Joriy yilning 6 dekabr kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida talaba yoshlarda mafkuraviy immunitetni shakllantirish, ularni yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolishdan himoyalash hamda diniy bilimlarini mustahkamlash maqsadida “Diniy ekstremizm, terrorizm va uning salbiy oqibatlari” mavzusida uchrashuv o‘tkazildi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi  huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita mas’ul xodimi Bobomurod Rustamov va O‘zbekiston musulmonlari idorasi masjidlar bo‘limi mudiri Rahimberdi domla Rahmonov o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etishdi.

Tadbirda bugungi kunda yurtimizda olib borilayotgan kattadan-katta islohotlar, bunyodkorlik ishlari va diniy sohada amalga oshirilayotgan yangiliklar haqida so‘z yuritildi. Shuningdek, tinchlikka raxna soluvchi yot g‘oyalarni ilgari surayotgan terrorchi tashkilotlarning faoliyatlarii haqida atroflicha ma’lumot berildi.

Ma’lumki, islom dini hamisha insonlarni poklikka, ezgulikka, yaxshilik qilishga chaqiradi. Zulm‑zo‘rlik, tajovuzkorlik, buzg‘unchilik kabi salbiy illatlar islom diniga mutlaqo yot bo‘lgan tushunchalardir.  Ammo, afsuski, islom dinidan, umuman, dindan ba’zi insonlar ma’naviy takomilida emas, balki o‘z manfaatlari, maqsadlari yo‘lida foydalanayotganligi achinarli holdir. Eng yomoni,  yangicha ko‘rinishdagi din niqobi ostida yuzaga kelayotgan turli guruh va tashkilotlar tomonidan ko‘plab xunrezliklarning amalga oshirilishi hamda bu muammo dunyo miqyosida siyosiy ko‘rinish tusini olayotganligi tinch davlatlarni tashvishlantirmay qolmayapti. Bu o‘rinda, insonlarni ma’naviy yetuklikka boshlovchi islom dinining ezgu g‘oyalari manfur kimsalarning quroliga aylanayotganligini ko‘rish mumkin. Shunday ekan, ongu tafakkuri hali shakllanib ulgurmagan yoshlarni bunday zararli, buzg‘unchi g‘oyalardan faqatgina ma’rifat orqaligina himoyalashimiz lozim. Bu borada, Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” asarida “… muqaddas islom dinimizni pok saqlash, uni turli xil g‘arazli xuruj va hamlalardan, tuhmat va bo‘htonlardan himoya qilish, uning asl mohiyatini unib-o‘sib kelayotgan yosh avlodimizga to‘g‘ri tushuntirish, islom madaniyatining ezgu g‘oyalarini keng targ‘ib etish vazifasi hamon dolzarb bo‘lib qolmoqda”, deb bejiz ta’kidlamagan edi. Tadbir davomida ana shu masalalar borasida talaba yoshlarga atroflicha ma’lumotlar berildi.

Tadbir yakunida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob oldilar.

O‘MI Matbuot xizmati