikkinchi manbasi, Imom Buxoriy merosining bugungi kundagi ahamiyati, Yangi Oʼzbekistonda diniy-maʼrifiy islohotlar va Imom Buxoriy merosiga eʼtibor kabi mavzularga boʼlinadi.

Davlatimiz rahbari muzeydan oʼrin olgan har bir ashyo va vizual maʼlumot ziyoratchilarga maʼrifat yetkazishi kerakligini alohida qayd etdi.

Mamlakatimizda biznes muhit yaxshilangani sari tashqi savdo aloqalari ham kengayib bormoqda. Bunga mutanosib ravishda bojxona infratuzilmasini ham rivojlantirish zarurati tugʼilmoqda.

Xususan, Oʼzbekistonning Qozogʼiston bilan chegaradagi “Gʼishtkoʼprik” bojxona posti orqali har kuni koʼplab insonlar oʼtadi.

Shu bois mazkur bojxona posti uchun zamonaviy majmua barpo etish rejalashtirilgan. Yangi terminal, avtomobilь yoʼli, avtoturargoh, oshxona, tibbiyot xonasi, savdo va maishiy xizmat shoxobchalari barpo etilishi koʼzda tutilmoqda.

Prezident majmuada yoʼlovchilar uchun barcha qulayliklarni yaratish, bojxona nazorati va yuklarni oʼtkazish jarayonini raqamlashtirish boʼyicha koʼrsatmalar berdi.

Taqdimotda, shuningdek, mamlakatimizning Birlashgan Аrab Аmirliklari va Ozarbayjon Respublikasidagi elchixonalarining yangi binolari loyihalari haqida ham axborot berildi.