Shu kunlarda Internet tarmog‘ida AQSh Davlat departamenti e’lon qilgan bayonotda dunyoning 10 mamlakati, shu jumladan O‘zbekiston ham “vijdon erkinligi va diniy erkinliklar sohasida buzilishlar alohida tashvishga sabab bo‘layotgan davlatlar” ro‘yxatiga kiritilgani haqida ma’lumot berildi.

Ta’kidlash lozimki, mazkur ro‘yxatni shakllantirishga mas’ul mutasaddilar tomonidan O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan 16 ta diniy konfessiyaga mansub tashkilotlarga, shuningdek, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Toshkent islom universiteti, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi kabi diniy sohada faoliyat yuritayotgan tashkilotlarga ma’lumot uchun murojaaat qilinmagan. Amerikalik mutaxassislar hisobot tayyorlashda mavhum manbalarga tayanishi sababli O‘zbekistondagi diniy vaziyatga nisbatan asossiz va haqiqatdan yiroq xulosaga kelingani achinarli holdir.

Shu bilan birga AQShning dunyo hamjamiyatidagi nufuzini e’tirof etish bilan bir qatorda Davlat departamentining muayyan masala yuzasidan e’lon qiladigan bayonotini “bahslashib bo‘lmaydigan mutlaq haqiqat” emas, balki ushbu tashkilotning turli davlatlarning ijtimoiy ko‘rsatkichlarini o‘z imkoniyatlari va qarashlari doirasida o‘rganish orqali hosil qilingan sub’ektiv xulosasi sifatida qabul qilish lozim.

Binobarin, jahon bo‘ylab shu kabi ijtimoiy ko‘rsatkichlarni o‘rganuvchi siyosiy institutlar yoki tadqiqot markazlarining faoliyatini tahlil qilsak, ular o‘z tadqiqotlarida e’tibor qaratadigan ko‘rsatkichlar va foydalaniladigan axborot manbalari turli-tuman ekaniga guvoh bo‘lamiz. Biror bir mamlakatdagi ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy yoki diniy sohadagi vaziyatga baho berishda mazkur jarayonni ushbu jamiyatning ichida o‘z boshidan kechirmay turib, hududda tarixan shakllanib kelgan qadriyat, urf-odat va o‘ziga xoslikni hisobga olmay turib, masalaning barcha jihatlarini to‘liq qamrab olish va mukammallikka erishish mumkin emas.

Bir so‘z bilan aytganda, muayyan davlatda kechayotgan jarayonlarga, ularning mazmun-mohiyatiga, qanday sohaga taalluqli bo‘lishidan qat’iy nazar, ushbu mamlakatning o‘z xalqidan o‘zga odil, xolis va har tomonlama to‘liq baho beruvchi tomon bo‘lmaydi.

Tarixdan ma’lumki, O‘zbekistonning tarixiy hududi turli din va millat vakillari tinch-totuv, ahil va bir oila bo‘lib yashab kelgan zamin hisoblanadi. Asrlar osha ushbu hududda tarqalgan turfa dinga mansub insonlar emin-erkin e’tiqodiy amallarini bajarib kelgan.

Dunyo tarixida Sharq Uyg‘onish davri – Musulmon Renessansi deb nom olgan o‘rta asrlar va undan keyingi zamonlarda bugungi O‘zbekiston zaminidan yetishib chiqqan buyuk alloma va mutafakkirlarning jahon ilm-fani va madaniyati, muqaddas islom dini rivojiga qo‘shgan bebaho hissasi dunyo ilmiy jamoatchiligi tomonidan haqli ravishda tan olingan.

Mustaqillikning ilk davridan Vatanimizdagi umuminsoniy, milliy va diniy qadriyatlar rivojiga alohida e’tibor qaratildi. Diniy soha o‘zbek xalqi milliy ma’naviyatining muhim qismi sifatida e’tirof etilib, uning huquqiy davlat, fuqarolik jamiyatida tutgan o‘rni va mavqei aniq belgilandi. Diniy sohada mustahkam qonunchilik poydevori yaratildi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 61-moddasida «Diniy tashkilotlar va birlashmalar davlatdan ajratilgan hamda qonun oldida tengdirlar» degan demokratik tamoyil mustahkamlab qo‘yilgan. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 31-moddasida hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlangani ta’kidlangan.

Bugungi kunda respublikamizda 16 diniy konfessiyaga mansub 2243 ta diniy tashkilotlar emin-erkin faoliyat olib borib, diniy rasm-rusum va marosimlarni mukammal amalga oshirib kelmoqdalar.

So‘ngggi yillarda Davlatimiz rahbarining tashabbuslari bilan fuqarolarning diniy huquq va erkinliklarini ta’minlash, jamiyatda diniy bag‘rikenglik g‘oyalarini chuqur singdirish, diniy va milliy qadriyatlarimizni tiklash va rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilganiga barchamiz guvoh bo‘ldik.

Jumladan, 2017 yilda diniy-ma’rifiy sohani yanada rivojlantirish, milliy-ma’naviy merosimiz va qadriyatlarimizni yanada yuksaltirishga, yurtimizdan yetishib chiqqan ulug‘ mutafakkir va allomalarning boy merosi, ularning jahon sivilizatsiyasi, ilm-fan taraqqiyoti rivojiga qo‘shgan bebaho hissasini chuqur tadqiq etish va keng targ‘ib qilish, yosh avlodni millatlar va dinlararo bag‘rikenglik, o‘zaro hurmat, tinch-totuv hayotni qadrlash va mustahkamlash ruhida tarbiyalash, xalqaro miqyosdagi ma’naviy-ma’rifiy muloqot va hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan farmon, qaror va farmoyishlar qabul qilinib, ijroga kiritildi.  

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbuslari asosida Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekiston Islom akademiyasi, “Mir Arab” Oliy madrasasi, aqida, fiqh, kalom, hadis va tasavvuf ilmiy maktablari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Shuningdek, Toshkent islom universiteti huzurida AYSESKO – Ta’lim, ilm-fan va madaniyat bo‘yicha Islom hamkorlik tashkilotining maxsus kafedrasi, Buxoro va Termiz davlat universitetlarida esa “Islom tarixi” va “Manbashunoslik” yo‘nalishlari ochildi. Barcha diniy ta’lim muassasalarida Qur’on kurslari tashkil etildi.

O‘tgan yilda fuqarolarning diniy adabiyotlarga bo‘lgan ehtiyojini qondirish  uchun 1,5 milliondan ziyod adadda kitoblar chop etildi. Milliy domenda 50 dan ziyod diniy-ma’rifiy saytlar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Tajribali ulamolar tomonidan onlayn tarzda savol-javoblar va diniy o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazish joriy etildi.

Mazkur qaror, farmoyish va me’yoriy hujjatlarda belgilab berilgan vazifalardan ko‘zlangan maqsad buyuk ajdodlarimizning boy ma’naviy-ilmiy merosini o‘rganish, ularning asarlarida aks etgan insonparvarlik, bunyodkorlik, bag‘rikenglik va ezgulik g‘oyalarini aholi, ayniqsa yoshlar orasida keng targ‘ib qilish, har tomonlama yetuk, bilimli, bugungi kunning chaqiriqlariga javob bera oladigan diniy soha xodimlarini tayyorlash va shu orqali yurtimizda diniy-ma’rifiy sohaning rivojini ta’minlash, mamlakatimiz barqarorligini mustahkamlash, buyuk ajdodlarimizning turli sohalardagi bebaho ilmiy va ma’naviy xazinasidan jahon hamjamiyatini  bahramand qilishga qaratilgan.

Prezidentimiz yurtimizning qay bir hududiga tashrif buyurmasin, o‘sha zamindan yetishib chiqqan buyuk allomalar, mutafakkir va davlat arboblarining ruhini shod etish, ularning benazir ma’naviy merosini o‘rganishga katta e’tibor qaratishi ezgu an’anaga aylandi.

Xususan, Yurtboshimiz tashabbusi bilan Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida buyuk muhaddis Abu Iso Termiziy mangu qo‘nim topgan maqbarada keng ko‘lamli obodonlashtirish va rekonstruksiya ishlari olib borilib, muhtasham ziyoratgoh barpo etildi. Bu kabi savobli va xayrli ishlar Qashqadaryo viloyatining Qarshi tumanidagi “Abu Muin Nasafiy”, Namangan viloyati Chortoq tumanidagi “Sulton Uvays Qoraniy”, Toshkent shahridagi “Suzuk ota” ziyoratgohlari va boshqa ko‘plab shu kabi muqaddas maskanlarda olib borilmoqda. 

2017 yilda respublikamizda ko‘plab yangi masjidlar ochildi hamda faoliyat yuritayotganlari to‘liq ta’mirdan chiqarildi. Surxondaryo viloyatidagi “Qadimiy Darband”, “Oq masjid”, Jizzax viloyatidagi “Ma’rifatli”, Nukus shahridagi “Imom eshon Muhammad”, Toshkent shahridagi “Pul yemas ota”, “Yakkasaroy”, Toshkent viloyatidagi “O‘smat ota”, “Pusur oqsoqol”, “Usmon Zinnurayn”, “Xalqobod”, Xorazm viloyatidagi “Shayx Sharof bobo” va boshqa o‘nlab masjidlar shular jumlasidandir.

Ma’lumki, qariyalari qadrlangan yurt farovon bo‘ladi. 2017 yilda respublikamizdagi Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarining davlat hisobidan haj ibodatini ado qilish uchun yuborilishlari faxriylar va ularning oila a’zolarida cheksiz quvonch va faxr tuyg‘ularini uyg‘otdi. Shu vaqtga qadar biror mamlakat tajribasida bo‘lmagan mazkur savobli ish haj vaqtida musulmon jahon hamjamiyati uchun haqiqiy sensatsiya bo‘lgani horijiy musulmonlar tomonidan e’tirof etildi.

2017 yilning 15 iyun kuni Prezidentimiz diniy soha vakillari va keng jamoatchilik ishtirokida “Ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash, muqaddas dinimizning sofligini asrash – davr talabi” mavzusida o‘tkazilgan anjumanda bugungi murakkab zamonda aholimizni, ayniqsa yoshlarimizni turli yot g‘oyalarning ta’siridan asrash, jamiyatda diniy va milliy bag‘rikenglikni yanada mustahkamlash, bu boradagi hamkorlikda amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan o‘z tavsiyalarini berdi.

Aholini diniy ekstremistik g‘oyalar ta’siridan asrash, ularda insonparvarlik va bunyodkorlik tamoyillariga asoslangan sof islomiy qadriyatlarni shakllantirish, turli sabablarga ko‘ra buzg‘unchi guruhlarning soxta g‘oyalariga aldanib qolgan shaxslarni sog‘lom ijtimoiy hayotga qaytarish borasidagi ishlar tubdan takomillashtirildi.

Mazkur yo‘nalishda ijtimoiy institutlar, xususan, fuqarolarning o‘z-o‘zini boshqarish organlari, imom-xatiblar, pedagoglar, ko‘pni ko‘rgan oqsoqollarning faoliyati taxsinga sazovordir. Amalga oshirilgan tarbiyaviy va tushuntirish ishlari asosida muqaddas dinimizning sof ta’limotlariga yot bo‘lgan turli oqim va guruhlar safiga adashib qo‘shilib qolgan, o‘z qilmishidan astoydil pushaymon bo‘lgan 16 mingdan ziyod shaxs huquqni muhofaza qiluvchi idoralarning maxsus ro‘yxatidan chiqarilib, sog‘lom ijtimoiy hayotga qaytarildi. Ushbu jarayon fuqarolarimiz tomonidan katta mamnuniyat bilan qabul qilindi.

Konstitutsiya kuni munosabati bilan Davlatimiz Rahbari tomonidan avf etilganlar qatorida diniy-ekstremistik oqimlarga adashib qo‘shilib qolganlarning ham kiritilishi o‘zbekona bag‘rikenglik, insonparvarlik va adolatparvarlikning nishonasi bo‘lib, ularni to‘g‘ri yo‘lga solish, Vataniga, ota-onasi, oilasi bag‘riga qaytarish, tinch hayot kechirishni niyat qilgan bunday fuqarolarimizga imkon berish kabi ezgu maqsadlarga qaratilgan.

“O‘z bolangni o‘zing asra” degan tamoyil asosida o‘sib kelayotgan avlodni ilm va hunar egallashga chorlash, ularni mutaassib g‘oyalardan himoya qilishga alohida e’tibor qaratilib, mazkur jarayonga keng jamoatchilik jalb etilmoqda.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston diniy ekstremizm va terrorizm tahdidlari va zararlarini boshidan kechirgan mamlakat hisoblanadi. Yurtimizda ushbu illatlarga qarshi kurashish, uning sabablarini oldini olish bo‘yicha jahon hamjamiyatiga namuna bo‘la oladigan darajada o‘ziga xos tajriba shakllangan. Shu nuqtai-nazardan, muhtaram Prezidentimiz BMT Bosh Assambleyasi 72-sessiyasidagi nutqida xalqaro terrorizm va ekstremizmning ildizini boshqa omillar bilan birga, jaholat va murosasizlik tashkil etishi, shu munosabat bilan odamlar, birinchi navbatda, yoshlarning ongu tafakkurini ma’rifat asosida shakllantirish va tarbiyalash eng muhim vazifa ekaniga e’tibor qaratdilar.

Davlatimiz Rahbarining ikki umumbashariy ahamiyatga ega, ya’ni yoshlarga oid siyosatni shakllantirish va amalga oshirishga qaratilgan xalqaro huquqiy hujjat - BMTning “Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konvensiya”sini ishlab chiqish hamda BMT Bosh Assambleyasining «Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik» nomli maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish haqidagi takliflari barcha mamlakatlar tomonidan katta qiziqish bilan qabul qilindi va qo‘llab-quvvatlandi.

2017 yilning 15 oktyabr kuni Toshkent shahrida tashkil etilgan “Islom hamjihatligi: O‘zbekiston va Ozarbayjon misolida” mavzuida tashkil etilgan xalqaro konferensiya aynan jahon hamjamiyatida ma’rifat va diniy bag‘rikenglik g‘oyalarini targ‘ib qilishda dunyo ulamolarini birlashtirishga xizmat qildi.

Ayni vaqtda, 2017 yilda respublikamizdagi noislomiy diniy tashkilotlar o‘z faoliyatlarini emin-erkin amalga oshirib, jamiyatning ijtimoiy hayotida faol ishtirok etib keldilar. Ushbu yo‘nalishlardagi turli diniy bayramlar keng nishonlandi. Xususan, o‘tgan yili xristianlikning protestant yo‘nalishidagi dindorlar uchun muhim sana hisoblangan Reformatsiyaning 500 yilligi munosabati bilan respublikamizda tashkil etilgan tantanada turli diniy konfessiya vakillari, xalqaro va xorijiy diniy tashkilotlar, diplomatik korpus vakillari ishtirok etdilar.

Bu kabi tadbirlar O‘zbekiston Bibliya jamiyati tomonidan Injilning o‘zbek tiliga to‘liq tarjimasi amalga oshirilishi, shuningdek, Baxoiylik jamiyati tomonidan ushbu diniy yo‘nalish asoschisining 200 yilligi munosabati bilan bayramona va ko‘tarinki ruhda tashkil etildi.

2017 yilning sentyabr-oktyabr oylarida Moskva va butun Rus Patriarxi Kirillning O‘zbekistonga tashrifi respublikamizda oliy darajada tashkil etilgani barcha pravoslav diniga e’tiqod qiluvchilar tomonidan chuqur mamnuniyat va minnatdorchilik bilan qabul qilindi.  

Xristian va yahudiy dinlariga mansub fuqarolarimiz Rossiya, Isroil, Gretsiya kabi mamlakatlarda joylashgan muqaddas qadamjolarga ziyoratga borib keldilar.

Shu o‘rinda o‘tgan yil davomida turli xalqaro tashkilotlar va xorijiy mamlakatlardan kelgan rahbar va mutaxassislarning respublikamizda fuqarolarning diniy huquq va erkinliklarini ta’minlash, jamiyatda diniy bag‘rikenglikni mustahkamlash borasida so‘nggi vaqtda amalga oshirilayotgan ishlarni ijobiy baholaganini alohida ta’kidlash joiz. Ular qatorida BMT inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Zayd Raad Xusayn,  BMTning e’tiqod erkinligi masalasi bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Ahmad Shahid, “Xyuman Rayts Votch” xalqaro inson huquqlari tashkiloti Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha direktori Xyu Vilyams va tashkilotning mintaqaviy vakili Stiv Sverdlou, YeXHT inson huquqlari bo‘yicha departamenti rahbari O.Fisher va gender masalalari bo‘yicha bo‘lim boshlig‘i T.Kukkamaa-Bax, AQSh diniy erkinliklar bo‘yicha komissiyasi raisi D.Mark, Moskva va butun Rus Patriarxi Kirillni qayd etish mumkin.

Fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy amallarini bajarishlariga yanada keng va qulay sharoitlar yaratish, mazkur sohadagi huquqiy zaminni mustahkamlash, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimizni azaliy milliy va diniy qadriyatlarimiz asosida barkamol etib tarbiyalash, ularni hozirgi tahlikali davrda turli soxta va mutassib g‘oyalardan avaylab-asrashga qaratilgan ishlarimizning natijadorligini oshirish kabi muhim vazifalarni bajarish jamiyatimiz kelajagi uchun o‘zini dahldor hisoblaydigan barchamizning ma’suliyatimiz hisoblanadi.

Ushbu yo‘lda bizni murakkab sinovlar kutayotgani, shu bilan birga, ularni yengib o‘tishga kuchimiz, bilimimiz va tajribamiz yetishini teran his etmoqdamiz.

Bir so‘z bilan aytganda, so‘nggi yillarda mamlakatimizning siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy hayotida bo‘lgani kabi diniy sohada ham erishilgan yutuq va natijalarimiz odil xalqimiz tomonidan xolisona e’tirof etilib, qo‘llab-quvvatlab kelinmoqda. Bularning barchasi yoshlari yetuk, xalqi farovon, o‘z kuch-qudrati va mustahkam marralariga ega mustaqil O‘zbekistonning porloq kelajagidan nishona deb qat’iy ishonch bilan aytishga mustahkam asosdir. 

O‘tkir Xasanboyev,

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari