Yaqin vaqt ichida O‘zbekistonda islom madaniyati markazi tashkil etilishi ko‘zda tutilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash, muqaddas dinimizning sofligini asrash — davr talabi” mavzusidagi anjumanda so‘zlagan nutqida aytib o‘tdi.

“Ma’lumki, bizning mintaqamiz, avvalambor, bugungi O‘zbekiston zamini islom ilm-fani va madaniyatining qadimiy beshiklaridan biri hisoblanadi. Xalqimizning ana shunday boy tarixiy, ilmiy, ma’naviy merosini har tomonlama o‘rganish, jahon afkor ommasiga keng tanishtirish, eng muhimi, islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berish maqsadida biz azim poytaxtimiz Toshkent shahrida O‘zbekistondagi islom madaniyati markazini barpo etishga qaror qildik”, —ta’kidladi davlat rahbari.

Aytilishicha, ushbu markazni Xastimom majmuasi hududida tashkil etish, bu yerda O‘zbekistondan yetishib chiqqan buyuk islom olimlari, alloma va mutafakkirlari, jahon madaniyati rivojiga unutilmas hissa qo‘shgan ulug‘ shoir va adiblar, rassom va xattotlarga oid boy ma’lumotlarni mujassam etish ko‘zda tutilmoqda. Bu maskanga tashrif buyuruvchilar bir vaqtning o‘zida islom olamining o‘nlab eng yorqin namoyandalarining hayoti va faoliyati bilan tanishish imkoniga ega bo‘ladi.

“Bizga vatandosh bo‘lgan har bir alloma va mutafakkirning hayoti va faoliyatiga ekspozitsiyada alohida bir bo‘lim bag‘ishlanadi. O‘zbekistonda ularning sharafiga barpo etilgan me’moriy yodgorliklar maketlari, qo‘lyozma va bosma asarlar, xattotlik namunalari, o‘sha davrdagi amaliy san’at buyumlari va boshqa eksponatlar shu bo‘limlarda namoyish etiladi”, — dedi Prezident.

Shavkat Mirziyoyev barcha ishtirokchilarni bu ishda o‘z taklif va maslahatlari bilan faol ishtirok etishga chaqirdi.

daryo.uz