ODAMFURUSHLARDAN OGOH BO'LAYLIK

Mamlakatimizning jahon hamjamiyatida ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy salohiyati kundan-kunga ortib borishining sharti, hozirgi kunda bozor iqtisodiyotiga asoslangan kuchli fuqarolik jamiyatini qurish jadallik bilan amalga oshirilishida namoyon bo'lmoqda. 

Fuqarolarimizning mehnat qilish, dam olish, bilim olish, malakali tibbiy xizmatdan foydalanish kabi konstitustiyaviy huquqlarini erkin amalga oshirishi, millatlar va davlatlar o'rtasida erkin iqtisodiy, madaniy, ma'rifiy aloqalarni o'rnatishga xizmat qilmoqda. Mamlakatimizda fuqarolarning bu kabi huquqlarining kafolatlanishi esa, ko'plab fuqarolarning xorijiy mamlakatlarga bemalol chiqishlari uchun imkoniyat va yetarli shart-sharoitlar yaratdi. Buning natijasida xalqaro migratsiya jarayonlari birmuncha faollashdi, fuqarolarning mehnat qilish, ta'lim olish, turizm va shu kabi turli maqsadlarda boshqa davlatlarga chiqishi, erkin faoliyat olib borishi uchun imkoniyatlar yanada kengaydi. 
Afsuski, ayrim shaxslar mamlakatimizda yaratilgan bunday shart-sharoit va imkoniyatlardan g'arazgo'ylik maqsadlarida foydalanib, fuqarolarimizdan foydalanish uchun, ularni aldov va boshqa past niyatlarini amalga oshirish, xorijga olib chiqib, ularning mehnati, bilimi va, eng achinarlisi, tana a'zolaridan, shuningdek, bu kabi shaxslardan shahvoniy maqsadlarda foydalanish kabi jirkanch holatlar ko'payib ketishiga ham sabab bo'ldi. Buning oqibatida ko'pgina fuqarolarimiz boshqalarning “manfaatlari” qurboniga aylanmoqda. 
Insonni ulug'lash, uning huquq va erkinligi himoyasini ta'minlash asosiy qadriyatga aylangan ushbu davrda odam savdosining har qanday ko'rinishiga qarshi kurash muammosi dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. 
Fuqarolarimizning o'z huquq va erkinliklarini amalga oshirishining kafolati va ularning ozodligini ta'minlanishi maqsadida o'tgan yillar mobaynida respublikamizda bunday jinoyatlarning oldini olish va unga qarshi kurashish borasida muayyan ishlar amalga oshirildi. 
Muhtaram Prezidentimiz o'sib kelayotgan yoshlarni bunday tahdidlardan himoya qilish, ularning dunyoga ochiq ko'z bilan qarash ko'nikmalarini egallashida ma'naviy-mafkuraviy tarbiyaning roli beqiyos ekanini alohida ta'kidlaydilar: “Faqat jismoniy jihatdan baquvvat bo'lgan odamni tarbiyalash unchalik qiyin emas. Ammo uni ham jismonan, ham ma'naviy jihatdan kamol toptirish g'oyat murakkab vazifa. Ayniqsa bugungi kunda –mafkuraviy kurashlar goh oshkora, goh pinhona tus olgan hozirgi nozik, qaltis sharoitda, tahlikali zamonda bu masala nihoyatda dolzarb ahamiyatga ega”. 
Konstitutsiyamizda “har bir insonning erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqiga ega”ligi mustahkamlandi. Demak, har kim shaxsiy hayotini o'zi xohlagancha tuzishi va egalik qilish (qonuniy cheklashlardan tashqari), shaxsiy va oilaviy sirlarlarini saqlash, o'zining sha'ni va qadr-qimmatini himoya qilish huquqiga ega. Odam savdosi qurboniga aylangan shaxslar esa bunday huquqlardan mahrum bo'ladilar: 
birinchidan, odam savdosining jabrlanuvchilari zo'ravonlik yoki uni qo'llash tahdidi yordamida nazorat qilinadi. Ular, aksariyat hollarda, shafqatsiz jismoniy, jinsiy yoki ruhiy munosabat bilan to'qnash keladilar; 
ikkinchidan, odam savdosining jabrlanuvchilari tutqunlik holatida bo'ladilar. Ular o'z irodasiga qarshi holatda mehnatning majbur qilingan turi bilan shug'ullanadi va vaziyatni o'z xohishiga ko'ra o'zgartira olmaydi, shuningdek, mehnat joyida ular majburiy ravishda ushlab turiladi va doimiy kuzatuv o'rnatilganligi sababli ish joylarini tark eta olmaydilar; 
uchinchidan, odam savdosining jabrlanuvchilari o'z ishiga arzimas haq oladi yoki ish haqqini umuman olmaydi. Ularning barcha daromadlarini yoki uning katta qismini nazorat qilish bilan shug'ullanuvchi ish beruvchi, vositachi, qo'shmachi va boshqa shu singari shaxslar majburiy tartibda olib qo'yadilar; 
to'rtinchidan, odam savdosining jabrlanuvchilari nazorat ostida bo'lganliklari sababli o'z qarindoshlari, do'stlari va tanishlari bilan erkin muloqotda bo'la olmaydilar. Hattoki, ular shifokor ko'rigiga, shifoxonaga yoki boshqa tibbiyot muassasalariga ham nazorat ostida olib boriladi; 
beshinchidan, odam savdosining jabrlanuvchilaridan shaxslarini tasdiqlovchi, shuningdek, qonuniy bo'lish huquqini beruvchi boshqa hujjatlari olib qo'yiladi. Odam savdosi bilan shug'ullanuvchi shaxslar o'z “kirdikorlar”ini yashirish maqsadida bunday savdoning qurboniga aylanayotgan shaxslarni imkon qadar e'tibordan chetda tutishga harakat qiladilar. Avvalo, buning uchun odamlarni xorijga noqonuniy yo'llar bilan olib chiqishga, pasport va shaxsiy hujjatlarini qalbakilashtirishga urinadilar. 
Mamlakatimizda odam savdosi, shaxsning erki va huquqlarini poymol etish, zo'ravonlik, fohishabozlik qonun yo'li bilan taqiqlab qo'yilgan bo'lsa-da, keyingi paytlarda soddadil fuqarolarni chet elga ishlashga olib borish niqobi ostida ularni chuv tushirayotgan firibgarlar uchrab turibdi.
Kishilar qonuniy tarzda chet elga borish va ishga joylashishdagi vositachilik bilan bog'liq xavfni tushunib yetmagan va chet elda ishga joylashish vaziyati to'g'risida deyarli hech narsa bilmagan holda o'zlarini ushbu turdagi xatti-harakatlarni sodir qiluvchi shaxslarning yengil o'ljasiga aylanib qolish xavfi ostiga qo'ymoqdalar. 
Bugungi kunda chet elga borishni xohlovchilarning asosiy qismi noqonuniy yo'llar bilan chiqib ketishni o'zlariga afzal ko'rishmoqda. Natijada turli qiyinchiliklar, muammolarga duch kelmoqda. Umrida mahallasidan tashqariga chiqmagan odamlar kimlarningdir aldovi, yolg'oniga uchib, bor-budini sotib, katta pul bilan chet elga ketmoqda. U yerda esa tilni va yo'l-yo'riqlarni bilmasligi, eng muhimi, noqonuniy ravishda kelganligi va huquqiy himoyasiz bo'lganligi uchun qul sifatida ishlatilmoqda. Bir so'z bilan aytganda, ayrim yurtdoshlarimiz soddaliklari tufayli odam savdogarlarining o'ljasiga aylanib qolganliklarini juda kech anglab tushunib yetmoqdalar. 
Odam savdosi bilan bog'liq jinoyat ishlarini o'rganish shuni ko'rsatmoqdaki, ayollardan fohishalik maqsadida foylanish bilan shug'ullanuvchi uyushgan jinoiy guruhlar faoliyatining o'ziga xos xususiyatlari quyidagilarda namoyon bo'ladi:
birinchidan, ayollarni fohishabozlik uchun yollash bilan shug'ullanuvchi jinoiy guruhlarda ishtirokchilarning rollari taqsimlangan, bu guruhlar tarkibi vaziyatga qarab o'zgartirilib turiladi, vaqti-vaqti bilan bu jinoiy guruhlarga yangi ishtirokchilar qo'shiladi yoki ajralib chiqadi; 
ikkinchidan, ushbu jinoiy guruhlarning ma'lum bir a'zolari fohishabozlikka yollanayotganlarning aksariyat qismini yengil tabiatli hamda yengil hayot kechirishga o'rgangan qizlar ichidan, turmushi buzilgan yosh ayollar ichidan tanlashadi;
uchinchidan, jinoiy guruhning boshqa a'zolari esa, tanlangan shaxslarning chet elga chiqish “viza”sini rasmiylashtirish bilan shug'ullanadi; 
to'rtinchidan, jinoiy guruhning boshqa ishtirokchilari yollangan qizlarni bevosita chet elga olib boradigan shaxslarga “sotadilar”; 
beshinchidan, jinoiy tuzilmaning yana boshqa a'zolari yollangan ayollarni bevosita chet elga olib borishlari uchun yo'l harajatlarini o'z zimmasiga olib, belgilangan davlatga olib boradilar; 
oltinchidan, jinoiy tuzilmaning boshqa bir a'zolari chet elga olib kelingan ayollarning hujjatlarini olib qo'yib, fohishalik bilan shug'ullanishga majbur etadilar va har kunlik ishlab berish narxini qo'yadilar yoki ularni bevosita o'sha yerda qo'shmachilik bilan shug'ullanayotgan fuqarolarga sotadilar. 
Jinoiy tuzilmalar tarkibida faoliyat ko'rsatayotgan shaxslar bir-birini hatto bilmasligi, yollangan ayollar esa ularning bir jinoiy guruh tomonidan boshqa jinoiy guruhga sotilganligi haqida xabardor bo'lmasligi ham ushbu jinoiy faoliyatning o'ziga xos xususiyatini ko'rsatadi. 
Bu jinoyatlarning asosiy sababi ma'naviy qashshoqlik, ochko'zlik, dunyoga haddan tashqari hirs qo'yish va nafsiga qul bo'lishdir. 
Muqaddas Islom dinimiz nuqtai nazaridan olib qaraydigan bo'lsak, insonning jonzotlar ichida eng mukarrami ekani ta'kidlanib, qullikka qarshi qat'iy choralar belgilab qo'yilgan. 
Alloh taolo o'zining so'nggi dini Islomni yuzaga chiqarganda quldorlik tuzumi mavjud bir voqe'lik edi. 
Islom dini insonni hur yaratilganligini ta'kidlab, uni tugatish choralarini ko'rdi. Qul ozod qilishni savob darajasiga ko'tardi, buning ustiga tez-tez takrorlanuvchi turli xil xato va gunoh ishlarning kafforatiga qul ozod qilishni buyurdi. Masalan, qasamni buzish, farz ro'zasini bilib turib buzish kabilar. Payg'ambarimiz (alayhissalom): “Kim bir mo'min qulni ozod qilsa, Alloh taolo uning har bir a'zosi uchun buning a'zolarini do'zaxdan ozod qiladi” (Sharhi Navaviy alal Muslim, qul ozod qilish bobi), deb marhamat qildilar. Bu hadisda Rasululloh (alayhissalom) qul ozod qilishning fazilatini bayon qildilar, chunki bu amal bilan do'zaxdan qutilish va jannatga kirish mumkin ekan. 
Payg'ambarimiz (alayhissalom) qudsiy hadislarida marhamat qiladilar: “Alloh taolo: “Uch kishi borki, men ularga qiyomat kuni xusumatchiman. Mening nomimdan (ahd) beradigan va keyin xiyonat qiladigan kishi, hur kishini sotib pulini yeydigan kishi, mardikor yollab, uni ishlatib va haqqini bermagan kishi”, dedi” ( Imom Buxoriy rivoyati). 
Bu hadisda Alloh taolo qiyomat kuni uch kishiga rahmat nazari bilan qaramasligi va ular bilan xusumat qilishi bayon qilinmoqda. Alloh taolo kim bilan xusumat qilsa, albatta, uni yengadi. Ular ichida hur kishini sotib, uni hurlikdan mahrum qilib, qullikka solgan kishi ham bor. Bu juda katta gunohdir. 
Chunki bu holatda inson, odatda qilishi mumkin bo'lgan ishlardan man etilib, xorlik holatiga tushiriladi va ko'pincha faqat qorin to'ydirish uchun ishlashga mahkum qilinadi. 
O'tkinchi mol-dunyo uchun vatandoshlarini, qishloqdoshlarini va hatto qarindoshlarini sotishdan qaytmayotgan kishilar, yuqoridagi hadislardagi ma'nolarini bir zum tafakkur qilsalar, foydadan xoli bo'lmaydi. Zero, halol kasb qilib, boylik orttirayotgan, elga xizmat qilib, duo olayotgan mardlar ham son-sanoqsiz topiladi-ku! Yana bir hadisi sharifda: “Alloh taolo qiyomat kunida uch kishiga qaramaydi. Hurni sotgan kishi, o'zini o'zi sotgan kishi va mardikorning teri qotgandan keyin uning haqqini bekor qilgan kishini” deyiladi. 
Bu hadis ham yuqoridagi hadisni to'ldirib keladi. Qiyomat kuni ahvoli og'ir bo'ladigan kishilardan yana biri o'zini sotgan kishi ekan. Inson bila turib, o'zini qullikka solishi ulug' gunohlardan hisoblanadi. 
Yana bir eng tashvishli holatlardan biri, chet elga noqonuniy tarzda ishga chiqayotgan shaxslarning ko'pchiligi yuqorida ta'kidlangan yigirma birinchi asrning transmilliy tashkiliy jinoyatchilikning uchta eng xavfli turidan biri – xalqaro terrorizm va din niqobi ostidagi zo'ravonlik ruhi, kuch ishlatish, ya'ni ekstremistik, fundamentalistik, separatistik xurujlar vakillarining tuzog'iga tushib, adashib ketishmoqda. 
Bunday mudhish holatlar nafaqat Islom ta'limotiga, balki Alloh taoloning qazoi qadariga ham tug'yon qilish, unga qarshi borish demakdir. 
Nafsiga qul odamfurushlardan ogoh bo'laylik, inson qadri toptalmasin. 

A.USMONOV, 
Kasbi tumani “Fazli” masjidi imom-xatibi