“YASHIL MAKON” UMUMMILLIY LOYIHASI

Bismillahir Rohmanir Rohiym.

Islom dini atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy boyliklarni asrab-avaylash va ekologik muammolarni bartaraf etishga da’vat qiladi. Ayniqsa, dini mubinimizda ekin ekish savobli amalligi, qarovsiz yerlarni obod qilishga ulkan ajr-u mukofot berilishi va’da qilingan.

Bahor kelishi bilan ko‘ngillardan boshlangan obodlik xonadonlarimizga, ko‘cha-yu xiyobonlarimizga, mahallalarimizga, qishlog‘-u go‘shalarimizga, butun zaminimizga ko‘chadi. Buning natijasida har bir kishi yerga nihol qadashga kirishadi. Bu esa tabiat bilan insoniyat hamohangligini ifoda etadi.

So‘nggi yillarda jahonda kuzatilayotgan iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq global muammolar, afsuski, yurtimizni ham chetlab o‘tayotgani yo‘q. Ro‘y berayotgan chang-to‘zonlar, shuningdek, yog‘ingarchiliklarning keskin kamayib ketayotgani kabi tabiat injiqliklari bizga jiddiy ogohlik qo‘ng‘irog‘i bo‘lmoqda.

Shularni e’tiborga olib, joriy yil 2-fevral kuni Prezidentimiz raisligida ekologik holatni yaxshilash va “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgan edi. 

Yig‘ilishda qayd etilgan muhim masalalar ijrosini izchil ta’minlash maqsadida shu yil 1-mart kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashining bayonoti qabul qilindi. Bayonotda “Yashil makon” umummilliy loyihasining hayotimizda tutgan o‘rni haqida so‘z yuritilib, dinimiz ta’limoti asosida barcha yurtdoshlarimizni ushbu tadbirda faol ishtirok etishga chaqirish barobarida, qishloq-ovullarimiz, mahalla-ko‘ylarimizni obod qilish orqali yurtimizni bog‘-u bo‘stonga aylantirish nazarda tutildi.

Dinimiz tabiatni asrab-avaylashga, undan oqilona foydalanishga buyuradi. Nafas olib turgan jon, tirik organizm borki, unga aziyat yetkazishga hech kimning haqqi yo‘q. Qur’oni karimda bunday marhamat qilingan: “Yerni yaroqli qilib qo‘ygandan keyin unda buzg‘unchilik qilmangiz!” (A’rof surasi, 56-oyat).

Islom ko‘chat o‘tqazishga, ekin-tikin ishlariga doimo targ‘ib qiladi. Hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Kim biror o‘lik yerni tiriltirsa, ya’ni obod etsa, unga shunda ajr bordir. Shuningdek, undan biror jonzot yegan narsada unga sadaqa (savobi) bordir”, dedilar (Imom Dorimiy rivoyati).

Boshqa bir hadisi sharifda esa, “Kim Allohga ishonib, savob umid qilgan holda qarovsiz yerni obod qilsa, unga yordam va baraka berish Allohga lozim bo‘ldi”, deyilgan (Imom Bayhaqiy va Imom Tabaroniy rivoyatlari). Hadisdagi “Allohga lozim bo‘ldi”, degan jumla mazkur bandaga Allohning fazl-karami bo‘ldi, deganidir.

Sahobalardan bir qanchasi ekin ekish bilan shug‘ullangan. Abu Hurayra roziyallohu anhu sahobalar orasida zohidlardan bo‘lsa-da, dehqonchilik qilar edi. Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhu mo‘l hosil olish uchun o‘z yeriga o‘g‘itlar bilan ishlov berar edi. Zero, Muhammad sollallohu alayhi vasallam muborak hadislarida “Yerda ekin-tikin qilib rizq-ro‘zingizni talab qilingiz”, degan edilar (Imom Tabaroniy rivoyati).

Boshqa bir hadisi sharifda esa “Albatta, farishtalar ekin yoki ko‘chat ekuvchining haqqiga, modomiki, ekkan narsasi ko‘karib turarkan, istig‘for aytib turishadi”, deyilgan.

Rivoyat qilinishicha, sahoba Xuzayma ibn Sobitning bo‘sh yeri bor edi. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu u kishining yonlariga kelib “Ey Xuzayma! Bu yeringizga ko‘chat ekib qo‘ying”, dedilar. Shunda sahoba “Men keksayib qoldim”, dedi. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu: “Yo‘q, unday demang, bo‘sh turgan bu yeringizga, albatta, ko‘chat eking”, deb o‘zlari birga o‘sha yerga ko‘chat ekdi.

Odam alayhissalom jannatdan Yer yuziga tushirilganida Jabroil alayhissalom bug‘doy olib kelib, yerga ekishga buyuradi. Odam alayhissalom bug‘doyni yerga ekkan, sug‘organ va hosilni yig‘ishtirib olgan edi. 

Otamiz Odam alayhissalomdan qolgan mana shu ezgu an’ana asrlar osha sayqallanib, alohida qadriyat sifatida shakllandi. Bugun esa bu yurtimizda umummilliy harakat – “Yashil makon” loyihasiga aylandi.

Ayni kunlarda ushbu tashabbus yurtimizdagi barcha masjid, madrasa va ziyoratgohlarda keng ko‘lamda amalga oshirilib, din peshvolari tomonidan hududlarda yashil maydonlar barpo etilmoqda. 

So‘z isboti bilan go‘zal. Samarqand viloyati Payariq tumani Xo‘ja Ismoil shaharchasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan 1500 tupdan ziyod mevali va manzarali daraxt ko‘chati o‘tqazildi. Shu an’ana yurtimizning har bir hududida keng ko‘lamda davom etyapti.

Tabiat musaffoligini asrash, uni kelajak avlodga bekamu-ko‘st yetkazish – hayotiy vazifa. Ayniqsa, yosh avlodda ona tabiatga hurmat, uning bebaho ne’matlarini ardoqlash tuyg‘usini oshirish orqali ekologik madaniyatni, tozalikka rioya qilish ko‘nikmasini shakllantirishga erishamiz. Shu bois, ulamolar bayonotida uy-xonadonlarda, mahalla-go‘shalarda, masjid-madrasalarda ko‘kalamzorlashtirish, obodonlashtirish ishlarini keng ko‘lamda olib borish bugungi kundagi asosiy vazifa ekani yaqqol namoyon bo‘lmoqda.

XXI asrda sanoatning jadal rivojlanishi, tabiiy boyliklardan o‘rinsiz foydalanish oqibatida ekologik muvozanat buzilib, dunyoda ko‘plab iqlim muammolari yuzaga kelmoqda. BMT ma’lumotiga ko‘ra, iqlim o‘zgarishlari sabab hozir dunyoning 110 dan ortiq mamlakati cho‘llanishu qurg‘oqchilikdan aziyat chekmoqda. Agar har yili jahonda 4,7 million gektar o‘rmon yo‘q bo‘lib borayotganini inobatga olsak, kelgusida bu kabi muammolar yanada ortishi tabiiy.

Daraxtlar esa havoni filtrlovchi eng samarali vosita bo‘lib, o‘rtacha kattalikdagi bir tup daraxt taxminan 20 kilogramm karbonad angidridni yutishi mumkin. Bu esa ko‘pgina zamonaviy filtrlardan ham yaxshiroqdir.

Shuning uchun ham ota-bobolarimiz yerga, tabiatga o‘ta ehtiyotkorona munosabatda bo‘lib, doim uni asrab-avaylashga, “birni kessang, o‘nni ek”, deya bog‘-u rog‘lar barpo etishga intilgan. 

Shu aziz yurtning fuqarosi bo‘lgan har bir mo‘min-musulmon kishi daraxt ekib, ko‘chat o‘tqazib, o‘zi yashab turgan shahar-u qishlog‘ini, mahallasini obod qilishi shart. Bu bizga ikki karra yutuqdir. Avvalo, yurtimiz obod bo‘ladi, shahar-u qishloqlarimiz qiyofasi ko‘rkamlashadi. Ikkinchidan, bunday xayrli ishlarimizning savobi sadaqai joriya sifatida to qiyomatgacha amal daftarimizga to‘xtovsiz savob bo‘lib yozilib turadi, Alloh nasib.

Muxtasar aytganda, bugun yurtimiz bo‘ylab amalga oshirilayotgan shunday xayrli ishlarga har bir inson kamarbasta bo‘lishi farovon kelajagimiz kafolatidir. Yashil maydonlarni hosil qilish ishlarida faol bo‘lib, xonadonlarimiz atrofiga, mahalla-ko‘ylarimizga, ko‘chalarimizga bir tupdan ko‘chat o‘tqazsak, butun mamlakatimiz bog‘-u bo‘stonga aylanadi.

Nuriddin XOLIQNAZAROV,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy

Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi 2022-yil 16-mart, 54-son