03.12.2011

Vatan qadri bebaho
Jaloliddin HAMROQULOV
“Navza” jome’ masjidi
 imom-xatibi

Bir donishmand aytgan ekan:
«Vatan   bir   bog`dir,   Vatanning sodiq farzandlari bu bog`ni o’z yurak qonlari ila sug`ormoqlari darkordir...»

“Vatan bog`ini yurak qoni ila sug`ormoqlik” majoziy ma’noda aytilgan. O’zini Vatan farzandi deb hisoblovchi odam butun tanu joni bilan bu bog`ni yashnatish uchun xizmat qilishi kerak, deyilmoqchi. Tabiat bahorining qonuniyati barcha joyda bir bo’lgani kabi, Vatan bog`ini ehtiyotlash, yashnatish majburiyati ham barcha mamlakatlarga xosdir.
«Vatan» atamasini dono va hakimlar turlicha ta’riflashgan. Vatan — biz nafas olayotgan havodir. Vatanning bir zarrasi ekanini anglamoq kishi uchun iftixor va sharafdir. Vatanga muhabbatni jamlay olgan yurak faqat Odam bolasiga xosdir. Bu aziz va mukarramlikni Vatanni sevmoq, Vatanni qadrlamoq va ravnaqi hamda shonu sharafi uchun xizmat etmoq kabi fazilatlarda ko’ramiz.
Ota-onaga, Vatanga bo’lgan muhabbat fazilati faqatgina Odam bolalariga berilgan. Shunday ekan, Vatan qadriga etmaslikni Tangri ne’matlariga noshukurlik, bepisandlik, deb baholash ham mumkin.
Vatan bilan o’zni bir butunlikda deb his etgan, vijdoni pokiza odamda Vatan foydasi, taraqqiyoti uchun mehnat qilish ishtiyoqidan boshqa narsa bo’lmasligi kerak. «Yillarning yig`indisi umr sanalmas, Vatanga naf tekkan kuning umrdir», degan pur hikmat so’z bekorga aytilmagan.
Vatan tushunchasini ta’riflashar ekan, uning yuksalishi yo’lidagi xizmati bilan shuhrat topishini «ikkinchi umr», deganlar. Kishi o’zini Vatanga qanchalar yaqin his etsa, uni shu qadar jonli vujud kabi aniqroq va sevib tasavvur qiladi.
Vatan taraqqiyoti havoyi tushuncha emas, balki aniq bir haqiqatdir, bu haqiqatning asosi har bir odamning tashabbusidan boshlanadi. Farzandlarimizning maktabda bitta harf o’rganishlari ham, yangi imoratga qo’yilgan bitta g`isht ham, ilmdagi olamshumul kashfiyot ham ana shu tashabbusning mevalaridir. Ertalab Vatandan bir nima olib, shomda o’sha bitta miqdorda qaytarsak — yutqizamiz, bunda taraqqiyot bo’lmaydi, aksincha, tushkunlikka yuz tutiladi. Demak, olgan narsamizni bir- ikki emas, balki o’n yoki undan ko’proq qilib qaytarishga intilmog`imiz shart ekan. Vatandan olganimiz — qarzdir, qarzni esa qaytarmoq lozim.
Shayx Muhammad G`azzoliy aytadilar: “ Inson o’z eriga, garchi u  ziyo o’smas sahro bo’lsa ham qattiq bog`lanadi. Vatanni sevish inson ruhiyatidagi asl tabiatdir. Ushbu tabiat vatanda yashashda huzur-halovat, undan uzoq bo’linganda sog`inch, hujum qilinganda mudofaa va kamsitilganda g`azab hislarini paydo qiladi”.
Payg`ambar (s.a.v.) ashoblari bilan tahqirlash va azoblash to’xtamagan alamli kunlarda ham Makkada sabr bilan yashadilar. Hatto ayrim sahobalar ahvol juda tanglashganidan Rasululloh (s.a.v.)ga: “Allohga biz haqimizda duo qilmaysizmi, bizga nusrat bermaydimi?”, deb yuborishdi. Shunda  ham u zot (s.a.v.) ularni sabr qilishga buyurdilar.
Yosir, xotini Sumayya va o’g`li Ammor oldidan ular alvon-alvon azoblarni tortayotganida, ularga hech qachon: “Ey  Yosir oilasi, sabr qilinglar, qasos kunlari yaqin!”, demasdilar. Balki: “Sabr qiling, albatta borar joyingiz jannat!”, deya nasihat qilardilar. Bu Vatan tinchligiga harislikdan, ahliga mehribonlikdan edi. Bu vatanni fuqarolar urushi, qon to’kilishi va vayronagarchilikdan saqlash g`ami edi. Bu bugungi kun tili bilan aytganda vatanning oliy manfaatlariga xizmat qilish bo’lgan.
Vatanni sevish yoki vatanparvarlik oddiy shior yoki quruq his-tuyg`ugina emas, balki u amal va ishdir. So’zimizga quyidagi nuqtalar bilan xulosa qilishimiz mumkin:
Birinchidan: Bor yaxshiliklarni tilab vatan haqqiga duo qilish. Payg`ambar (s.a.v.) vatanlari haqqiga shunday duo qilganlar: “Allohim Makkaga qilgan barakangni Madinaga chandon qilgin!”. (Muttafaqun alayh).
Ikkinchidan: Jamiyat binosini kuchaytirish yo’lida harakat qilish. Bu harakat quyidagi ishlar bilan bo’ladi:
•    Silai rahm bilan; “Agar (iymondan) yuz o’girsangizlar, yaqinki, sizlar erda buzg`unchilik qilursizlar va qarindosh-urug`laringiz (bilan ham aloqalaringiz)ni uzursizlar!”, (Muhammad surasi, 22-oyat.)
•    Qo’shnilarimizga yaxshilik qilish bilan; Abu Hurayra (r.a.)dan qilingan rivoyatda Rasululloh (s.a.v.) shunday deydilar: “Qo’shnisi yomonliklaridan omonda bo’lmagan kishi jannatga kirmaydi”. (Munziriy, “At-targ`ib vat-tarhib”).
•    Bir-birimizga yaxshilik qilish bilan; Payg`ambar (s.a.v) aytadilar: “Sizlardan biringiz o’ziga yaxshi ko’rgan narsani to birodariga yaxshi ko’rmaguncha mo’min bo’lmaydi”. (Buxoriy rivoyati).
•    O’zaro yordam bilan; Alloh taolo aytadi: “Yaxshilik va taqvoda o’zaro yordamlashingiz. Gunoh va adovatda o’zaro yordamlashmangiz.” (Moida surasi, 2-oyat).
•    Musulmon bo’lmagan vatandoshlari bilan yaxshilik, adolat va ehson qilgan holda, metin aloqada bo’lish bilan; Payg`ambar (s.a.v.)dan shunday rivoyat kelgan: “Ogoh bo’ling, kim biz bilan ahdlashgan kishiga zulm qilsa, yoki kamsitsa, yoki toqatidan ortiqqa buyursa, yoki norozi etib bir narsasini olsa, men bu odamning qiyomatdagi da’vogariman”. (Abu Dovud rivoyati).
•    Ginaxonlik, hasadgo’ylik, manmanlik va g`irromlik kabi salbiy axloq va ishlardan xoli bo’lish.
Uchinchidan: Vatan salohiyatini oshirish va uning muhofazasi uchun jonkuyarlik qilish. Bular esa quyidagilar bilan amalga oshadi:
•   Vatan mol-mulki, muaassasalari va inshootlarini asrab-avaylash.
•   Vatan yuksalishi va taraqqiyoti yo’lida ter to’kish.
•   Vatan xizmatida jonni fido qilish.
•   Vatan uchun o’zni bag`ishlash. Bu yo’lda rahmat, maqtov va e’tibor kutmaslik.
Zikr qilganlarimizdan ko’rinib turibdiki, vatanni sevish ibodat darajasiga ko’tarilgan sof va asl islomiy qadriyatdir. Bunday sifatga ega bo’lish mo’minning asosiy xususiyatlaridan biridir.

12


http://press-service.uz

Sayt materiallaridan foydalanganda manba ko‘rsatilishi shart.
© 2010 Texnik qo`llab-quvvatlash: UZINFOCOM