Konstitutsiya, eng avvalo, har bir mamlakatning suvereniteti, milliy davlatchiligining rivoji, fuqarolarning hayoti, jamiyatdagi oʻrni va turmush tarzining huquqiy asoslarini belgilab beradigan asosiy qonun hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining o‘ttiz yilligi respublikamiz bo‘ylab ko‘tarinki kayfiyatda nishonlanmoqda. Xususan, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ham “Bosh qomusimiz – adolat mezoni” nomli ma’naviy-ma’rifiy bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi, deya xabar bermoqda Akademiya Axborot xizmati.

Tantanali marosimda yurtimizdagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi rahbarlari, turli diniy konfessiya vakillari, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita xodimlari, Akademiya professor-o‘qituvchilari, xodimlari hamda talabalar ishtirok etdi. 

Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Muzaffar Komilov tabrik so‘zi bilan ochib berarkan, yig‘ilganlarni yana bir bor bayram bilan muborakbod etdi.

Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, professor Xalim Boboyev so‘zga chiqib, demokratik davlatning vujudga kelishi shart-sharoitlari, uning taraqqiyot bosqichlari, barkamol avlod, yetuk shaxs tarbiyasi, mamlakatimizda tinchlik va barqarorlikni ta’minlashda Bosh qomusimizning ahamiyati haqida so‘z yuritdi.

Xabaringiz bor, Asosiy qomusimiz qabul qilinganining 30 yilligi munosabati bilan davlatimiz rahbari tomonidan “Oʻzbekiston Konstitutsiyasining 30 yilligi” esdalik nishonini taʼsis etish toʻgʻrisida”gi Farmoni qabul qilingan edi. Mazkur esdalik nishoni bilan mamlakatimiz mustaqilligini mustahkamlash, uning iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy, ilmiy, maʼnaviy salohiyatini yuksaltirish, tinchlik va barqarorlik, millatlararo doʻstlik va totuvlikni asrash, Yangi Oʻzbekistonda demokratik islohotlarni chuqurlashtirish, yosh avlodni qonunga hurmat, Vatanga mehr va sadoqat ruhida tarbiyalash ishlariga munosib hissa qoʻshib kelayotgan bir guruh yurtdoshlarimiz taqdirlandi. Ahamiyatlisi, ularning safida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining bir guruh-professor-oʻqituvchilari ham borligi barchamizni quvontiradi. Tadbirda mukofotlanganlarga esdalik nishoni tantanali tarzda topshirildi.

Rasmiy chiqishlardan so‘ng marosimning badiiy qismi boshlandi. Unda O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zosi, “Do‘stlik” ordeni sohibasi, shoira Sayyora To‘ychiyeva tomonidan “Vatan madhi” she’ri tomoshabinlarga havola etildi. 

Shuningdek, mehmon san’atkorlar – Ahror Usmonov, Dilfuza Rahimovaning kuy-qo‘shiqlari bayramga o‘zgacha tarovat baxsh etdi.

“Ziyo-zukko” umumta’lim maktabi o‘quvchilarining raqslari, she’rlari, Akademiya talabalari ijrosidagi sahna ko‘rinishlari, milliy, opera yo‘nalishidagi qo‘shiqlar yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.

Din ishlari bo'yicha qo'mita Axborot xizmati