E.Rehiashvili
Namangan davlat muhandislik-
pedagogika universiteti
Bizga O’zbekistondek jannatmakon yurtda tug`ilib, o’sishdek buyuk baxt nasib etgan bo’lib, bu yurtning oq sochli baland tog`lari, tip-tiniq buloqlari, rang-barang meva-chevalari, bir biridan go’zal shahar va qishloqlari yuragimga juda yaqin.
Men gruzin qiziman, lekin taqdir taqozosi bilan shu yurtda tavallud topib, unib-o’smoqdaman.
O’rta maktabda o’qib yurgan paytlarimdayoq, u kim bo’lishida qat’iy nazar, rus, tatar, tojik, turkman, arman yoki gruzinmi, maqsadi, intilishi bittaligi, hammasi do’stlikni, tinchlikni, o’zaro totuvlik va hamjihatlikni orzu qilishini tushunib etganman. Hozirda Namangan davlat muhandislik-pedagogika universitetida tahsil olish davomida bunga yana bir karra amin bo’ldim.
Bizni bir erga birlashtirib, jipslashtirib turgan narsa bu – Vatan mehri, ona tuproq hissi ekanligini anglab etdim.
O’zbekistonda barcha millatlarning tili, madaniyati va san’atining rivojlanishi va ravnaq topishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratilgan. Misol uchun Shota Rustavellining “Yo’lbars terisini yopingan pahlavon”, Irakliy Abashidzening dostonlari, Ilya Chavchavadzening she’rlari o’zbek tilida o’qish mumkin. O’z navbatda Navoiy, Abdulla Qahhor, Erkin Vohidov kabi shoir va yozuvchilarning asarlari gruzin tiliga o’girilgan.
Buning sababi bitta, ularning hammasi o’zbek, rus, gruzin, arman va boshqa xalqlarning eng oliy ezgu maqsadlarini, ya’ni tinchlik va totuvlikni, do’stlikni ulug`lashgan.
O’zbekiston azaldan ko’pmillatli davlat bo’lib kelgan. Misol uchun, 1897 yilda respublikaning hozirgi hududida 70 millat va elat vakillari yashagan bo’lsa, 1927 yilda ularning soni 90 ga etgan. Hozirda respublikamizda 136 millat va elat vakillari o’zaro hamjihatlikda istiqomat qilmoqda.
Respublika hududida 27 millat va elat vakillari tomonidan tashkil etilgan bir qator milliy-madaniy markazlar faoliyat ko’rsatmoqdalar. Bq markazlarda nafaqat ona tili, balki milliy tarix, urf-odatlar ham o’rgatiladi.
Respulikamiz ko’pmillatliligiga yana yorqin misol sifatida o’rta va oliy ta’lim jami 7 ta tilda olib borilayotgani, 8 tilda gazeta va jurnallar chop etilayotganini keltirish mumkin.
Joriy yil yanvar oyida O’zbekiston Respublikasi baynalmilal madaniyat markazi tashkil etilganiga 20 yil to’ladi. Shu munosabat bilan 2011 yil 22 dekabr kuni Mamlakatimizda yashayotgan turli millat vakillari qalbida yagona Vatan tuyg`usini yanada mustahkamlash, millatlararo totuvlikni barqaror etish, yoshlarni vatanparvarlik, insonparvarlik va milliy istiqlol g`oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash,yurtimiz xalqlarining o’ziga xos azaliy urf-odatlari va madaniyatlarini rivojlantirish maqsadida O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Farmoyishi qabul qilingan. Shu munosabat bilan Baynalmilal markazining 20-yillik to’yi keng nishonlanadi.
Bu ham o’z navbatda O’zbekistonda millatlararo munosabatlar rivojiga katta e’tibor ko’rsatilayotganini ko’rsatadi.