Joriy yilning 11 fevral kuni “Umra-2018” Bahor mavsumining 220 nafardan iborat datlabki guruhi umra amallarini bekamu-ko‘st bajarib mamlakatimizga qaytib keldilar.

Ziyoratchilarni “Islom Karimov” nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda boshqa mutasaddi tashkilotlar vakillari kutib oldilar.

Kutib olish jarayonida ziyoratchilarning umra amallarini to‘la-to‘kis bajarib kelayotganliklaridan mamnun ekanliklari ko‘rinib turibdi. Ular bilan bo‘lgan suhbat jarayonida safar ko‘ngildagidek o‘tgani, umra mavsumida yaratilgan sharoitlardan juda xursand ekanliklari, Madina va Makka shaharlarida ishchi guruhi, shifokorlar va oshpazlar tomonidan ziyoratchilarga ko‘rsatilgan xizmatlar a’lo darajada tashkil etilgani hamda bu ishlarning boshida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti turganliklarini his qilganliklarini izhor etib, bu kabi qulay sharoitlarni yaratib bergan Yurtboshimizga minnatdorchilik bildirib duolar qilganliklarini izhor qildilar.

Shuningdek, O‘zbekistonlik 30 nafardan iborat taniqli ulamolar, professor-o‘qituvchilar va imom-xatiblar Saudiya Arabistoni Podshohi mehmonlari sifatida umra amallarini ado etib qaytdilar (alohida dastur bo‘yicha). Ular Madinai munavvaradagi Uhud tog‘i, Qubo va Qiblatayn masjidlari, Makkai mukarramadagi Arafot, Mino, Muzdalifa vodiylari, Savr va Nur tog‘larini ziyorat qilib, Harami Sharifda o‘z ibodatlarini to‘liq ado etdilar. Ulamolarimiz safar davomida tashkilotchilar tomonidan tashkil etilgan turli seminar, davra suhbati va podshohlikdagi martabali shaxslar, taniqli ulamolar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda ham ishtirok etdilar. Shuningdek, Saudiya Arabistoni shaharlaridagi diqqatga sazovor joylar, muzeylar, diniy mazmundagi adabiyotlar va mahsulotlarni ishlab chiqarish korxonalariga ham tashrif uyushtirdilar.

Bahor mavsumida jami 8500 nafar fuqarolarimizning Toshkent–Jidda–Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha 38 ta charter aviareyslarida safarlari tashkil etilada.

Bugungi kunga qadar 1900 nafar fuqarolarimiz umra safariga kuzatildilar va ulardan 220 nafari umra amallarini bajarib, sog‘-salomat mamlakatimizga qaytib keldilar. Safarga kuzatish ishlari davom etmoqda.

Saudiya Arabistonida ziyoratchilarga o‘zbekistonlik 12 nafar ishchi guruhi, 170 nafar guruh rahbari, 42 nafar shifokor va 12 nafar oshpaz xizmat ko‘rsatmoqda.

Ziyoratchilarimizning so‘nggi guruhi Vatanimizga joriy yilning 29 mart kuni qaytib keladilar.

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita

Axborot xizmati