“Diniy ekstremizm va terrorizm – jamiyat taraqqiyotiga tahdid”

O'zbekiston azaldan turli millatga mansub, turli dinlarga e'tiqod qiluvchi xalqlar tinch-totuv yashagan o'lka bo'lib kelgan. Ajdodlarimiz boshqa din vakillariga doimo hurmat bilan munosabatda bo'lgani, Vatan taraqqiyoti yo'lida yelkadosh bo'lib mehnat qilgani tarixiy manbalarda ko'p qayd etilgan.
Hozirgi kunda O'zbekiston aholisining soni 31 mln.dan oshgan bo'lib, ular 130 dan ziyod millatga mansub hisoblanadi. Fuqarolarning 94% dan ziyodi islom diniga e'tiqod qiladi. 3,5% ga yaqin fuqarolar pravoslav diniga mansub bo'lib, qolganlarini boshqa konfessiya vakillarini tashkil etadi. Bugungi kunda O'zbekiston Respublikasida 16 diniy konfessiyaga mansub 2 238 diniy tashkilot faoliyat olib bormoqda. Ulardan 2064 tasi islomiy, 157 tasi xristian, 8 tasi yahudiy, 6 tasi bahoiy jamoalari, bittadan Krishnani anglash jamiyati va Budda ibodatxonasidir. Bulardan tashqari konfessiyalararo Bibliya jamiyati ham faoliyat yuritmoqda. Ushbu diniy tashkilotlarning emin-erkin faoliyat olib borayotgani ham yurtimizda hukm surayotgan diniy bag'rikenglikning amaliy ifodasidir.
Hech shubhasiz, yurtimizda turli sohalarda erishilayotgan barcha ulkan yutuqlarimizning zamirida jamiyatimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalik hisoblanadi. 
Ma'lumki, bugun musulmon olamida murakkab ijtimoiy-siyosiy jarayonlar kechmoqda. Yaqin Sharq va boshqa hududlardagi qator mamlakatlar chuqur siyosiy tanglik, ijtimoiy va iqtisodiy beqarorlik va qurolli to'qnashuvlarni boshidan kechirmoqda. Mazkur hududlarda go'yoki haqiqiy “islomiy davlat” qurish shiori ostida ochiqdan-ochiq zo'ravonlik, insoniylikka zid vahshiyliklarga asoslangan amallarga qo'l urayotgan turli guruh va jamoalar urchib ketdi. Muhtaram Prezidentimiz Islom Abdug'anievich Karimov O'zbekiston Respublikasi mustaqilligining yigirma to'rt yilligiga bag'ishlangan tantanali marosimda ta'kidlaganlaridek: “Bugungi kunda dunyoning turli mintaqa va hududlarida avj olayotgan qarama-qarshiliklar, qonli to'qnashuvlar, musulmon dunyosidagi turli mazhab va oqimlar o'rtasida kuchayib borayotgan nizo va ziddiyatlar, begunoh odamlarning qurbon bo'layotgani barchamizni  tashvish va xavotirga solmay qo'ymaydi”.
Ushbu holat davlatning katta yoki kichikligi, dini va millatidan qat'iy nazar, tinchlik va barqarorlik naqadar aziz ne'mat ekanini yana bir bor isbotlab bermoqda.
So'nggi yillarda aqidaparast oqimlar yoshlar ichidagi faoliyatini mehnat migrantlarini ta'sir doirasiga olish, “hujralar” tashkil etish, diniy ekstremistik mazmundagi materiallarni elektron ko'rinishda tarqatish, internet orqali targ'ibot o'tkazish kabi usullarda amalga oshirmoqda. Ayniqsa, internet tarmog'ida o'zini “Islom davlati” (ISHID), “Jabhat al-Nusra” deb atab olgan terroristik tashkilotlar go'yoki islom ravnaqi yo'lida kurashayotgan “mujohid birodarlar guruhi” ekani haqidagi targ'ibot-tashviqot keng ko'lamda olib borilayotgani, buning oqibatida dunyoning ko'plab mamlakatlaridan musulmon yoshlar “hijrat” qilish va “jihod”da ishtirok etib da'vosida Suriya va Iroq hududiga borib, ushbu guruh safiga borib qo'shilayotganining guvohi bo'lmoqdamiz. 
Afsuski, yoshlar muayyan qismi ISHIDni haqiqatda ham islom dinini butun dunyoga tarqatish, islomiy davlat barpo etgan holda dunyoda adolat o'rnatishni maqsad qilgan tashkilot deb hisoblaydi. Bunday fikrlovchilar Markaziy Osiyoda, xususan, O'zbekistonda ham bor ekani hech kimga sir emas. Bunday yoshlar yuqorida qayd etilgan hududlarda insonlarga qarshi sodir etilayotgan jinoyatlarni go'yoki xalifalik qurish uchun joiz amal hisoblab qattiq adashmoqdalar. Aslida, mutaassib oqim a'zolarining maqsadlari - “jihod”, “hijrat”, “shahidlik”, “kofir bo'lish” kabi diniy tushunchalarni soxta talqin qilish orqali yoshlarimizni oilasi va yaqinlarining ta'siridan chiqarish, o'qish yoki ishidan ajratib olish hamda ularni qurolli to'qnashuvlar ketayotgan Suriya, Iroq, Afg'oniston yoki Pokiston kabi mamlakatlarga jo'natib, manqurt-jangari yoki “tirik bomba”ga aylantirishdan iborat. 
BMTning inson huquqlari bo'yicha Bosh komissari Navi Pilley e'lon qilgan ma'lumotga ko'ra 2012 yilning iyul oyidan boshlab Suriya va Iroqda har oyda 5000 nafar odam o'lmoqda. O'layotganlar orasida qariyalar, ayollar, oilalar, hatto emizikli go'daklar ham bor. Frantsiyaning Frans-Press nashri “Syrian Observatory for Human Rights” tashkilotiga tayanib tarqatgan xabariga ko'ra 2011-2015 yillar davomida halok bo'lganlarning soni 230000 ga yetgan. Ulardan 69494 tasi tinch aholi vakillari, 11493 tasi bolalar, 7371 tasi ayollardan iborat. Bu faqat rasmiy ma'lumotlar bo'lib, asl raqamlar mazkur ko'rsatkichlardan ancha yuqori bo'lishi hech kimni hayron qoldirmaydi. 
Joriy yilning yanvar` oyida Suriyaning o'zini “Islom davlati” deb atayotgan terrorchi guruh nazoratida bo'lgan Raqqa shahrida ko'z ko'rib quloq eshitmagan mudhish ish sodir bo'ldi. 40 yoshli mushtipar ona 20 yoshli o'g'lini terrorchi guruhni tark etishni so'rab qilgan iltijolarini oqpadar o'g'il o'z qo'mondoniga yetkazgan. So'ngra esa rahnamolaridan “tegishli” ko'rsatma olib, o'z onasini xaloyiqning ko'zi oldida, bechora ayol butun umr ishlagan pochta binosi oldida otib o'ldirgan. 
Yana e'tibor berish lozim bo'lgan bir holat, Iroq va Suriyada terrorchilar o'zlariga ergashmagan bacha musulmonlarni “kofir”ga chiqarib, erkaklarni qatl qilib, ayollar va bolalarni esa qul sifatida sotish kabi qabig' ishlarga qul urayotgani guvohi bo'lmoqdamiz. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda aytiladi: “Nabiy (s.a.v.) dedilar: “Alloh dedi: “Uch (kishi) borki, Qiyomat kuni men ularga xusumatchiman: Mening nomim bilan (ahd) berib, keyin hiyonat qilgan kishi; hur odamni sotib, pulini yegan kishi; ishchi yollab, undan (ishni) to'la talab qilib olib, haqini bermagan kishi”. Go'yoki “hijrat” savobini olamiz deb da'vo qilayotganlar ba'zi adashgan yurtdosh yoshlarimiz yuqoridagi kabi onakush va odamfurushlardan o'rnak olmoqchimi?
Qur'oni Karimda aynan shunday holatlar haqida “Zulm (nohaqlik) qilganlarga suyanmangiz, toki sizlarga (do'zaxdan) olov yetmasin!” (“Hud” surasi, 113-oyat), deyilgan. Hozir butun dunyo ulamolari terrorchi guruhlarning islomga umuman aloqasi yo'q ekani haqida fatvo bermoqdalar. Jumladan, Butun dunyo islom ulamolari kengashi raisi Yusuf Qarazoviy: “Biz ulamolar buzg'unchilarga qarshi kurashmog'imiz zarur. 
Hozir ISHID tarkibida aldangan yoshlar juda ko'p. Ular “kofirlarga qarshi jihod qilyapmiz, orzuimiz jannat”, deyishyapti-ku, ammo musulmonlarni qatl etib, og'ir gunohga botmoqda. Biz bunday nobakorlikning oldini olishimiz darkor”, deb ta'kidlagan.
Misr Bosh muftiysi, “Al-Azhar” majmuasi rahbari shayx Ahmad Tayyib ISHIDning Islom dinidan yiroq tuzilma ekanini ta'kidlab, shunday deydi: “Iroq xalqi barcha imkoniyat va kuchini mamlakatda oqayotgan qonlarni to'xtatish hamda ISHID tomonidan olib borilayotgan nohaq odam o'ldirish, qinsonlarning obro'sini poymol qilish, masjidlarni xarobaga aylantirish, nasroniy hamda boshqa din vakillarining quvg'in qilinishi kabi ayanchli holatlarni bartaraf qilishga sarflashlari zarur. Islom dini vayronagarchilik va qotillik kabi ishlarni amalga oshiradigan qurolli harakatlarni rad qiladi. 
Islom bunday ishlardan mutlaqo yiroq!”.
Aslida “hijrat” lug'atda “ko'chish, biron narsadan ajrash, tark etish” ma'nolarini anglatadi. Istilohda Payg'ambarimiz Muhammad (s.a.v) boshchiliklaridagi bir guruh musulmonlar jamoasining Quraysh taziyqidan qutilish maqsadida Makkadan Madinaga ko'chib o'tishlariga hijrat deyiladi. 
Aqidaparastlar yoshlarni avrab, islom diyori bo'lgan, azon aytiladigan, juma va hayit namozlari o'qiladigan, umuman, islomning besh arkonlari emin-erkin ado etilib, musulmonchilik amalda bo'lgan va fuqarolar tinchlik-xotirjamlikda hayot kechirayotgan Vatanini tark etishga targ'ib qilmoqda. Vaholanki, o'z yurtini tashlab, o'zga yurtlarda sarson-sargardon yurish, manqurt shaxslar bilan birlashib, kindik qoni to'kilgan yurtiga qarshi qurol ko'tarish ayni islom ta'limotiga zid ishdir. Insonlarni tinch va osoyishta diyordan din nomidan qotilliklar oshkora qilinayotgan fitna makonlariga chorlashdek qabih ish hech qachon “hijrat” bo'la olmaydi. 
Payg'ambarimiz (s.a.v) hadisi sharifda: “Haqiqiy muhojir Alloh va Rasuli qaytargan narsadan hijrat qilgan (qaytgan) musulmondir” deb marhamat qilganlar. Islom dini Vatanga hiyonat, qotillik, buzg'unchilik, o'zini o'zi o'ldirish, o'zgalarga zum qilish, ota-onaga oq bo'lish kabilardan qaytaradi.   
“Jihod” so'zi lug'atda kishining o'z maqsadiga erishish yo'lida bor imkoniyatlarini ishga solib, qattiq harakat kilishi ma'nosini anglatadi. Darsini o'zlashtirish uchun barcha imkoniyatlarini ishga solib harakat kilayotgan o'smir mujtaxid talaba deb ataladi. Binobarin, uni ilmiy jihod kilmokda desa bo'ladi. Istilohda dini, vatani, oilasi, obro'si va moli himoyasini shariat ruxsat bergan yo'llar bilan amalga oshirishni anglatadi. Kishining o'z vatanini bosqinchilardan, isyonkorlardan himoya qilishi ham ayni jihoddir. Hadisda insonning o'z nafsi yomonliklariga qarshi turishi, yaxshiliklarga intilishi katta jihod ekanligi ta'kidlanadi. Imom Buxoriy rivoyat kilgan hadisda aytiladi: “Bir kishi Rasululloh sollallohu alayxi vasallamning huzurlariga u zotdan jihodga izn so'rab keldi. Shunda u zot unga: “Sening ota-onang bormi?” dedilar. “Ha”, dedi. “Bas, ikkovlari (xizmati)da jihod qil!” dedilar”.
Diniy ekstremizm dunyodagi deyarli barcha mamlakatlarda shaxs, jamiyat va davlatning hayotiy muhim manfaaatlariga tahdid solib kelmoqda. Jumladan, diniy ekstremistik oqim tarkibiga kirib qolgan shaxs:
- oilasi, qarindosh-urug'lari va yaqin insonlaridan mahrum bo'ladi;
- jamiyatdagi ijtimoiy mavqeini yo'qotadi, chuqur ilm olish, yaxshi kasb egas bo'lish va hayotda munosib o'rin egallash imkoniyatlaridan ayriladi;
- yon-atrofidagi jarayonlarga shaxsiy munosabatga ega bo'la olmay, voqelikka faqat DEO nuqtai-nazaridan qarashga majbur bo'ladi;
- umri qamoqda yoki o'zga yurtlarda xor-zor va sargardonlikda o'tadi, ota-onasi, turmush o'rtog'i va farzandlari oldidagi insoniy majburiyatlarini bajara olmaydi.
O'z navbatida, diniy ekstremistik g'oya va yot diniy qarashlarning jamiyatdagi ijtimoiy-ma'naviy muhit va tadrijiy rivojlanishga zararli ta'siri quyidagilarda aks etadi:
- DEO a'zosi qonuniy jazoga tortilishi yoki “hijrat” da'vosida xorijiy yurtlarga chiqib ketishi oqibatida jamiyatning birlamchi bo'g'ini bo'lgan oilalarda parokandalik yuzaga keladi, farzandlar tarbiyasiz, oilalar esa boquvchisiz qoladi;
- jamiyatda an'anaviy qadriyatlarni avloddan avlodga uzatish tizimi va tadrijiy rivojlanish jarayoni buziladi, mazkur jamiyatda asrlar osha muhim o'rin tutgan milliy, madaniy, tarixiy qadriyatlar ahamiyatini yo'qotishi oqibatida ma'naviyat pasayadi; 
- ekstremistik va terroristik harakatlar sodir etilish orqali jamiyatda “yovuzlik chegarasi” pasayib, odamlar qotillik, qiynoq, bosqinchilik, garovga olish, qulchilik kabi jinoyatlarga ko'nikib qoladi. 
Ayni chog'da, ushbu yovuzliklar jamiyatning muayyan qismida vahima uyg'otadi, qochoqlar oqimi paydo bo'ladi; 
- terrorizm va ekstremizm, ular oqibatida kelib chiqadigan ijtimoiy beqarorlik jamiyatda kriminal jinoyatlarning avj olishiga xizmat qiladi;
- davlat tomonidan xavfsizlik choralarini ko'rish uchun byudjet mablag'larini sarflashi, shuningdek, terroristik harakat oqibatida ko'rilayotgan moddiy zarar jamiyatga iqtisodiy jihatdan katta zarar yetkazadi. Oqibatda ishsizlik oshadi, ijtimoiy muhofazaga yo'naltirilgan loyihalar bajarilmay qoladi, aholining turmush darajasi pasayadi;
- mamlakatning taqdiri iqtisodiy donor va qurol-aslaha sotuvchi davlatlarga bog'liq bo'lib qoladi.
Xorijga ish axtarib ketgan ayrim yoshlarimiz DEO oqim a'zolarining ta'siriga tushib, yurtga qaytgandan so'ng yon-atrofdagilardan “jamoat” tuzishga, ularni “hijrat”ga olib chiqishga qaratilgan harakatlar sodir etayotgani kuzatilmoqda. Albatta, ish joyi tanlash huquqi har kim uchun kafolatlangan, biroq hozirda ayrim xorijga ketganlarning odam savdosi qurboniga aylanib qolayotgani, xoru zor bo'lib, biron narsa orttirib qaytish o'rniga boridan ham ayrilib kelayotani ham bor gap. Eng yomoni pul topish istagida xorijga ketganlarning ba'zilari chet eldagi yasama “din da'vatchilari”ning qarmog'iga ilinib, soxta “hijrat” va “jihod” da'vatlariga uchayotgani, uch-to'rt so'm uchun Suriya, Afg'oniston kabi kabi nizo va urush o'choqlarida qo'llarini qonga belab, o'z ona-yurtiga qurol o'qtalish darajasidagi manqurtga aylanib qolayotgani bu masalaga jiddiy e'tibor qaratish lozimligini taqozo qilmoqda. U yerlarda diydasi qotgan jallodlarga aylangan bu johillar yurtiga qurol o'qtalib o'z xalqi, ota-onasi va dindoshlariga tahdid bilan dag'dag'a qilishdek tubanlikka yuz tutyaptilar. 
Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi Kodeksning 202-moddasi 1-bandida faoliyati ta'qiqlangan jamoat birlashmalari va diniy tashkilotlarning faoliyatida qatnashishga undash eng kichik oylikning 5-10 miqdorida jarima to'lash yoki 15 sutka sutka qamoq jazosi belgilangan. Jinoyat Kodeksining 216-moddasi 1-bandiga ko'ra, yuqoridagi qonunbuzarlik ma'muriy jazo qo'llanilgandan keyin qayta sodir etilgan bo'lsa, eng kichik oylikning 25-50 miqdorida jarima to'lash, 3 yilgacha axloq tuzatish, 6 oygacha qamoq, 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanadi.
Ekstremistik oqimlar o'z safiga yangi shaxslarni jalb etishda internetdagi ijtimoiy tarmoqlardan keng foydalanmoqda. Ba'zi yoshlarimiz “Internet” orqali o'zini “Islom davlati” deb atayotgan terrorchi tashkilot aqidaparast guruhlar ta'siriga tushib qolishi, “Obid qori”, “Abduvali qori”, “Rafiq qori” kabi mutaassib shaxslarning ma'ruzalarini diskda yoki qo'l telefoni xotirasida saqlab, tinglab yurish holatlari mavjud. Ayniqsa, so'nggi vaqtda hatto o'smir yoshdagi bolalar Suriya, Iroq kabi mamlakatlardagi jangarilarning faoliyatini targ'ib qiluvchi materiallarni telefonda qo'lma-qo'l qilayotganlari kuzatilmoqda. Bunday holatlar yuzasidan Din ishlari bo'yicha qo'mitaga huquqni muxofaza qiluvchi idoralardan ekspertiza uchun ko'plab materiallar kelib tushmoqda. Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi Kodeksning 184-moddasi 2-bandiga muvofiq, diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish eng kam ish haqining 25-100 barobari miqdorida jarima to'lash bilan jazolanadi. Jinoyat Kodeksining 244-moddasi 3-bandiga ko'ra, yuqoridagi noqonuniy xatti-harakat agar ma'muriy jazodan so'ng sodir etilgan bo'lsa, eng kam ish haqining 100-200 barobari miqdorida jarima to'lash yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
So'nggi vaqtda Markaziy Osiyodan chiqqan jangarilarning bir qismi Suriyadan o'z mamlakatlariga suqilib kirib olib pinhona fitna chiqarishga harakat qilmoqdalar. Vaziyatning bunday tahlikali o'zgarib borishi respublikamizda barcha jonkuyar fuqarolaridan hushyorlik va ogohlikni keskin oshirishlarini taqozo etadi. Tinchlikni saqlash xushyorlik va ogohlikni talab qiladi. Afsuski, hayotimizda sodir bo'layotgan noqonuniy xatti-harakatlarni ko'rib ko'rmaslikka oladigan, tinchlikni saqlash faqat davlatning ishi deb o'ylaydiganlar, farzandlarining tarbiyasi bilan qiziqmaydigan ota-onalar ham borligini qayd etish lozim. Vatan oiladan boshlanadi. Oilada tinchlik bo'lsa, mahalla, qishloq, shahar, viloyat va nihoyat mamlakatda osoyishtalik bo'ladi, yurt ravnaq topadi. 
Farzandlarimizning ilmiy saviyalari, kasbu-xunarlari bilan axloqiy fazilatlarini ham o'stirib borishimiz kerak. Yosh avlodning turli yot oqimlar ta'siriga tushib qolishini oldini olish to'g'risida g'amxo'rlik faqat hukumatimiz yoki ta'lim muassasalarining vazifasi emas, balki har bir ota-onaning ham muhim burchlaridan biridir.
Yana ta'kidlash joizki, tinchlikni ulug' ne'mat deb e'lon qilgan dinimizda bu yo'lda nafaqat amal bilan, balki so'z bilan ham zarar keltirishdan qaytarilgan. Shu nuqtai-nazardan, fuqarolarimiz yurtimizda tinchlik-xotirjamlikni avaylab-asrash yo'lida davlatimizning mutasaddi idoralari tomonidan amalga oshirilayotgan say'y-harakatlarni e'tiqodan qo'llab-quvvatlashlari va qo'lidan kelgancha ularga yordam berishlari lozim. Tahdidlarni oldini olishga qaratilgan aynan mana shunday chora-tadbirlar hisobiga yurtimiz tinch, dindorlarimiz xotirjamlikda ibodatlarini ko'ngildagidek ado etmoqdalar. Shu sababdan yurtimizga g'alamislik qilishga harakat qiluvchi, go'yoki dindorlarga tayziq qilinmoqda degan tuhmat tarqatayotgan kimsalarning tegirmoniga suv qo'yib qo'ymasligimiz ham lozim. 
Zero, Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) marhamat qilganlaridek: “Haqiqiy musulmon bu – musulmonlar uning tili va qo'lidan omonda bo'lishliklaridir”.
Shunday ekan, yurtimizda hukm surayotgan tinch va osuda hayotni asrash, uning mustaqilligi va barqarorligiga munosib hissamizni qo'shish – har birimizning, shu aziz Vatanda yashayotgan barcha fuqarolarning, davlat yoki jamoat tashkilotida ishlashi, tadbirkor yoki boshqa kasb egasi bo'lishidan qat'iy nazar, eng asosiy vazifalaridan bo'lib qolmog'i lozim. 


O'.Hasanboev