Ana shu o‘sish sur’atlari natijasida sayyoramiz nufusi 2050 yilga borib, hozirgi 7,6 milliarddan 9,8 milliard nafarga yetishi mumkin.  O‘zbekistonda ham tug‘ilish ko‘rsatkichlari kam emas. Davlat statistika qo‘mitasi axborotida keltirilishicha, ayni kunda yurtimiz aholisi soni 32,6 million nafardan ziyod. Birgina o‘tgan yilning o‘zida o‘sish ko‘rsatkichlari 1,7 foizni tashkil etgan.

Albatta, mazkur omillar odamlarning yangi-yangi ish o‘rinlariga bo‘lgan ehtiyojini kuchaytirishi tabiiy. Qolaversa, qonuniy mehnat migratsiyasi dunyo iqtisodiyotining muhim tarkibiy qismiga aylanib borayapti. Shundan kelib chiqib, keyingi yillarda davlatimiz mazkur yo‘nalishda bir qator xorijiy mamlakatlar bilan kelishuvlarga erishmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi sa’y-harakati bilan yurtdoshlarimizni chet elda uyushgan holda ishga joylashtirish, huquqiy himoyasini ta’minlash choralari ko‘rilayotgani, albatta, tahsinga loyiq. 

Biroq...

Muammoning ildizi qayerda?

Joriy yilning 18 yanvar kuni Qozog‘iston Respublikasi hududida 57 nafar yo‘lovchi bilan harakatlanayotgan avtobus yonishi oqibatida hamyurtlarimizning halok bo‘lgani haqidagi xabar barchamizni larzaga soldi. Bir kunning o‘zida 52 ta qabr olov ichida qolgan yigitlar jasadini bag‘riga oldi. Afsuski, bunday fojiali holatlar shu bilan yakun topgani yo‘q. Qo‘shni davlatlar hududidan xorijga yo‘l olgan transport vositalari bilan bog‘liq halokatli hodisalar tez-tez kuzatilmoqda. 

Xo‘sh, buning asosiy sabablari nimada? 

Mutaxassislar fikriga ko‘ra, uzoq masofaga qatnovchi avtobuslar texnik jihatdan soz, xavfsizlik va qulaylik talablariga javob berishi shart. Biroq so‘nggi vaqtlarda qo‘shni mamlakatlar hududida fuqarolarimizni xorijga tashiyotgan yo‘lovchi avtobuslari ana shu me’yorlarga javob bermaganligi tufayli bir qator noxush holatlar kelib chiqayapti. Respublikamizda esa xalqaro yo‘lovchi tashish reyslarini amalga oshiruvchi avtotransport yo‘lovchi tashuvchilar deyarli mavjud emasligi muammoning ildiz otishiga olib kelgan omillardandir. 

Bu — masalaning bir jihati. Boshqa tomondan, yurtimizda temir yo‘l va aviachiptalar narxi avtomobil transporti xizmatlariga nisbatan birmuncha qimmatligi ham fuqarolarimizning qo‘shni respublikalardagi muqobil transport xizmatlariga murojaat qilishiga sabab bo‘layapti. 

Endi-chi? Bu muammolar qanday hal etiladi?

Chiptalar chegirma bilan sotiladi 

2018 yil 5 martda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun respublika tashqarisiga transportda chiqish vaqtida xavfsizligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori imzolandi. Mazkur hujjat yuqoridagi kabi noxush holatlarning oldini olish, yurtdoshlarimizga qo‘shimcha qulayliklar yaratishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. 

— Hujjatga muvofiq, joriy yilning 1 aprelidan vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun respublikadan tashqariga chiqayotgan fuqarolarga platskart vagonlarga temir yo‘l chiptalari narxlariga 20 foizgacha chegirma taqdim etiladi, — deydi “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati Tarif bo‘limi bosh mutaxassisi Shahnoza Aliyeva. —  Qolaversa, shu yili Rossiya va Qozog‘iston hududlari hamda shaharlariga yangi temir yo‘l yo‘nalishlari joriy etish, mehnat migrantlari tomonidan talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlarda yangi yo‘lovchi poyezdlarini qo‘yish hamda platskart vagonlar sonini ko‘paytirish kabi ustuvor vazifalar belgilangan. Bularning barchasi xorijda vaqtincha ishlash istagidagi fuqarolarimiz uchun katta qulayliklar yaratadi.

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi rahbari R. Ibragimovning ta’kidlashicha, xuddi shunday imtiyozlar “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAKning iqtisodiy (ekonom) klass aviachiptalarini sotib olishda ham qo‘llaniladi. Shu bilan birga, qarorda temir yo‘l va aviachipta xarid qilish xarajatlarini qisman qoplash uchun bunday yurtdoshlarimizga “Aloqabank” tomonidan bir yilda bir marta 300 ming so‘m miqdorida beg‘araz to‘lov amalga oshirilishi ham qayd etilgan. 

Albatta, qay bir yurtda bo‘lmasin, halol mehnat, peshona teri bilan pul topishning aybi yo‘q. Aksincha, qonuniy migratsiya — dunyo bo‘ylab keng ommalashayotgan jarayon. Ammo xorijiy mamlakatga yetib borishdan tortib, o‘zga yurtdan turarjoy topish, yeyish-ichish va boshqa sarf-xarajatlar uchun ma’lum miqdorda mablag‘ zarur. 

Xo‘sh, bunga qurbi yetmaganlar-chi? 

Pulingiz yo‘qmi? Kredit oling!

— Davlatimiz bu borada ham yurtdoshlarimizga yaqindan ko‘mak berishni o‘z zimmasiga olmoqda, — deydi O‘zbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o‘rinbosari E. Muhitdinov. — Chunonchi, Prezidentimiz qaroriga ko‘ra, “Aloqabank” tomonidan soddalashtirilgan ochish shartlari bilan “VISA-migrant” plastik kartalari joriy etilishi ko‘zda tutilgan. “Ipoteka-bank” esa vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun respublikadan tashqariga chiqayotgan fuqarolarga 1000 AQSh dollari ekvivalentida kredit ajratadi. Shu bilan birga, “O‘zagrosug‘urta” aksiyadorlik jamiyati Rossiya Federatsiyasiga vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun ketayotgan fuqarolarni kompleks sug‘urta qilish bo‘yicha Rossiyada o‘z vakolatxonalarini ochish, imtiyozli tariflar asosida temir yo‘l va aviachiptalar sotishga ixtisoslashtirilgan kassalarida ushbu xizmat bo‘yicha sug‘urta agentlarini joylashtiradi.

Chindan ham, ishlayman deganga imkoniyat keng. Shu ma’noda, vaqtincha mehnat qilish uchun safarga yo‘l olayotgan yurtdoshlarimizga bu borada qo‘shimcha qulaylik va imtiyozlar yaratilayotgani tahsinga sazovordir. 

Islohotlar samarasini esa vaqt ko‘rsatadi.

Farrux BO‘TAYeV,

«Xalq so‘zi» muxbiri.