O‘zbekistonning turizm sohasidagi imkoniyatlari Malayziyada namoyish etildiShu kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi tinglovchilari Malayziyada malakasini oshirmoqda. 

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 8 avgustdagi farmoni ijrosiga muvofiq, akademiya va “Iste’dod” jamg‘armasi tomonidan tashkil etilgan o‘quv zamonaviy davlat boshqaruvi, sud-huquq islohotlari, iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy, turizm kabi sohalarda amalga oshirilayotgan yangiliklar bilan tanish hamda bu borada bilim va ko‘nikmaga ega bo‘lishga qaratilgan. 

Mazkur o‘quv doirasida Malayziyada O‘zbekistonning turistik imkoniyatlarini targ‘ib qilishga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi va O‘zbekistonning Malayziyadagi elchixonasi hamkorligida o‘tkazildi. 

Malayziya milliy universiteti (Kebangsaan) professor-o‘qituvchilari va talabalari ishtirok etgan tadbirda mamlakatimiz tarixiy obidalari, ulug‘ ajdodlarimiz, serquyosh o‘lkamizning turistik potensiali hamda amalga oshirilayotgan islohotlar va o‘zgarishlar haqida ma’lumot berildi. 

Malayziyada ayni paytda 31 million nafardan ortiq aholi istiqomat qiladi. Ularning 60 foizi islom, 20 foizi buddizm, 9 foizi xristian, 6 foizi esa induizm diniga e’tiqod qiladi. Shu ma’noda, tadbirda Prezidentimizning BMT Bosh Assambleyasi 72-sessiyasida so‘zlagan nutqida "Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik" deb nomlangan maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish bo‘yicha tashabbusi va ushbu rezolyutsiyaning mazmun-mohiyati millatlararo totuvlik va diniy erkinlikni ta’minlashga qaratilganligi katta ahamiyatga ega ekani haqida ham so‘z bordi. 

– Samarqand, Buxoro, Xiva va Shahrisabz singari qadimiy shaharlarimizdagi betakror tarixiy obidalar va yurtimizda xavfsiz turizmni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha taqdimotlar namoyish etdik, – dedi akademiya tinglovchisi I.Soipov. – Ayniqsa, Imom al-Buxoriy, Imom at-Termiziy va boshqa islom ilmi rivojiga munosib hissa qo‘shgan buyuk allomalar mangu qo‘nim topgan qadamjolar va ushbu maskanlarda ziyoratchilar uchun yaratilgan qulayliklar to‘g‘risidagi ma’lumotlar malayziyaliklarda katta qiziqish o‘yg‘otdi. Albatta, bu kabi sa’y-harakatlar O‘zbekistonga keluvchi xorijlik sayyohlar sonini oshirishga xizmat qiladi. 

 

 

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA