2018 yilning 4 yanvar kuni O‘MI Toshkent viloyati vakilligida tuman va shaharlarning bosh-imom xatiblari ishtirokida 2017 yilning ma’naviy-ma’rifiy ishlar tahlili bo‘lib o‘tdi. Unda Vazirlar mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Ortiqbek Yusupov, O‘MI raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari, Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Xayrulloh domla Turmatov qatnashdilar.

Yig‘ilishda 2017 yilda amalga oshirilgan ishlar tahlil qilinib, qo‘lga kiritilgan yutuqlar bilan birga, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar haqida so‘z yuritildi.

Shuningdek, 2018 yilda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar, rejalar va chora – tadbirlar haqida taklif va mulohazalar bildirilib, kerakli ko‘rsatmalar berildi. Xususan, imom-xatiblarning o‘z ustida ishlashi, zamon bilan hamnafas bo‘lgan holda bilim va dunyoqarashini oshirib borishga alohida e’tibor qaratishi, sof Islom ta’limotini keng jamoatchilikka targ‘ibot qilishda jonbozlik ko‘rsatishi; masjidlarning moddiy ahvolini yaxshilash, namozxonlar uchun har tomonlama qulay sharoitlarni tashkil etish yuzasidan vazifalar belgilab olindi.

Yurtboshimiz aytganlaridek, buyuk allomalarimiz, ulug‘ ajdodlarimizning minglab o‘rganilmay kutubxonalarda saqlanib kelayotgan bebaho asarlarini xalqqa yetkazish uchun tadqiqotlar o‘tkazish lozimligiga alohida urg‘u berildi.

Shu bilan birga, yana bir quvonchli va mas’uliyatli ishlardan biri – joylarda qorilar o‘rtasida Qur’on musobaqalarini yuqori saviyada va ko‘tarinki ruhda, keng jamoatchilikni jalb qilgan holda o‘tkazilishini ta’minlash to‘g‘risida zaruriy ko‘rsatmalar berilib, vazifalar topshirildi, deb xabar beradi viloyat bosh imom-xatibi Xayrulloh Turmatov.

Matbuot xizmati