Keyingi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda ba’zilar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning faoliyatiga bag‘ishlangan chiqishlari kuzatilmoqda.

Muhtaram Prezidentimizning “Xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak” degan purma’no so‘zlari hayotimizdan o‘rin olib, xalq va davlat organlari o‘rtasidagi yaqinlik va samarali aloqa mustahkamlanib borayotgan bir davrda qaysi davlat muassasasi bo‘lmasin unga nisbatan noxolis ma’lumotlarni tarqatish Prezident siyosatiga ziddir.

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita 1992 yilda tuzilgan. Mustaqillik yillarida O‘zbekistonda amalga oshirilgan diniy-ma’rifiy islohotlar va bu boradagi yutuqlarda, xususan, minglab masjidlarni ochilishida, o‘nlab diniy ta’lim muassasalarining tashkil etilishida, aziz avliyolar qadamjolarining obod qilinishida, asarlarining tarjima va  taqdim etilishida, Qur’oni karim va hadisi sharif ma’nolarining xalqimizga yetkazilishida Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning o‘ziga yarasha hissasi bor. So‘nggi ikki yilda yurtimizda diniy sohada ko‘plab ishlar amalga oshirildi. Jumladan, muhtaram Yurtboshimiz boshchiligida bir qancha islom ilmiy-tadqiqot markazlari, masjid va qadamjolar va boshqa ziyo maskanlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Qoraqalpg‘iston Respublikasidagi “Imom Eshon Muhammad” jome masjidining rekonstruksiya qilinishi, Xorazm viloyatining Urganch shahridagi “Oxun bobo” masjidining qayta qurilishi, Qashqadaryo viloyatining Qarshi tumanidagi  “Abu Muin Nasafiy majmuasining tubdan yaxshilanishligi, yurtimizning turli hududalirda tashkil etilgan islom ilmiy-tadqiqot markazlari, “O‘zbekiston Islom akademiyasi”, “Tasavvuf”, “Fiqh”, “Aqida”, “Hadis” va “Kalom” maktablari diniy sohada olib borilayotgan islohotlarning amaliy ifodasi hisoblanadi. Albatta yuqorida tilga olingan ishlarning amalga oshirilishida Qo‘mitaning ham ishtiroki bor. Shuning uchun davlat tashkilotlari, xususan, boshqaruv organlari haqida so‘z yuritganda, shoshilmasdan, bosiqlik bilan yondashish, vaziyatni murakkablashtirmasdan fuqarolar orasida ig‘vo va bo‘htonlarni tarqatmaslikni tavsiya qilamiz. Aks holda jamiyatdagi birdamlik va bag‘rikenglik muhitiga putur yetishi mumkin.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, O‘zbekiston Respublikasining “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi Qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlari, farmon va farmoyishlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari asosida olib boradi.

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita boshqa davlat organlari, nodavlat va jamoat tashkilotlari hamda fuqarolar bilan faqatgina amaldagi qonun talablari asosida munosabatga kirishishini ham alohida qayd etish zarur. Shunday ekan, qo‘mita haqida turli noxolis ma’lumotlarni tarqatayotganlar davlat siyosati va hukumatga qarshi chiqayotganlarini, bu esa na biror qonunga va na biror diniy ta’limotga to‘g‘ri kelmasligini aytmoqchimiz. Zero, Qur’oni karimda ham: “Fitna qotillikdan ham yomonroqdir” deyilgan. Xalqni davlat institutlariga qarshi qo‘zg‘ash, fitna keltirib chiqarish oqibatida dunyoda qanday noxushliklar, ixtilof va ziddiyatlar, qonli to‘qnashuvlar ro‘y berayotganini bugun barchamiz ko‘rib turibmiz.

O‘z o‘rnida ta’kidlaymizki, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita o‘z faoliyati haqida turli noxolis va bo‘hton ma’lumotlarni tarqatayotganlar bilan tortishishni o‘ziga ep ko‘rmaydi. Qo‘mita faqatgina Prezidentimiz aytganlaridek “Xalqni rozi qilish” maqsadida faoliyat olib bormoqda. Fuqarolarni esa Qo‘mitaga doir har qanday mulohaza yoki takliflari bo‘lsa, Qo‘mitaga murojaat qilishlarini tavsiya etamiz.

Aziz vatandoshlar! Ona-vatanimiz O‘zbekistonimizni yanada obod va farovon bo‘lishida birlashib harakat qilaylik. Sovet davrida bo‘lib o‘tgan voqealar, almisoqdan qolgan gaplar bilan o‘zaro adovatlashmaylik. Din ishlari bo‘yicha qo‘mita fuqarolarimiz tomonidan ko‘tarilgan har qanday muammo va har bir dolzarb masalani bahamjihat hal qilishga tayyor. Yurtdoshlarimiz uchun eshiklarimiz hamisha ochiq.

           Din ishlari bo‘yicha qo‘mita

Matbuot xizmati