Bugun, 9-yanvar kuni Jidda shahrida joylashgan “Superdome”  forumlar saroyida boshlangan Haj va umra xizmatlari konferensiya-ko‘rgazmasida O‘zbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etmoqda. 

Saudiya Arabistoni Makka Amiri, Ikki muqaddas masjid xodimi maslahatchisi Shahzoda Xolid al-Faysal tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur nufuzli tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Muzaffar Komilov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiq Toshboyev va O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov ishtirok etmoqda. 

Ushbu ko‘rgazma joriy yilning 12-yanvar kuniga qadar davom etadi. Mazkur xalqaro ko‘rgazma Saudiya Arabistoni Podshohligi hukumati "Haj-2023" tadbirlariga puxta tayyorgarlik ko‘rish uchun o‘tkazilmoqda. 

Tadbirda dunyoning turli davlatlaridan vazirlar, muftiylar, haj va umra tadbirlarini tashkil etishga ma’sul Saudiya Arabistonining idoralari va xalqaro kompaniyalar ishtirok etmoqda.

Ko‘rgazma doirasida "Haj-2023" mavsumida mehmonxona, ovqatlanish, transport, qurbonlik, Mino, Arafot va Muzdalifa vodiylarida xizmat ko‘rsatish bo‘yicha zamonaviy loyihalar taqdimot qilinadi.

Ushbu tadbir Saudiya tarixida keng jabhada birinchi bor tashkil etilayotgani bilan katta ahamiyatga ega bo‘lib, bu orqali Saudiya hukumati haj va umra ziyoratchilariga sifatli xizmat ko‘rsatilishini tashkil etish borasidagi maqsadlarni o‘z oldiga qo‘ygan.

Anjuman doirasida Haj va umra ziyoratchilariga ko‘rsatilayotgan xizmatlar haqida o‘zbek, arab va ingliz tillarida chop etilgan "O‘zbekistonlik ziyoratchilar uchun haj va umra xizmatlari" nomli fotoalbom ayrim ishtirokchilarga taqdim etildi. 

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Axborot xizmati