O`zbekiston musulmonlari idorasi O`zbekiston Respublikasida faoliyat ko`rsatayotgan eng yirik diniy tashkilot hisoblanadi.
O’rta Osiyo va Qozog`iston musulmonlari diniya nazoratining tashkil topishi
Ikkinchi jahon urushi chog`i xudosiz kommunizmni er yuzidan yo’qotish g`oyasini o’rtaga tashlagan Gitler birin-ketin g`alabaga erisha boshlagach, SSSR xalqlarining dindor qismiga bu fikr ma’qul kelishi ehtimoli tug`ildi. Buning ustiga ittifoqchi davlatlar ikkinchi front ochishni, jumladan, diniy hurriyatga bog`lab qattiq turib olishdi. Kommunistlar hokimiyati ham ikkinchi front ochilishiga erishish, ham dindorlarning ko’nglini ovlash uchun urush ayni qizigan mahalda boshqa dinlar qatori Islom diniga ham bir oz erkinlik berdi.
Maskovdan besh jumhuriyat musulmonlarining yagona diniy boshqarmasini tuzish «tashabbusi» tushgach, O’zbekiston hukumati vositachiligida ta’sis hay’ati tuzildi. Hay’atga O’zbekistondan zamonaning mashhur ulamolaridan shayx Eshon Boboxon ibn Abdulmajidxon boshchiligida Qozog`istondan shayx Abdulg`affor Shamsuddin, Tojikistondan shayx Solih Bobokalon, Qirg`izistondan Olimxon to’ra Shokir, Turkmanistondan shayx Kina Eshon rahbarligida taniqli diniy arboblar kirishdi. Hay’at ishida qatnashish uchun sobiq Ittifoqning Ovrupa qismi va Sibiriya musulmonlari diniy boshqarmasi raisi shayx Abdurahmon Rasuliy, Maskov masjidi imom-xatibi shayx Xatil Rahmon, Qozon masjidi imom-xatibi shayx Qiyomiddin al-Qodiriy va boshqa obro’li ulamolar taklif qilindi.
Tashkiliy qo’mitaning birinchi majlisida Olmaotadan Sokin hazrat G`ilmonov, Semipalatindan Abdulg`affor Shamsuddinov, Chimkentdan Shokir qori Xayoliddinov, Ashxaboddan Kina Eshon Nazar Eshon o’g`li, Dushanbedan Abdusattor Maxdum, Xo’janddan Bashirxon Ishoqiy, To’qmoqdan Olimxon to’ra, O’shdan Shafoat hoji, Jaloloboddan Tillaboy hoji, Namangandan Ismoil Maxdum Saggaevlar qatnashishdi. Qo’mita tarkibiga Toshkentdan Eshon Boboxon, Ziyouddinxon ibn Eshon Boboxon, Mulla Sodiq domla, Abdurazzoq Eshon va boshqalar kirishdi.
Ziyouddinxon ibn Eshon Boboxon mas’ul kotib bo’lgan ta’sis qo’mitasining jadal tayyorgarlik ishlaridan so’ng 1943 yil 20 o’ktabrda Toshkentda besh jumhuriyat musulmon ulamolaridan 160 vakil qatnashgan qurultoy ish boshladi. Uch kun davom etgan qurultoyda O’rta Osiyo va Qozog`iston musulmonlari diniya nazorati tashkil etildi, uning 11 kishilik rayosati va 5 kishidan iborat taftish komissiyasi saylandi.
Diniya iazorati raisligaga bir ovozdan Eshon Boboxon ibn Abdulmajidxon saylandilar va bu zotga «Besh ittifoqdosh jumhuriyatning muftiyi» degan oliy unvon berildi. Rais muovini etib shayx Murodxo’ja Solixiy, mas’ul kotibligiga o’ttiz besh yoshli shayx Ziyouddin ibn Eshon Boboxon saylanishdi.
Qurultoy mintaqadagi besh jumhuriyatda qozi boshchiligida boshqarma vakilligini tuzishga karor qildi. Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxon O’zbekistonga, Abdulg`affor Shamsuddin Qozog`istonga, Solih Bobokalon Tojikistonga, Olimxon to’ra Shokir Qirg`izistonga, Kina Eshon Nazar Eshon o’g`li Turkmanistonga qozi etib tayinlanishdi.
1945 yili musulmonlar Eshon Boboxon boshchiliklarida ilk marta haj ibodatiga borishdi. Xorijiy Islom mamlakatlari bilan hamkorlik aloqalari o’rnatila boshlandi.
1948 yil dekabrida O’rta Osiyo va Qozog`iston musulmonlarining II qurultoyi bo’lib o’tdi va unda Ziyouddinxon ibn Eshon Boboxon boshqarma raisig`a o’rinbosar etib saylandilar. U kishidan keyin hozirgacha bu vazifada shayx Murodxo’ja Solihiy, shayx Ismoil maxdum Sattiev, shayx Yusufxon Shokirov, shayx Abdug`ani Abdullaev, Zohidxon Qodir, Zokirjon Ismoil, Abdurazzoq Yunus (hozirda) samarali ishlab kelishdi. Eshon Boboxon vafotlaridan so’ng 1957 yili shayx Ziyouddinxon O’rta Osiyo va Qozog`iston musulmonlari Diniya nazorati raisi, muftiy etib saylandilar hamda umrlarining oxirigacha (1982 yil) ana shu katta va mas’uliyatli vazifada samarali va fidoyilik ko’rsatib ishlab keldilar. Alloh bu zotni rahmat qilsin va ajrini bersin! Turli yillarda diniy idorada ishlaganlar:
1. Ismoil maxdum Sattiev
2. Abdug`ani Abdullaev
3. Yusufxon Shokirov
4. Abuturob Yunusov
5. Mirzamahmud qori Mirzabahrom
6. Abdumo’min qori Mirzabaxrom o’g`li
7. Shoikrom qori Shoislomov
8. Minhojiddin qori Abdullaev
9. Vays Alouddin o’g`li
10. Abdullatif Sultonmahmudov
11. Fozilxo’ja Siddiqxo’jaev
12. Nurullohqori Baxromov
13. Muxtorjon Abdullaev
14. Salohiddin qori Muhiddinov
15. Ubaydulloh Lutfullaev
16. Umarjon Turdiev
17. Sobirjon Eminov
18. Usmonjon Rahimjonov
19. Mustafoqul Melikzoda
20. Abdurahmon Rahmatullaev
21. Lutfullo Nodirov
22. Ismoil Rayhonov
23. Ahmadjon Ismoilov
24. Nazarqosim Nurmonov
25. Toshbolta Choriev
25. Ahmadjon Saidov
27. Sulaymon qori
28. Abduqahhor G`afforov
29. Shahobiddin qori
30. Salohiddin qori Muhiddinov
31. Asrorqul Mavlonqulov
32. Otaqul Mavlonqulov
33. Hojimurod G`ilmonov
34. Orifjon Yo’ldoshev
35. Nodirxon Alovuddinov
36. Sirojiddin Ziyoviddinov
37. Rahmatulla Obidov
38. Abduqodir Katgabekov
39. Abdulla Hamdamov
40. Xolmuhammad Solihov
41. Habibulloh Isaev
42. Ishoq maxdum Sattiev
43. Yahyo qori Turdiev
44. Muhammadsharif To’g`onboev
45. Kamoliddin Shobdono’g`li
46. Bashirxon Ishoqiy va hokazo.
Shuningdek, Mulla Muniriddin, Mulla Nofe’ domla, Abdurahmon Abdurahimov, Po’latjon Abdurahimov, Sadriddin qori, Same’iddin Muhammadjon o’g`li, Shafoat hoji Xoliqnazar o’g`li, Luqmon Jo’ldiboy o’g`li va boshqalar idorada ko’p yillar samarali ishlashdi.
O’rta Osiyo va Krzog`iston musulmonlari Diniya nazorati dastlabki faoliyatini Eshon Boboxonning shaxsiy hovlilarida boshlagan edi. Keyinroq bu zotning tashabbuslari bilan mashhur Baroqxon madrasasi ta’mirlanib, boshqarma qarorgohiga aylantirildi va hozirgacha shu binoda ishlab kelyapti.
Baroqxon (vafoti 1556) shayboniylar sulolasidan Abulxayrxonning nevarasi, Toshkent xoni Suyunchixo’janing kichik o’g`li. Otasining vafotidan keyin Toshkent, so’ngra Movarounnaxr xoni bo’lgan. U ko’pgina obodonchilik ishlari o’tkazgan, madrasalar qurdirgan. Baroqhon madrasasi XV — XVI asrlarda qurilgan imoratlardan tashkil topgan. U 1955 — 1963 yillarda Usta Shirin Murodov ishtirokida ta’mirlangan.
Muslim.uz