Davlatimiz rahbarining Oliy Majlis palatalariga taqdim etgan Murojaatnomasini alohida e’tibor, katta hayajon, chuqur mamnuniyat bilan tingladik. Unda qayd etilgan masalalar har birimizni to‘lqinlantirdi, o‘ylantirdi, mushohadaga chorladi. Ayniqsa, farzandlar ta’lim-tarbiyasi, yot g‘oyalarga ergashib, adashganlar qismati xususida gapirar ekan, Prezidentimiz biz ulug‘ allomalar vorislari ekanligimizni, yurtimizda islom dinining asl mohiyatini targ‘ib etish borasida ulkan ishlar olib borilayotganini, shunday ekan, noyob va boy ma’naviy merosimizdan yoshlarimizni qancha ko‘p bahramand etsak, shunchalik naf bo‘lishini ta’kidlab o‘tdilar. 

Yurakdan aytilgan bu so‘zlar kimni ta’sirlantirmaydi, kimni quvontirmaydi?! Darhaqiqat, mamlakatimiz fiozilu fuzalolari azal-azaldan jahon aro shuhrat qozonib, haqli ravishda “Islom olamining quvvati” unvoniga sazovor bo‘lgan. Samarqand va Buxoroda Mirzo Ulug‘bek qurdirgan madrasalar o‘rta asrlarning universitetlari vazifasini bajargan. Ayni vaqtda ajdodlarimizning diniy-ma’rifiy merosini yanada teran o‘rganish va tahlil qilish, ularning ilmiy an’analarini munosib davom ettirish bugungi avlod oldida turgan dolzarb vazifalardan sanaladi. 

Shuningdek, shiddat bilan o‘zgarib borayotgan globallashuv davrida dunyoda muqaddas islom dini ahkomlarini noto‘g‘ri talqin qilish, ularni soxtalashtirish yo‘li bilan turli fitna va buzg‘unchiliklar sodir etish holatlari kuzatilayotgani hech kimga sir emas. Bunday murakkab vaziyat dinimizning sofligini saqlash, uning tinchlik va insonparvarlikdan iborat asl mohiyatini aholi va, ayniqsa, yoshlarga yetkazishga qodir, yuqori darajada ilmiy va diniy salohiyatga ega mutaxassislarni tayyorlashni taqozo qilmoqda. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017 yilning 1 sentyabrida Toshkent shahridagi Hazrati Imom majmuasida davlat, jamoat va yoshlar tashkilotlari, diniy soha vakillari bilan uchrashuvida diniy ta’lim tizimini tahliliy o‘rganib chiqish va zamon talablari asosida takomillashtirish, yuqori ilmiy tayyorgarlikka ega mutaxassislarni tayyorlashni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha vazifalar belgilab berilgan edi. Ana shu vazifalar asosida buyuk mutafakkir ajdodlarimiz asos solgan ilmiy maktablar va yo‘nalishlar davomiyligini ta’minlash, oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim o‘quv yurtlari, ilmiy tadqiqotlar markazlarini yuqori ilmiy saviya va malakaga ega mutaxassislar tayyorlash maqsadida Prezidentimiz tomonidan 2017 yil 15 dekabrda imzolangan “O‘zbekiston Islom akademiyasini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror barchamizni behad quvontirdi. 

Akademiyaning tashkil qilinishi yurtimizda islom dini nazariyasini chuqur egallagan, buyuk ajdodlarimizning bebaho ilmiy-ma’rifiy merosini teran o‘rgangan, diniy va dunyoviy ilmlar, xorijiy tillarni puxta o‘zlashtirgan har tomonlama yetuk mutaxassislar tayyorlash imkonini yaratadi. U yerda mashg‘ulotlar o‘tkazish, ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish jarayoniga O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti, Toshkent islom universiteti, O‘zbekiston Milliy universitetining professorlari, fan doktorlari va nomzodlari, shuningdek, xorijiy davlatlaridan islomshunos olim va mutaxassislar jalb etiladi. Akademiyada olib boriladigan ilmiy-tadqiqot ishlari natijalari asosida O‘zbekiston Islom ensiklopediyasi, buyuk ajdodlarimiz to‘g‘risida ilmiy-ommabop adabiyotlar, ilmiy-ma’rifiy kitoblar yaratiladi, ilmiy jurnal chop etilishi ko‘zda tutilgan. 

Bugungi kundagi tezkorlik, ochiqlik, erkinlik tamoyillariga asoslangan integratsiya jarayonlarining chuqurlashishi, o‘z navbatida, jamiyat barcha sohalarining shiddat bilan rivojlanishiga keng yo‘l ochmoqda. Bir tomondan yangi tashkil topgan davlatlardagi milliy va diniy o‘zlikni anglash jarayonlari kechayotgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, madaniyatlararo o‘zaro ta’sirlashish kuchayib, jamiyat sohalari doirasida global yaxlitlashish tendensiyasi vujudga kelmoqda. Ayni paytda, turli siyosiy kuchlar tomonidan diniy omildan g‘arazli maqsadlar yo‘lida foydalanishning yangi usul va vositalarining qo‘llanilishi diniy ekstremizm, xalqaro terrorizm muammolarining chuqurlashib borishiga olib kelmoqda. Shu jihatdan, ko‘p konfessiyali O‘zbekistonning global diniy makonda tutgan o‘rni va unga ta’sir etuvchi ob’ektiv va sub’ektiv omillarni aniqlash, mustaqillik yillarida diniy sohada amalga oshirilgan islohotlar hamda erishilgan yutuqlarni tahlil qilish, mazkur soha  rivojlanishining o‘ziga  xos  xususiyatlarini tadqiq etish muhim nazariy va amaliy ahamiyat kasb etadi.

Xususan, bugun Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev taklifi va tashabbusi asosida islom dini ravnaqi, unutilgan ulug‘ allomalarimiz hayoti va faoliyati, shuningdek, ularning nafaqat musulmon olami, balki butun dunyo xalqlari tan olgan asarlarini xalqimizga qaytarish, diniy bilimlarni teran o‘rganish imkonini beruvchi yangi bilim dargohlarini ochish, xorijiy mamlakatlar bilan turli sohalarda  keng aloqalar bog‘lash bo‘yicha ko‘plab xayrli va ezgu ishlar amalga oshirildi. Bu ishlarning barchasi ezgulikni ko‘zlab olib borilayotgan oqilona siyosat mahsulidir. 

Ma’lumki, din madaniy, ma’naviy insoniy qadriyatlarni saqlab qolish hamda avloddan avlodga yetkazishdagi roli beqiyosdir. O‘zbek xalqi hayotiga diniy qadriyatlar, islomiy tushunchalar chuqur singib ketgan. Yoshlarni dunyoviy bilimlar bilan bir qatorda Imom Buxoriy to‘plagan hadislar, Naqshbandiy ta’limoti, Termiziy o‘gitlari, Yassaviy hikmatlari asosida tarbiya qilish muhim ahamiyatga ega. Zero, allomalarning ilmiy-ma’naviy merosi o‘zbek millati, xalqi g‘ururiga g‘urur qo‘shib, ularning vorislari sifatida yagona xalq bo‘lib yashashida kuch-quvvat bag‘ishlaydi. 

Bugungi globallashuv sharoitida rang-barang, ba’zan bir-biriga mutlaqo zid dunyoqarashlar, siyosiy, milliy, diniy oqimlar, mazhab va sektalar o‘rtasidagi fikr talashuvlari goho bahs-munozara doirasidan chiqib qonli to‘qnashuvlar, ommaviy qirg‘inlarga sabab bo‘lmoqda, odamlar boshiga behisob qayg‘u-kulfatlar solmoqda. Islom dini esa turli xalqlar o‘rtasida muloqot  o‘rnatish, ularni ma’naviy va ruhiy jihatdan yaqinlashtirish, zulm va zo‘ravonlikka qarshi birgalikda kurashga da’vat etish borasidagi ahamiyati beqiyosdir. Shu bois bu haqda Yurtboshimiz Birlashgan Millat Tashkiloti Bosh assambleyasining 72-sessiyasida tarixda birinchilardan bo‘lib bong urdi. Yurtboshimizning O‘zbekistonning tinchlikni asrash, butun bashariyatni do‘stlik va birodarlikda yashashga da’vat etish, odamlarni oliy maqsadlar sari boshlashga qaratilgan fikr va mulohazalari, shubhasiz, millati, dini va tilidan qat’i nazar, jahondagi har bir insonda chuqur hurmat tuyg‘usini uyg‘otdi. 

So‘nggi paytda jamiyatimizda amalga oshirilgan tahlillar turli sohalar va darajalarda amalga oshirilayotgan tadbirlarga qaramay, jinoyatchilikning qisqarishi juda sekin ekani, asriy milliy ananalarimizga xilof ravishda bir oila a’zolari orasida kelishmovchiliklar hatto qotillik sodir etilishiga olib kelayotgani Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 17 noyabr kuni ichki ishlar organlari va tinchlik-osoyishtalikni ta’minlashda ishtirok etuvchi boshqa sohalari bilan uchrashuvda ta’lim-tarbiya ishlarida jumladan imom-xatiblarning ham faolligi va mas’uliyatini oshirishga chaqirdi.

Darhaqiqat, farzandlar – yurt kelajagi, ularning tarbiyasini ota-onalar, maktab va boshqa ta’lim muassasalari, huquq-tartibot organlari bilan bir qatorda diniy soha xodimlari ham ishtirok etishlari, odamlar orasida ko‘proq bo‘lishi ayni zaruratdir. Bu borada har birimiz davlatimiz rahbari aytganidek, qilayotgan ishimizga, avvalo, o‘zimizni ishontirsak, ta’lim-tarbiya tizimidagi o‘zgarishlar ham albatta yoshlarimizni buyuk ajdodlarimizga munosib bo‘lish, vatanparvarlik va odamiylik, mehnatsevarlik va ilmga chanqoqlik ruhida tarbiyalanishlarida katta natijalar beradi. 

Toir RO‘ZIYeV,

Navoiy viloyati bosh imom-xatibi.