Joriy yil 7-23 avgust kunlari 7346 nafar o‘zbekistonlik ziyoratchilarni haj safariga kuzatish bo‘yicha barcha tashkiliy masalalar hal etilgan.

Mazkur tadbir “Haj” va “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish masalalari bo‘yicha Jamoatchilik kengashi qarorlari asosida amalga oshirilmoqda.

Ziyoratchilarimizga safar oldidan davlatimiz ramzlari tushirilgan maxsus kiyim va sumkalar, haj qo‘llanmasi va videotasmalar taqdim etildi.

Barcha ziyoratchilar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, zarur vaksinalar bilan emlandilar.

Ziyoratchilar uchun tashkiliy masalalarni hal etish maqsadida 28 iyul kuni 10 kishidan iborat dastlabki ishchi guruhi Saudiya Arabistoni Podshohligiga jo‘natab ketdi.

Hojilarimiz uchun Makka va Madina shaharlarida mehmonxonalardan joylar ajratilgan. Ziyoratchilarga transport, oziq-ovqat ta’minoti va tibbiy xizmat yo‘lga qo‘yiladi. Mehmonxonada maxsus jihozlangan oshxona hamda tibbiyot markazi tashkil etilgan.

Har 49 nafar ziyoratchiga bittadan tajribali guruh rahbari (ellikboshi) biriktirilgan.

Shuningdek, ziyoratchilarga 35 kishidan iborat ishchi guruhi, 35 nafar shifokor va 15 nafar oshpaz xizmat ko‘rsatadi.

Ziyoratchilar uchun Saudiyadagi mehmonxonalarda sun’iy yo‘ldosh orqali O‘zbekiston televideniyasi dasturlarini tomosha qilish imkoniyati yaratiladi.

Ziyoratchilarni Saudiya Arabistonida kutib olish va kuzatish ishlari Jiddadagi Bosh konsullik tarkibida joriy etilgan haj va umra masalalari bo‘yicha attashe tomonidan tashkil etiladi.

Ziyoratchilar Madina shahrini 4 kun ziyorat qilganlaridan so‘ng Makka shahriga yo‘l oladilar.

7 avgust kuni ikkita aviareysda Toshkent va Namangan shahridan 459 nafar ziyoratchilar Madina shahriga kuzatiladilar.

Ziyoratchilarning haj safarini tashkillashtirish bo‘yicha Toshkent shahridagi “Novza” masjidida maxsus shtab tashkil qilingan.

Haj safaridan ziyoratchilar 8-24 sentyabr kunlari qaytishlari rejalashtirilgan.

“Haj-2017” mavsumi ziyoratchilarining oxirgi reysida 74 nafar Ikkinchi Jaxon Urushi qatnashchilari va ularga hamrohlik qiluvchilarni safarga yuborib, birinchi reys bilan vatanimizga qaytarib olib kelish rejalashtirilgan.

Joriy yilning 1-2 avgust kunlari Urush qatnashchilariga biriktirilgan guruh rahbarlari faxriylarning xonadonlariga tashrif buyurib, ulardan hol-ahvol so‘rab, hukumatimiz nomidan ularga ehrom (haj amallarini bajarish davrida kiyiladigan kiyim) va boshqa sovg‘alar taqdim qildilar.

O‘z o‘rnida Urush faxriylari ko‘rsatilayotgan bunday g‘amxo‘rlik va e’tibor uchun Prezidentimiz va hukumatimizga minnatdorchilik izhor etmoqdalar.

     

Xalqaro aloqalar bo‘limi