Joriy yil 8-yanvar kuni Jidda shahrida O‘zbekiston delegatsiyasi va Saudiya Arabistoni Podshohligi Haj va umra ishlari vaziri o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. 

Muloqotda Haj va umra ishlari vaziri Tavfiq bin Favzon ar-Rabia hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Muzaffar Komilov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev va O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla hazratlari ishtirokida o‘zaro aloqalarning istiqbollari hamda 2023-yilgi haj mavsumini yuqori darajada tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuvda Prezident maslahatchisi Muzaffar Komilov O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni Podshohligi o‘rtasidagi hamkorlik bosqichlari, haj va umra tadbirlarini tashkil etish rivojlanib borayotgani, so‘nggi yillarda ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalar taraqqiy etayotgani, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2022-yil avgust oyida ikki Muqaddas masjid xodimi, Podshoh Salmon bin Abdulaziz Ol Saud taklifiga binoan, davlat tashrifi bilan Saudiya Arabistoniga borishi hamkorlik munosabatlarini yanada yuksak darajaga ko‘tarishga xizmat qilayotgani alohida qayd etdi.

Shuningdek, Muzaffar Komilov Haj va umra ishlari vaziri Tavfiq bin Favzon ar-Rabiaga nufuzli anjumanga taklif etgani va samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, mazkur tashrif natijasida hamkorlik munosabatlarini yanada takomillashtirish asosiy maqsad ekanini ma’lum qildi.

Vazir janoblari so‘nggi yillarda Saudiya Arabistoni va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari rivojlanib borayotgani, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Saudiya Arabistoniga davlat tashrifi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqqanini e’tirof etdi.

Shuningdek, vazir Saudiya Arabistoni fuqarolari uchun O‘zbekistonga safar qilishda vizasiz tizim joriy etilgani juda katta yengillik ekanini ta’kidlash barobarida ushbu imkoniyatlarni Saudiya Arabistonida keng targ‘ib etish yaxshi natija berishini bildirdi.  

Uchrashuvda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev va O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla Xoliqnazarov hazratlari haj va umra ziyoratchilariga xizmat ko‘rsatish sifatini yanada oshirish borasida o‘z fikr-mulohazalarni taqdim etdilar.

Muzokaralarda Madina shahridagi Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam siyratlariga oid innovatsion muzey kabi Samarqand viloyati Imom Buxoriy majmuasida ham mazkur buyuk muhaddis hayoti va ijodiga bag‘ishlangan muzey barpo etish ishlari jadal davom ettirilayotganini bayon qilindi. O‘z navbatida vazir janoblari ushbu muzeyning ochilish marosimiga borish niyatida ekanini ma’lum qildi.

Muloqot yakunida tomonlar sovg‘alar topshirdilar va esdalik uchun suratga tushdilar.

Din ishlari bo'yicha qo'mita Axborot xizmati