O‘zbekistonda azaldan turli dinlarga e’tiqod qiluvchi xalqlar tinch-totuv yashab kelgan. Ayniqsa, keyingi yillarda xalqimizning qon-qoniga singib ketgan bag‘rikenglik an’anasi davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, uni yanada rivojlantirishga sharoit yaratib berilayotgani e’tiborga molikdir. Xususan, O‘zbekistonda fuqarolarning vijdon va diniy erkinligi sohasidagi konstitutsion huquqlarini ta’minlash, jamiyatda diniy bag‘rikenglik va dinlararo do‘stlik-hamkorlik g‘oyalarini mustahkamlashga alohida ahamiyat qaratilmoqda.

Bugungi kunda O‘zbekistonda 16 ta diniy konfessiyaga mansub 2333 ta diniy tashkilot (2142 ta islomiy, 174 ta xristian diniy tashkiloti, 8 ta yahudiy diniy jamoasi, 6 ta bahoiy jamoalar, 1 ta krishnani anglash jamiyati, 1 ta buddaviylar ibodatxonasi va 1 ta O‘zbekiston Bibliya jamiyati) faoliyat yuritmoqda. Respublikada faoliyat olib borayotgan turli diniy konfessiyalar faoliyatini muvofiqlashtirish maqsadida Prezidentimizning 2018-yil 16-apreldagi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita huzuridagi Konfessiyalar ishlari kengashining yangi tarkibi tasdiqlandi. Uning tarkibiga mamlakatimizdagi barcha konfessiya vakillari kiritildi.

Konfessiyalar ishlari kengashi yig‘ilishlarida yurtimizda mavjud dinlararo bag‘rikenglikning mustahkamlanishi, diniy tashkilotlarning amaldagi qonunchilik normalariga asoslangan holda faoliyat olib borishi, yuzaga kelayotgan muammo va masalalarning belgilangan tartibda hal etilishi kabi masalalar muhokama qilinadi.

Ma’lumki, 2021-yil 5-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasining “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonuni yangi tahrirda qabul qilindi. Qonunning qabul qilinishi tarixiy voqea bo‘ldi. Sababi, mazkur Qonunda tarixan shakllangan an’ana, urf-odat va qadriyatlarni inobatga olgan holda, Yevropa Kengashining Venetsiya komissiyasi, YeXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi kabi nufuzli xalqaro tuzilmalar ekspertlari tomonidan berilgan tavsiyalar ham o‘z aksini topgan. Qonun bir nechta muhim yangilik va huquqiy asosni qo‘llash amaliyotini takomillashtirishni o‘z ichiga oldi. Xususan, mahalliy diniy tashkilotlar, jumladan, masjidlar va boshqa konfessiyalarning ibodatxonalarini tashkil etish bo‘yicha tashabbuskor fuqarolar soni ikki barobar kamaytirilib, 50 nafardan kam bo‘lmagan holda belgilandi. Shuningdek, diniy tashkilotning markaziy boshqaruv organi va diniy ta’lim muassasalarini tuzish uchun ham 100 nafar tashabbuskor bo‘lishi haqidagi talab bekor qilindi.

Diniy tashkilotni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bilan bog‘liq xizmatlar to‘liq elektron shaklda, inson omilisiz amalga oshirilishi joriy etildi. Ro‘yxatdan o‘tkazuvchi adliya idoralariga taqdim etiladigan hujjatlar soni keskin qisqardi, ularni ko‘rib chiqish muddati esa 3 barobar kamayib, 3 oydan 1 oyga tushirildi. Bu bilan ortiqcha byurokratik to‘siqlar bartaraf etildi.

Qonunning 23-moddasida diniy tashkilotni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni rad etish asoslari belgilanib, unda ko‘rsatilmagan asoslarga ko‘ra, rad etishga yo‘l qo‘yilmasligi ta’minlandi. Shu bilan birga, diniy tashkilotning faoliyatini to‘xtatib qo‘yish va tugatish faqatgina sud orqali bo‘lishi, ro‘yxatdan o‘tkazadigan va boshqa davlat organlari bunga haqli emasligi, mansabdor shaxslarning muayyan diniy tashkilot qonuniy manfaatlarini buzuvchi xatti-harakatlari ustidan sudga murojaat qilinganda diniy tashkilot davlat bojini to‘lashdan ozod etilishi kabi qo‘shimcha kafolatlar nazarda tutildi. 

Bundan tashqari, amaldagi qonunchilik hujjatlarida “ibodat libosi” tushunchasining huquqiy ta’rifi mavjud emasligi sababli jamoat joylarida ibodat libosida yurishga taqiq qonundan chiqarib tashlandi.

2017-2021-yillarda diniy ta’lim tizimi ham tubdan takomillashtirildi, yangidan-yangi ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. 

Hozirgi kunda respublikamizda dunyoviy va diniy ilmlarni puxta egallagan yetuk mutaxassislarni tayyorlashga ixtisoslashgan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Toshkent islom instituti, Mir Arab oliy madrasasi, Hadis ilmi maktabi, 10 ta o‘rta maxsus islom bilim yurti hamda pravoslav va protestant seminariyalari faoliyat yuritmoqda. Oliy va o‘rta maxsus islom bilim yurtlarida 2300 dan ziyod yosh bilim olmoqda. Ularga 210 nafar pedagog dars beradi.

Bundan tashqari, hududlarda maxsus ilmiy maktablar ham tashkil etilgan bo‘lib, ularda islom dini ta’limotlari o‘rganiladi, jumladan, Farg‘onada “Fiqh”, Samarqandda “Kalom” va “Hadis”, Qashqadaryoda “Aqida”, Buxoroda “Tasavvuf” maktablari o‘z tinglovchilariga ega. 

Shuningdek, yurtimizda Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy kabi buyuk allomalarning hayoti va ijodini o‘rganishga mo‘ljallangan ilmiy-tadqiqot markazlari ham faoliyat olib bormoqda.

Fuqarolarning Qur’oni karimni o‘rganishi yuzasidan xohish-istaklari va ehtiyojlarini qondirish maqsadida diniy ta’lim muassasalari, ilmiy maktablar hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasining ayrim viloyat vakilliklari qoshida, shuningdek, O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi hamda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Qur’oni karim va tajvid” kurslari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Mazkur kurslarni hozirgi kunga qadar 24 mingdan ortiq tinglovchi tamomladi. 

Mamlakatimizdagi dinlararo bag‘rikenglikni yoritib beruvchi misollardan yana biri – bu diniy konfessiyalar tomonidan o‘z diniy bayramlarini erkin nishonlayotganidir. 

Ushbu bayramlarda diniy konfessiyalar vakillari bir-birlarini diniy bayramlar bilan tabriklashi an’anaga aylangan. Hozirda musulmonlar tomonidan ikki hayit bayrami, xristianlar tomonidan Rojdestvo va Pasxa bayramlari, yahudiylar tomonidan Peysax va Xanuka bayramlari, bahoiylar tomonidan Navro‘z bayrami, shuningdek, buddaviylar va krishnachilarga oid diniy bayramlarning keng nishonlanishi ham ta’minlangan.

Davlatimiz rahbarining “Qurbon hayitini nishonlash to‘g‘risida”gi qarorida ham xalqimizning qadimiy va betakror bayramlaridan biri bo‘lgan muborak Qurbon hayitining mazmun-mohiyatida mujassam bo‘lgan insonparvarlik, ezgulik, shukronalik va mehr-oqibat singari an’ana va qadriyatlarni asrab-avaylash hamda keng targ‘ib etish, ushbu ulug‘ bayramni mamlakatimizda munosib nishonlash kabi maqsadlar mujassam bo‘lgani e’tiborga molikdir. Ayni bayram kunlarida yurtdoshlarimiz moʻtabar yodgorlik va qadamjolarga ziyorat qiladi, bemorlar va keksalar holidan xabar oladi, ehtiyojmand insonlarga mehr va saxovat ko‘rsatadi. Ulug‘ ajdodlarimiz o‘gitlarini yodga olib, ularning haqlariga duolar qilishadi. 

Imom Abu Mansur Moturudiy o‘z hikmatlaridan birida shunday deydi: “Alloh taolo Qur’oni karimda: “Libosingni pokla!” deb marhamat qilgan. Demak, inson haqiqiy libosi – xulqi, amali va gap-so‘zlarini poklashi kerak.” Bu kabi hikmatlardan boxabar bo‘lgan avlod qaysi jabhada faoliyat olib bormasin, pok qalbi va amali bilan jamiyatga foyda keltirishi shubhasiz.

Ta’kidlab o‘tish joizki, mustaqillik yillarida jami 300 mingdan ziyod yurtdoshlarimiz Saudiya Arabistoniga Haj va Umra ziyoratlariga, shuningdek, deyarli 3 mingga yaqin fuqaro Isroil, Rossiya, Gruziya, Turkiya kabi davlatlarda joylashgan muqaddas maskanlarni ziyorat qilishga muyassar bo‘ldi. 2022-yilgi Haj mavsumida esa tarixda ilk bor O‘zbekistondan 12 mingga yaqin ziyoratchi muqaddas Makka va Madina shaharlariga borishga musharraf bo‘ldi.

Shu bilan birga, Prezidentimiz tashabbusi bilan minglab mahkumlarning afv etilishi, fuqarolarning turli ro‘yxatlardan chiqarilishi, “Mehr” operatsiyalari doirasida mojaroli hududlardan ayollar va yosh bolalarning yurtimizga olib kelinishi, diniy tashkilotlarni ro‘yxatdan o‘tkazish tartibining soddalashtirilishi yuqori darajadagi islohotlar sifatida ekspertlar tomonidan e’tirof etildi. Qolaversa, O‘zbekiston so‘nggi 20 yilda AQSHning “Alohida tashvish tug‘diradigan davlatlar ro‘yxati”dan chiqarilgan ikkinchi mamlakat bo‘ldi.

Shuningdek, O‘zbekistonning ushbu yo‘nalishdagi ilg‘or tashabbuslari xalqaro hamjamiyatning olqishiga sazovor bo‘lmoqda. Misol uchun, davlatimiz rahbarining taklifiga ko‘ra, 2018-yil 12-dekabrda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 73-sessiyasida, tashkilotga a’zo 193 ta mamlakat tomonidan yakdillik bilan qabul qilingan “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” rezolyutsiyasini shular jumlasiga kiritish mumkin. 

Xalqaro miqyosda diniy bag‘rikenglik tamoyilining joriy qilinishiga yana bir yorqin misol sifatida joriy yil 16-20-may kunlari Toshkent, Samarqand va Buxoro shaharlarida o‘tkazilgan “Deklaratsiyalar muloqoti” xalqaro forumini aytib o‘tish mumkin. Ushbu forum Yevropa, Osiyo, Yaqin Sharq, Afrika va AQSHdan taniqli diniy ulamolar, ilohiyotchilar, huquqshunoslar, davlat va jamoat arboblarini bir joyga to‘pladi. O‘zbekiston tomonidan turli konfessiyalar vakillari, ilohiyotchilar, diniy ulamolar, tegishli vazirlik va idoralar mutaxassislari ishtirok etdi.

Forum jahon hamjamiyatiga o‘zbek xalqining boy madaniy, tarixiy, ilmiy va ma’naviy merosi, shuningdek, O‘zbekistonning siyosiy-huquqiy, dinlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash, jamiyatda do‘stlik va o‘zaro tushunish muhitini qo‘llab-quvvatlash borasidagi tajribasi bilan tanishish imkoniyatini beruvchi muhim platformaga aylandi.

Xalqaro forum yakunida “Buxoro deklaratsiyasi” qabul qilindi. Ushbu hujjat avval qabul qilingan Marokash (2016), Jakarta (2017), Potomake (2018), Punto-del-Este (2018) va Makka (2019) deklaratsiyalarning mantiqiy davomi bo‘ldi.

Xulosa qilib aytganda, yurtimizda diniy tashkilot va dindorlar uchun o‘z diniy an’ana va marosimlarini emin-erkin o‘tkazish, diniy amallarni bajarish uchun barcha sharoitlar yaratilganini alohida ta’kidlash mumkin. Bu holatni nafaqat yurtimiz fuqarolari, balki jahonning turli mamlakatlaridan keladigan mehmonlar hamda xalqaro tashkilotlar vakillari ham e’tirof etmoqda. Shu o‘rinda BMT Inson huquqlari bo‘yicha Bosh komissari Zayd al-Husaynning quyidagi so‘zlarini yodga solish kifoya: “Bugungi dinlararo va millatlararo notinchlik bo‘lib turgan tahlikali kunlarda O‘zbekistondagi mavjud dinlararo va millatlararo totuvlik boshqa davlatlar uchun ibrat bo‘lishga loyiqdir”.

Ulug‘bek JO‘RAYEV,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi

Imom moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodim

Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi 2022-yil 8-iyul, 137-son