Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Bahor va tabiat uygʼonishining timsoli, sharqona yangi yilning boshlanishi boʼlgan Navroʼzi olamni baland ruh va katta shodiyona bilan nishonlash azal-azaldan el-yurtimiz uchun goʼzal anʼana hisoblanadi.

Xalqimizning koʼp asrlik ezgu qadriyatlarini, uning orzu-intilishlarini oʼzida mujassam etgan ushbu qutlugʼ ayyom mustaqillik yillarida mamlakatimizda yashayotgan turli millat va elatlarga mansub barcha vatandoshlarimiz uchun umumxalq bayramiga aylandi.

Navroʼzi olamning ruhi va falsafasida mujassam boʼlgan yaxshilik va bagʼrikenglik, ahillik va hamjihatlik, atrof-muhitni koʼz qorachigʼidek asrab-avaylash kabi olijanob gʼoyalar Yangi Oʼzbekistonda amalga oshirilayotgan tarixiy oʼzgarishlarning maqsad va mazmuniga toʼla hamohangdir.

Hozirgi kunda jamiyatimizda hukm surayotgan tinchlik, doʼstlik va birodarlik tuygʼularini mustahkamlash, xalqimiz, avvalo, yosh avlodimiz qalbi va ongida Vatanimizning buguni va kelajagiga daxldorlik tuygʼusini kuchaytirishda Navroʼz bayramining ahamiyati tobora ortib bormoqda.

El-yurtimiz yasharish va yangilanish, mehr-oqibat fasli sifatida eʼzozlaydigan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan xalqaro bayram deb eʼtirof etilgan Navroʼzning maʼnaviy hayotimizdagi ulkan oʼrni va taʼsirini inobatga olib, ushbu ayyomni milliy qadriyat va urf-odatlarimizga uygʼun tarzda, har tomonlama munosib darajada nishonlash maqsadida:

1. 2023 yilgi Navroʼz umumxalq bayrami mamlakatimizda “Har kuning Navroʼz boʼlsin, jonajon Oʼzbekistonim!” degan bosh gʼoya asosida umumxalq sayillari shaklida koʼtarinki ruh va yuksak saviyada nishonlansin.

2. Quyidagilar:

2023 yilgi Navroʼz umumxalq bayramiga tayyorgarlik koʼrish va uni oʼtkazish boʼyicha tashkiliy qoʼmita tarkibi 1-ilovaga muvofiq;

2023 yilgi Navroʼz umumxalq bayramini nishonlash boʼyicha “yoʼl xaritasi” 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Tashkiliy qoʼmita 2023 yilgi Navroʼz umumxalq bayramini nishonlash boʼyicha “yoʼl xaritasi”da belgilangan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi hamda ushbu ayyomning Qoraqalpogʼiston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida, barcha shahar va tumanlar, qishloq va ovullarda umumxalq sayillari shaklida keng nishonlanishini taʼminlasin.

3. Bayram tadbirlariga tayyorgarlik koʼrish va ularni oʼtkazishda quyidagi masalalarga alohida eʼtibor qaratilsin:

Navroʼz ayyomiga xos yangilanish va bunyodkorlik ruhini, ona zaminga mehr va eʼtibor, inson va tabiat oʼrtasidagi uygʼunlikni ifoda etadigan, kishilarni bugungi tinch va farovon hayotni qadrlab, atrof-muhit hamda uning neʼmatlarini asrab-avaylashga, ezgu orzu-maqsadlar bilan yashashga undaydigan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarni tashkil etish;

mamlakatimizda Yangi Oʼzbekistonni barpo etish va inson qadrini ulugʼlash maqsadida amalga oshirilayotgan keng koʼlamli islohotlar, xalqimizning hayoti, dunyoqarashida yuz berayotgan ijobiy oʼzgarishlarni Navroʼzning azaliy qadriyat va anʼanalari bilan muvofiq tarzda, taʼsirchan badiiy vositalar orqali aks ettirish;

obodlik va farovonlik ramzi boʼlmish Navroʼz bayrami arafasida barcha shahar va qishloqlarda, ovul va mahallalarda umumxalq hasharlari, keng qamrovli obodonchilik va koʼkalamzorlashtirish ishlarini tashkil etish;

xalqimizga xos boʼlgan mehr-muruvvat fazilatlarini davom ettirib, muhtaram nuroniylarimizni har tomonlama eʼzozlash, “Mehribonlik”, “Muruvvat” va “Saxovat” uylarida yashayotgan kishilarga, yordam va koʼmakka muhtoj fuqarolarga begʼaraz yordam berish bilan bogʼliq xayriya tadbirlarini oʼtkazish;

yurtimizda millatlararo doʼstlik va fuqarolararo totuvlik muhitini mustahkamlash, shu maqsadda amalga oshirilayotgan tizimli ishlarning amaliy natijalarini, Oʼzbekiston fuqarosi boʼlgan turli millat va elatlar vakillari tomonidan Navroʼz umumxalq bayramini nishonlashga oid tadbirlarni tashkil etish va keng yoritish;

joylarda boʼlib oʼtadigan sayillarga folьklor guruhlari, badiiy havaskorlik jamoalari, dorbozlar va baxshilar, shuningdek, isteʼdodli anʼanaviy ijrochilar va estrada artistlarini jalb etish;

Navroʼz sayillarining dasturlarini tayyorlashda qadimiy urf-odatlarimiz va xalq oʼyinlari, madaniy merosimizning yorqin namunalari boʼlgan kuy va qoʼshiqlar, oʼlan va laparlarga keng oʼrin berish;

bayram tadbirlari doirasida hunarmandchilik koʼrgazmalari, milliy sport turlari boʼyicha musobaqalar uyushtirish, kitob rastalari, koʼchma savdo doʼkonlarini tashkil qilish, koʼklam taomlarini tayyorlash va ularning savdosini yoʼlga qoʼyish;

ommaviy axborot vositalarida Navroʼzning tarixi va mohiyatini, hududlarda, shuningdek, chet ellardagi vatandoshlarimiz davralarida bayramni nishonlash boʼyicha shakllangan urf-odat va anʼanalarni keng yoritish.

4. Madaniyat va turizm vazirligi (O.А.Nazarbekov):

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi (M.M.Hojimatov), Yozuvchilar uyushmasi (S.S.Saidov) bilan birgalikda bir hafta muddatda Toshkent shahrida Navroʼz bayramiga bagʼishlab oʼtkaziladigan teatrlashtirilgan kontsert tomoshasining dasturi va stsenariysini ishlab chiqsin;

mazkur kontsert tomoshasini tajribali stsenarist va rejissyorlar, kompozitor va bastakorlar, baletmeysterlar, sahna rassomlari, isteʼdodli yosh ijrochilar, folьklor sanʼati vakillarini jalb etgan holda yuqori badiiy saviyada tayyorlash choralarini koʼrsin.

5. Qoraqalpogʼiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bir hafta muddatda Navroʼz umumxalq sayillariga har tomonlama munosib tayyorgarlik koʼrish va ularni yuqori saviyada oʼtkazish boʼyicha hududiy chora-tadbirlar dasturlarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

6. Belgilab qoʼyilsinki, oʼtkaziladigan bayram tadbirlari bilan bogʼliq xarajatlar:

Toshkent shahrida – respublika byudjeti va Toshkent shahar mahalliy byudjeti mablagʼlari hisobidan teng ulushlarda;

Qoraqalpogʼiston Respublikasi va viloyatlarda – tegishli mahalliy byudjetlar hamda joylardagi homiylik xayriyalari hisobidan qoplanadi.

7. Oʼzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʼzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, “Dunyo” axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Navroʼz umumxalq bayramiga tayyorgarlik koʼrish va uni oʼtkazish boʼyicha amalga oshirilayotgan ishlarni atroflicha yoritib borish tavsiya etilsin.

8. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʼzbekiston Respublikasining Bosh vaziri А.N.Аripov va Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi O.Q.Аbdurahmonov zimmasiga yuklansin.

 

Oʼzbekiston Respublikasi

 Prezidenti Sh.MIRZIYoEV

 

Toshkent shahri, 

2023 yil 1 mart