Joriy yilning 10 yanvar kuni Saudiya Arabistonida xizmat safarida bo‘lib turgan O‘zbekiston delegatsiyasi “Haj – 2023” mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish doirasida bir nechta mehmonxonalar, oshxonalar va avtobus saroylari bilan yaqindan tanishib, yuksak darajada xizmat ko‘rsatish mezonlari va yuqori sifat talablari nuqtai nazaridan tahliliy o‘rganib chiqildi.

Tanishish jarayonida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Muzaffar Komilov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiq Toshboyev va O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov o‘zbekistonlik ziyoratchilar ibodatlarini mukammal, to‘liq ado etishlari uchun barcha qulay shart-sharoitlarni hozirlashga alohida diqqat qaratdilar. 

Makka shahrida joylashgan bir necha mehmonxonalarni ko‘zdan kechirish chog‘ida delegatsiya a’zolari ularning kirish foyelari kengligi, xonalardagi sharoitlar, ayniqsa, o‘rinlar soni, sanuzel holati, oshxona sig‘imi, ishchi va tibbiyot guruhlari xizmat ko‘rsatishlari uchun ajratilgan joylar bilan yaqindan tanishdilar.

Shuningdek, mutasaddilar hojilarga taom tayyorlash borasida xizmat ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan vakillar bilan uchrashib, oshxonalardagi shart-sharoitlar, oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash omborlari, sanitariya-gigiyena talablariga javob berishi, ovqat pishiradigan qozonlar va anjomlar sinchkovlik bilan ko‘zdan kechirildi.

O‘rganish jarayonlarida transport vositalari, xususan Madina va Makka hamda Makka va Jidda yo‘nalishlarida zamonaviy avtobuslar ajratilishiga ham jiddiy e’tibor qaratildi.

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita
Axborot xizmati