12.12.2011

VATANPARVARLIK OLIY FAZILAT

Rahmatulloh SAYFUDDINOV
Toshkent shahar
 “Xo’ja Alambardor” jome’ masjidi imom-xatibi

Mustaqil mamlakatimizda kechayotgan islohotlar samarasi o’laroq, jamiyatimizning barcha jabhalarida munosib yutuqlar qo’lga kiritilayapti. Aholining tinch, osuda va farovon hayot kechirishini ta’minlash ana shu sa’y-harakatlarning tub mohiyatini tashkil etadi.

Tinchlik, osoyishtalik avvalo oiladan, mahalladan boshlanadi. Shu ma’noda, yurtimizdagi har bir aholi yashash joylarida, uchastka nozirlari, mahalla faollari, jamoat tashkilotlari vakillari ishtirokida fuqarolarni ogohlikka da’vat etuvchi tadbirlar o’tkazib kelinayotir.
Demak, Vatanni sevish, uni sog`inib yashash insoniyat fitratida mavjud bo’lgan o’ziga xos hisdir. Biror sabab bilan vatanini tashlab, boshqa yurtlarga ketgan kimsa eng og`ir damlarida uni qumsab, ko’z oldiga keltirishi va tug`ilib o’sgan zamini xaqida biror tashvishli xabar eshitganda qalban ezilishi ham vatanga bo’lgan muhabbatning belgisidir.  
Tarixdan ma’lumki, birorta millat boshqa bir millatni tahqirlamoqchi, yoki oyoqosti qilmoqchi bo’lsa, avvalo, uning vatanini bosib olib, vayron qilgan yoki uni vatanidan quvib chiqargan. O’z vatanini dushmanlar qo’lida qolganini ko’rgan millat uchun bundan ortiq xo’rlik va azob bo’lmasa kerak. Zero, Vatan, millat, din tushunchalari inson uchun har narsadan aziz va muqaddasdir.
Shuning uchun ham Vatan lafzi oldiga jonajon degan so’z qo’shib aytilishi odatga aylangan.
Xalqning boshiga og`ir kun kelganda jonini saqlash uchun vatanni tashlab qochish insoniylikka to’g`ri kelmaydi. Islomda Vatan tushunchasi keng qamrovli bo’lib, avvalo u istiqomat maskani, ya’ni uy-joy ma’nosida ishlatiladi. Islom dini ta’limotida inson o’zi yashab turgan vatanini, dinini, oila ahlini himoya qilishi eng ulug` amallardan ekanligi ta’kidlangan. Vatan himoyasi uchun harbiylar safida turish ham dinimizda ulkan savobli amal sanaladi. Payg`ambarimiz sallallohu alayhi vasallam: “Bir kecha kunduz “ribot”, (ya’ni dushman qarshisida turish) bir oy tutilgan nafl ro’za va o’qilgan tungi namozdan yaxshidir”, - deb marhamat qilganlar (Imom Muslim rivoyati).
 Olimlarimiz: “Har bir kimsaga ma’lumdirki, hayot olamida insonning eng sevgan, qadrli, qimmatli to’rt narsasi bordir. Bu to’rt narsaga ega bo’lmagan kishilar insonlik sharafidan mahrum bo’lurlar. Ular: ozodlik va erkinlik, mehnat bilan topilgan molga o’zi egalik qilmog`i, tug`ilib o’sgan ona vatani hamda asrlar bo’yi asrab-avaylab kelayotgan muqaddas dini” – deganlar.
 Hakimlar aytadilar: “Kishining vafodorligi uning o’z vatani uchun qayg`urishidan, birodarlarini sog`inishidan va umrining zoe ketkazgan lahzalariga o’kinib yashashidan bilinadi”. Insonning o’z xalqiga bo’lgan sadoqati va fidoyiligi uni vatanini himoya qilishiga, taraqqiy topib, har tomonlama mustahkam va qudratli bo’lishiga hamda xalqining tinch va farovon hayot kechirishiga imkoniyat darajasida hissa qo’shishga undashi lozim.
Mamlakatimiz mustaqillikka erishgan ilk kunlardan boshlab kelajagimiz egalari bo’lgan yoshlarga e’tibor kuchaytirildi. Barkamol avlod yilida diyorimizda amalga oshirilgan keng qamrovli ishlar kelajagimiz egalarini Vatanga, milliy istiqlol g`oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shu davrda yuksak maqsad – muddaolarga erishish uchun yurtimizda qonunchilik va huquq-tartibotni mustahkamlashning muhim bo’g`ini bo’lgan qurolli kuchlar hodimlariga yuksak e’tibor qaratildi, mazmun-mohiyatiga ko’ra ulkan ishlar amalga oshirildi.
Jonajon Vatanimiz tinchligi, osoyishtaligini ta’minlash, jinoyatchilikka qarshi kurashdek mas’uliyatli, shu bilan birga, savobli ishlarni bajarishga posbonlarimiz kamarbasta. Ularda buning uchun matonat, mardlik va jasorat kabi fazilatlar etarli.
Zero, har bir oilada o’g`il farzand tug`ilganda ota-ona bilan bir qatorda yurt – Vatan ham suyunib, shodu hurram bo’larkan. Chunki o’g`il farzand nafaqat ota-onasi, oilasini, balki butun xalqini, Vatanini himoya qiladigan o’g`lon hisoblanadi. Yurtimiz tinchligi va barqarorligini saqlashda, mamlakatimiz hududini himoya qilishda Qurolli kuchlar, harbiy xizmatchilar, chegara qo’riqchilarining xizmatlari beqiyosdir.
O’z oromi, tinchi, huzur-halovati, rohat-farog`ati, kerak bo’lsa jonidan kechib, Vatanimiz tinchligi va osoyishtaligini himoya qilayotgan qurolli kuchlar xodimlarining jinoyatchilikka qarshi kurash, uning oldini olish, jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini ta’minlash borasidaga mashaqqatli xizmatini alohida e’tirof etmoqchimiz.
Qurolli kuchlarning barcha xodimlarini, qorovul qo’shinlarining harbiy xizmatchilarini, ta’lim muassasalari professor-o’qituvchilari, tinglovchi va kursantlarini, xizmat burchini bajarish chog`ida halok bo’lgan xodimlarning oila a’zolarini, ichki ishlar idoralari faxriylarini O’zbekiston qurolli kuchlari tashkil topganining 20 yilligi munosabati bilan samimiy tabriklaymiz.

12


http://press-service.uz

Sayt materiallaridan foydalanganda manba ko‘rsatilishi shart.
© 2010 Texnik qo`llab-quvvatlash: UZINFOCOM